Navbatdagi shunday tadbirlardan biri, “Maroqand neft bazasi” MChJ (keyingi o‘rinlarda – Jamiyat deb yuritiladi) va uning filiallarida o‘tkazildi. O‘rganish davomida Jamiyatning mas'ul mansabdor shaxslari tomonidan yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmasliklari, moliyaviy qonunchilikga rioya etilmasligi hamda tashkilotning moliyaviy holatiga befarqligi oqibatida jiddiy moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Masalan, Jamiyat va uning filiallariga “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan vaqtinchalik mas'ul saqlashga topshirilgan jami 23 mlrd 339 mln so‘mlik 3 219,0 tonna avtobenzin mahsulotlariga “xo‘jasizlarcha” munosabatda bo‘lib, belgilangan tartibda birja savdolari orqali sotib olinmasdan iste'molchilarga yuklab jo‘natib yuborilgan.
Buning natijasida yuzaga kelgan narx tafovutlari orqali Jamiyatga jami 2 mlrd 666 mln so‘mlik zarar yetkazilgan. Shuningdek, tovar-moddiy qiymatliklar, asosiy vositalar va neft mahsulotlaridan jami 844,5 mln so‘m miqdorida kamomadlar aniqlandi.
Ta'kidlash joizki ayrim mas'ullar tomonidan neft mahsulotlarining hisobini yuritish uchun mo‘ljallangan yoqilg‘i sig‘imlarining kalibrovka jadvallari atayin o‘zgartirilib kamomadlar yashirib kelingan.
Jumladan, Bulung‘ur filialining mas'ullari tomonidan 2020 yil 15 avgustdan 2021 yil 31 iyulgacha bo‘lgan davrdagi 2 000 kub metr sig‘imda saqlanib kelayotgan Ai-80 K2-L avtobenzin mahsuloti o‘lchash jarayonlarida mahsulotning ma'lum balandligi (sm) bo‘yicha hajm (litr) qoldiqlari noto‘g‘ri ko‘rsatilib kelinganligi natijasida, hisobot davri yakunlariga ko‘ra o‘tkazib kelingan xatlovlar xatolik bilan o‘tkazilgan, natijada 145 785 litrdan 750 918 litrgacha nomutanosibliklar xatlovlarda yashirib kelingan.
Neft mahsulotlarining saqlanishi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlarda Jamiyatning Bulung‘ur filialida olib borilgan xatlovlar natijasida 308,6 mln so‘mlik 41 296 kg Ai-80 K2-L avtobenzini ortiqcha ekanligi aniqlandi.
Bundan tashqari, neft mahsulotlarini asossiz ravishda hisobdan chiqarish va ish xaqidan bo‘lgan qarzdorliklar bo‘yicha jami 453,4 mln so‘m miqdorida moliyaviy xato-kamchiliklar aniqlandi.
Jamiyat filiallari avtoxo‘jaligining mexaniklari va haydovchilari tomonidan jami 148,6 mln so‘mlik 24223 litr neft mahsulotlari asossiz ravishda hisobdan chiqarilgan. Masalan, Jamiyat avtoxo‘jaligi mexanigi va haydovchilari o‘rtasidagi kelishuv natijasida aslida gaz yoqilg‘isi bilan harakatlanishda bo‘lgan yuk avtomashinasiga haqiqatda bajarilmagan qatnovlar bo‘yicha yo‘l varaqalari rasmiylashtirilib, jami 18933 litr 117,1 mln so‘mlik benzin yoqilg‘isi mahsuloti noqonuniy hisobdan chiqarilgan.
Jamiyat va uning filiallarining 2021 yilning 1 sentabr holatiga 33 mlrd 384 mln so‘m bo‘lib, shundan muddati o‘tib ketgan debitorlik qarzdorligi 19 mlrd 843 mln so‘mni hamda bugungi kunda undirish “umidsiz” (korxonalar yopilishi, da'vo muddatlarining o‘tishi va hokazo) bo‘lgan qarzdorlik summasi 14 mlrd 234 mln so‘mni tashkil etmoqda.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, aniqlangan holatlarni bartaraf etish, xatolikka yo‘l qo‘ygan shaxslarga tegishli choralar ko‘rish, shuningdek, istiqbolda bunday salbiy holatlarga yo‘l qo‘yilishini oldini olish maqsadida amaliy takliflar va tavsiyalar berildi. Aniqlangan hato-kamchiliklarga huquqiy baho berish maqsadida ma'lumotlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etildi.
O‘tkazilgan o‘rganishlar aniqlangan xato-kamchiliklarni bartaraf etish, ularni kelgusida yo‘l qo‘yilishini oldini olish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJning tegishli departamentlari va neft baza jamoasi ishtirokida “Maroqand neft bazasi” MChJda kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilish davomida xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan jami “Maroqand neft bazasi” MChJning 11 nafar mas'ul mansabdor shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi, 6 nafar xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi, shuningdek, xatoliklarni bartaraf qilish, kelgusida yo‘l qo‘ymaslik, tegishli huquqiy baho berish va talon-tarojliklarni kamaytirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ