Qashqadaryoda 31 nafar o‘quvchida koronavirus aniqlanib, maktab karantinga yopildi. Ammo SSV hisobotida ular ko‘rsatilmadi

O‘zbekiston 18:03 / 17.09.2021 1673

Ma'lum bo‘lishicha, Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani Qatag‘on qishlog‘ida joylashgan 5-maktabning 31 nafar o‘quvchisida koronavirus aniqlangan.

Orif Meyliyevning aytishicha, Qatag‘on qishlog‘ida yashovchi oilalardan birining barcha a'zolarida koronavirus aniqlangan. Shu sababli qishloq maktabida mazkur oila farzandlari o‘qiydigan sinf o‘quvchilaridan ham testlar olingan. Tekshirishlar davomida test olingan sinflarning har birida 4-5 nafardan o‘quvchi koronavirus yuqtirgani ma'lum bo‘lgan.

Shundan so‘ng 5-maktabdagi barcha o‘qituvchi va o‘quvchilardan testlar olingan. Tekshirish davomida jami oltita sinfda 31 nafar o‘quvchida kasallik aniqlangan. O‘qituvchilar avvalroq vaksina olgani uchun ularda koronavirus yuqtirish holati uchramagan.

«Kasallikka chalinish holati yanada ko‘paymasin deb, 15 sentyabrdan ta'lim jarayonlari to‘xtatildi va 29 sentyabrgacha 5-maktab ikki haftalik karantinga yopildi», deydi Orif Meyliyev.

Yakkabog‘dagi 5-maktabda 31 nafar o‘quvchida koronavirus aniqlanishi SSV har kuni e'lon qilib borayotgan kasallikka chalinish haqidagi hiobotning to‘g‘ri olib borilayotganiga biroz shubha tug‘diradi.

Masalan, SSV hisobotida Qashqadaryoda 13 sentyabrda 9 kishi, 14 sentyabrda 10 kishi, 15 sentyabrda 7 kishi, 16 sentyabrda 10 kishi kasallikka chalingani ko‘rsatilgan. 15 sentabr kunida Yakkabog‘da 31 nafar o‘quvchi kasallikka chalingani aniqlangani va o‘sha kundan 5-maktab karantinga yopilganini inobatga olsak, SSV tomonidan 15 yoki 16 sentabr kunlarida berilgan hisobotda Yakkabog‘da kasallikka chalingan o‘quvchilar kiritilmagani oydinlashadi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda mamlakat bo‘ylab koronavirusga chalinish holatlari biroz ko‘paymoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi 13 sentabr holatiga ko‘ra 531 kishida, 14 sentabr holatiga ko‘ra 604 kishida, 15 sentabr holatiga ko‘ra 619 kishida, 16 sentabr holatiga ko‘ra 624 kishida kasallik aniqlanganini ma'lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: