Politsiyaga ham nazorat kerak. Kun.uz'da navbatdagi multfilm

Jamiyat 21:06 / 24.09.2021 29770

Ko‘plab tushunchalar bor, biz ularning asl mohiyatini deyarli unutganmiz – yuzaki tushunamiz. Buning zarari yo‘qdek tuyulishi mumkin, biroq, asli unutilgan mazkur tushunchalar atrofni to‘g‘ri anglashimizga to‘siq bo‘ladi.

Shu kabi tushunchalar toifasiga davlat tizimiga kiruvchi institutlar – xalq tomonidan ta’sis etilgan, xalqning ma’lum xizmatini qilishga safarbar etilgan davlat idoralari kiradi.

Fojia shundaki, biz ularning asl mohiyatini unutishimiz nafaqat o‘zimizga ta’sir etadi, balki... o‘sha idoralarga, ularning xodimlariga ham. Chunki biz – xalq ularning mohiyatini unutgan bo‘lsak, ular ham bizga qarab, tabiiyki, vazifalarining asl maqsadini unutib borishadi va shunga muvofiq ravishda, albatta, xatolar qilishni, noo‘rin tasarruflar qilishni boshlashadi. Shulardan biri – “politsiya” tushunchasi.

Politsiya – nima u?

Jamiyat o‘z ichida tartib saqlash maqsadida tartib saqlovchi tashkilotni ta’sis etadi va uning faoliyati uchun sharoit yaratadi, maosh bilan ta’minlaydi, binolar ajratadi. Uni politsiya deb nomlashadi. Politsiyaga jamiyat ma’lum vakolatlar beradi, chunki jamiyat tinchligiga raxna soluvchi hodisalar har bir jamiyatda yuz berib turadi va ularga qarshi kurashadigan vosita bo‘lishi kerak.

Biroq jamiyat mazkur tashkilot ustidan muttasil nazorat qilib turmasa, u o‘zini jamiyatdan mustaqil his qila boshlashi, ya’ni jamiyat uni ta’sis etganini, maosh bilan ta’minlayotganini unutib qo‘yib, tayog‘ini jamiyatning o‘ziga ishlatadigan bo‘lib qolishi mumkin. Chunki muntazam nazorat bo‘lmasa, berilgan katta vakolat darrov suiiste’mol qilinadi va vakolatni kim bergani unutiladi.

Qolaversa, jamiyat nazorati bo‘lmasa, politsiya noinsof mahalliy rahbarlarning qo‘lidagi o‘yinchoqqa – jamiyatga qarshi ishlatiladigan xavfli o‘yinchoqqa aylanib qolishi mumkin.  

Lo‘nda qilib aytadigan bo‘lsak, kimgadir qancha vakolat berilsa, shuncha miqdorda nazorat ham kerak.

Gap shundaki, politsiyaga berilgan vakolatlar ichida jamiyat tinchligini saqlash maqsadida kerak bo‘lsa kuch ishlatish vakolati va buning uchun kerakli ashyolar ham beriladi. Bu esa katta vakolat. Aynan shuning uchun ham jamiyat o‘zi ta’sis etgan bu kabi tashkilotlarning ustidan muttasil nazorat o‘rnatishi kerak – politsiya faoliyati hammaning ko‘z o‘ngida bo‘lishi, ya’ni shaffof bo‘lishi lozim.

Ko‘proq yangiliklar: