«Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish jarayonlarini samarali tashkil etishning qo‘shimcha choralari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining markaziy apparati tuzilmasida, O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari hamda budjet tizimi budjetlari hisobidan moliyalashtiriladigan dasturlarga muvofiq qiymati 10 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan obektlarni qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlarini ko‘rib chiqish vakolatiga ega loyiha ofisi tashkil etiladi.
Shuningdek, quyidagi tartiblar o‘rnatiladi:
- 2025 yil 1 yanvardan loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish va obektlarni foydalanishga qabul qilishda qurilish xarajatlarni baholashning «hajm» uslubiga (hajm va sifat ko‘rsatkichlarini hisobga olishga) o‘tiladi;
- 2024 yil 1 iyuldan obektlarning smeta qiymati «Qurilish resurslari milliy klassifikatori» elektron platformasi ma’lumotlari asosida shakllantiriladi;
- 2024 yil 1 oktyabrdan qurilishi tugallangan obektlarni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtirilgan holda, «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimining «Qurilishda davlat nazorati» elektron platformasi orqali rasmiylashtiriladi.