Hozirgi kunda TMZ nafaqat ichki bozorda o‘z pozitsiyalarini mustahkamlash, balki tashqi savdoda ham tajriba orttirish, tashqi bozorlarni rivojlantirish bo‘yicha samarali faoliyat olib bormoqda.
Zavod ishlab chiqarayotgan rux va polimer qoplamali metall list mahsulotlariga bo‘lgan talab qo‘shni davlatlarda juda ham yuqori bo‘lib, ulardan asosan qurilishda qo‘llaniladigan profnastil, metall cherepitsa, havo ventilyatsiyasi elementlari, sendvich panel, bukilgan profil va yengil qurilish konstruksiyalari ishlab chiqarishda xomashyo sifatida foydalaniladi.
Shu yilning o‘zida TMZ mahsulotlarini Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Germaniyaga eksport amaliyotini boshladi, Tojikiston, Turkmaniston, Gruziya va Ozarboyjon davlatlari bilan muzokaralar olib borilmoqda va shu bilan birga Yevropa (Avstriya, Vengriya, Polsha va boshqa davlatlar) bozorlariga mahsulot eksport qilish bo‘yicha talablar va shart-sharoitlar o‘rganib chiqilmoqda.
2021 yil 16-18 sentyabr kunlari korxona hududida bo‘lib o‘tgan «TMZ hamkorlarining biznes uchrashuvi» uzoq muddatli tijorat shartnomalarining imzolanishida muhim ahamiyat kasb etdi.
Forumda Rossiya, Ukraina, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Birlashgan Arab Amirliklari va Germaniya kabi Osiyo va Yevropa davlatlaridan bir qancha yetakchi kompaniya vakillari ishtirok etishdi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad do‘stona uchrashuv bo‘lib, 2022 yilga mo‘ljallangan TMZ tashqi savdo faoliyatini mukammal yo‘lga qo‘yish, potensial hamkorlar bilan bo‘ladigan munosabatlarni rivojlantirish strategiyasini tuzish, shuningdek, yangi xorijiy iste'molchilar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatishdir.
Biznes seminarda mehmonlar diqqatiga korxonaning 2022-2023 yillar uchun ishlab chiqilgan taktik maqsad va vazifalari hamda tijorat va narx siyosati bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
Individual uchrashuvlar va muzokaralar davomida 2021 yildagi hamkorlik natijalari, shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri tijorat aloqalarini rivojlantirishning yangi vositalari va 2022-2023 yillardagi o‘zaro istiqbollari muhokama qilindi.
TMZ Bosh texnologi o‘rinbosari Sherzod Fozilov ayni paytdagi ishlab chiqarish jarayonlari va istiqbolli rejalar haqida fikr bildirdi:
«Zavodimiz dunyoning eng yirik metallurgiya uskunalari ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblangan Italiyaning «DANIELI» kompaniyasi tomonidan jihozlangan. Zamonaviy zavodning eng katta yutuqlaridan biri «Yashil texnologiya»lar asosida bunyod etilgani, ya'ni atrof-muhitga zarari minimal darajaga tushirilganidir. Zavod barcha chiqindilarni o‘z hududida qayta ishlaydi. Na havoga, na tuproqqa va na suvga zararli moddalarni tushirmaydi. Ko‘pchilik Yevropa davlatlari o‘zlari import qiladigan mahsulotlarning ekologik toza usulda ishlab chiqarilganiga katta urg‘u berishadi. Shu sabab chet davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlarni ishlab chiqarish jarayonlari bilan ham tanishtirdik. Xususan, Germaniyadan kelgan hamkorlar zavoddagi holat bilan tanishib, hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlashdi. Ishlab chiqarish jarayonlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, hamma texnologiyalar avtomatlashtirilgan va inson omili kamaytirilgan. Korxonaga kirib kelgan xomashyoning sifatini nazorat qilib, qabul qilishdan tortib, tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar avtomatlashtirilgan texnologiyalar va tizimlar orqali amalga oshiriladi».
TMZ sotuv bo‘limi boshlig‘i Rinat Gabitov eksport borasida qilinayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi:
«Hozirgi vaqtda zavodda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bozorlarida talab yuqori. Yillik ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning bir qismi ichki bozorga chiqarilsa, qolgan qismini chetga eksport qilish rejalashtirilgan. Zavodimiz yangi bo‘lgani sababli xalqaro hamkorlik istiqbollarini o‘rganish va yangi bozorlar topish maqsadida biznes forum tashkil qildik.
Rossiyadan tashrif buyurgan bir nechta savdo uylari vakillari, zavoddagi ishlab chiqarish jarayoni, mahsulotlarning sifati bilan batafsil tanishishdi. Yaqin kelajakda Rossiyadagi bu savdo uylari vositachiligida mahsulotlarimizni Yevropaning boshqa davlatlariga sotish ham ko‘zlanmoqda. Ular ham ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishishgandan so‘ng mahsulotlarni bevosita va hech qanday ikkilanishsiz reklama qila olishadi», deydi mutaxassis.
Toshkent metallurgiya zavodining tijorat masalalari bo‘yicha direktori Farrux Mirzaahmedov so‘zlariga ko‘ra, tadbir ishtirokchilari «TMZ hamkorlarining biznes uchrashuvi» do‘stona va samarali muhitda o‘tganini va bu formatdagi uchrashuvlar bugungi kunda juda zarur va dolzarbligi haqida o‘z fikrlarini bildirishgan. Sababi bu turdagi tadbirlar Toshkent metallurgiya zavodi bilan mijozlar va hamkorlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash va sheriklik munosabatlari o‘rnatishga ko‘maklashish imkonini beradi.
Biznes-seminardan so‘ng mehmonlar Toshkent shahri bo‘ylab sayohatga chiqishgan. Tadbirning so‘nggi kunida chet eldan kelgan mehmonlar Samarqand shahriga sayohat qilishgan. Shahar o‘zining tarixiy obidalari, qadimiy maqbara va madrasalari, diqqatga sazovor joylari bilan unutilmas taassurotlar qoldirgani mehmonlar tomonidan e'tirof etilgan.