Ma'lum qilinishicha, Andrey Kubatinning nohaq qamalgani, qamoqxonada unga nisbatan amalga oshirilgan jismoniy qiynoqlar va ruhiy bosim, buning ortidan Kubatinning turmush o‘rtog‘i, farzandi, onasi va opasiga yetkazilgan ma'naviy zararni qoplash yuzasidan talab qilingan ma'naviy zarar uchun da'vo summasi 3,5 milliard so‘mni tashkil qilgan.
«Bu summa biz ko‘rgan zararlarni qoplash uchun juda kulgili. Buni advokatim Sergey Mayorov ham ta'kidladi. Bundan tashqari, da'vogarlar qatoridan meni va onamni chiqarib yuborishdi, biz akamning xotini va farzandidan tashqari alohida birinchi instansiyaga murojaat qilishimiz tavsiya qilindi.
Men sud qaroridan noroziman, endi Oliy sudga murojaat qilaman. Agar O‘zbekistonda adolatni tiklay olmasam, xalqaro sudlarga ham murojaat qilaman”, – dedi Kun.uz bilan gaplashgan Andrey Kubatinning opasi Klara Saxarova.
2021 yil yanvar oyida ham Andrey Kubatinning oilasiga yetkazilgan ma'naviy zararni qoplash yuzasidan sud jarayonlari bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda sudda advokatsiz qatnashgan marhumning yaqinlariga ma'naviy zarar undirish bo‘yicha da'vo rad etilgandi.
Sudda Toshkent shahar Moliya boshqarmasi vakili yetkazilgan ma'naviy zarar summasi davlat budjeti hisobidan emas, balki marhumga ma'naviy zarar yetishiga sabab bo‘lgan organlar, uni tergov qilgan tashkilotlar, prokuratura va ayblov hukmini chiqargan sudya tomonidan qoplanishi kerakligini aytgan.
Shuningdek, Klara Saxarova 2020 yilda O‘zbekiston harbiy sudiga ham 560 mln so‘m miqdorida moddiy zararni qoplash to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilgan. Sud esa 478 ming so‘m undirish to‘g‘risida qaror chiqargan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent davlat Sharqshunoslik institutining katta o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan turkolog olim Andrey Kubatin 2017 yili Jinoyat kodeksining 157-moddasida (Davlatga xoinlik qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda ayblanib, hibsga olingan edi.
“Chet el olimiga noyob kitoblarning skaner qilingan nusxalarini topshirgani” haqidagi ayblov xulosasi bilan olimga nisbatan o‘sha yili 11 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Apellyatsiyadan so‘ng bu muddat 5 yilga tushirildi.
Bu orada Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari va Kubatinni tanigan dunyodagi yirik boshqa olimlar bu ish uyushtirilganini aytib, prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qildi.
2019 yil 26 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida uning ishi qayta ko‘rib chiqilgan va olim to‘liq oqlanib, sud zalidan ozod etilgan.
Ikki yarim yillik qamoqdan so‘ng Kubatin 2019 yil dekabrdan buyon O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazida faoliyat yuritib keldi.
Andrey Kubatin va uning turmush o‘rtog‘i, olima Feruza Jumaniyozova Kun.uz'ga intervyu berib, suhbat davomida birgalikdagi hayotlarining ommaga ma'lum bo‘lmagan qirralari, ilm va olim tiynati, tarixchi olimni qiynagan muammolar, shuningdek, ilmiy faoliyatlari haqida so‘zlab berishgan edi.
Andrey Kubatin 2020 yil 29 oktabr kuni koronavirusdan xastalanib, shifoxonada vafot etdi.