Kelgusi besh yilda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM miqdori har yili 180 dollardan oshirib boriladi va 2800 dollarga yetkaziladi. Bu haqda 24 sentyabr kuni “O‘zbekistonning barqaror rivojlanishi” mavzusida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov ma'lumot berdi.
“Besh yilda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM miqdorini 2800 dollarga olib chiqmoqchimiz. Bu o‘tgan yil 1750, joriy yil 1900 dollar atrofida kutilmoqda. Bu o‘rta daromadli mamlakatlarning yuqori guruhiga kirish uchun zamin yaratadi”, – deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Shuningdek, u kelgusida davlat xususiy va xorijiy investitsiyalarga e'tibor qaratish kerakligi haqida gapirdi.
“Makroiqtisodiy barqarorlik ta'minlashda muhim narsani aytish lozim: oxirgi besh yilda davlat resurslari asosan iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, endi biz xususiy va xorijiy investitsiyalar rolini kuchaytirishimiz kerak. Bu yo‘nalishda BMTning rivojlanish dasturi bilan alohida loyihamiz bor. Bu loyihadan shunday xulosa oldikki, ko‘proq ijtimoiy sohada va infrastrukturada nafaqat davlat, balki xususiy sektor investitsiyasini, davlat-xususiy sherikchilik asosida katta loyihalarni qilish imkoniyatimiz bor. Eng asosiysi, barqarorlikni ta'minlashda davlat sekin-asta o‘z ishtirokini kamaytirib, xususiy sektorga rivojlanish uchun sharoit yaratishi kerak.
Oliy Majlisga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarni xususiylashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi muhokamaga kiritildi. Bunda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni uzoq muddatli ijaraga berish, uni bozor aktivi sifatida berish nazarda tutilgan”, – dedi u.
Avvalroq iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM miqdori va aholi daromadlari o‘rtasida farq borligini aytgandi.
“Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot tushunchasini aholi daromadlari bilan chalkashtirmaslik kerak. Hozir O‘zbekistonda YaIM nominal bo‘yicha 1750 dollar atrofida. O‘rtacha oylik ish haqi esa 2,6 million so‘m, Toshkent shahrida 4,2 million so‘m. Ikkala tushuncha o‘rtasida farq bor”, – degandi u.