Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlardagi yirik guruhlarda xorijdan avtotransport vositalarini O‘zbekistonga olib kirish uchun o‘rnatilgan davlat bojlari bekor qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Muhokamalarda davlat bojlari bekor qilinishiga sabab sifatida «UzAuto Motors» avtomobillarning narxlarini tushirish va sifatini yaxshilash bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni bajarmagani ko‘rsatilgan.
Holatga izoh olish uchun Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati bilan bog‘landik. Qo‘mita mas'ullari bu boradagi ishlar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan muvofiqlashtirilishini ma'lum qildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, ayni paytda avtomobil ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo va materiallarni olib kirish bo‘yicha bojxona to‘lovlari stavkalarini kamaytirishga qaratilgan hujjat ustida ishlar olib borilmoqda.
Vazirlik xorijdan aynan avtotransport vositalarini olib kirishda bojxona to‘lovlarini kamaytirish masalasi ko‘rilayotgani haqidagi savolni ochiq qoldirdi.
Davlat bojxona qo‘mitasining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, O‘zbekistonga xorijdan avtotransport vositalarini olib kirish 2018 yil 29 iyunda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori asosida tartibga solinadi.
Qaror bilan tasdiqlangan ilovalarda import bojxona bojlari stavkalari avtotransport vositasining dvigatel hajmi va ot kuchiga qarab farq qiladi. Ushbu bojlar 2019 yil 1 yanvardan amalga kiritilgan. Ta'kidlab o‘tish joizki, hujjatda ko‘rsatilgan import bojxona stavkalari negadir davlat tilida emas, rus tilida berilgan.
Eslatib o‘tamiz, bunga qadar O‘zbekiston avtomobil sanoatidagi monopoliya davlat rahbari tomonidan ham, deputatlar, jurnalist va blogerlar, shuningdek keng jamoatchilik tomonidan ham muntazam tanqid qilib kelinadi.
Xususan, o‘tgan oyda tadbirkorlar bilan uchrashuv chog‘ida Shavkat Mirziyoyev Asaka avtozavodi haqida ham to‘xtalib o‘tgan: «Ko‘p yillar Andijonda zavodimiz bor, deb faxrlanib yurdik. Soliqlardan ozod qildik, imtiyozlar berdik. Lekin u zavod xalqimizga manfaat keltirmadi. Eksportdagi o‘zimizning avtomobil ichki bozorimizdan arzon sotildi. Endi bu muammolarni bartaraf qilyapmiz,” – degan edi prezident.
Hatto joriy yilning mart oyida «UzAuto Motors» AJning Transport tashuvlari boshqarmasi haydovchi xodimlari maoshi sezilarli kamayganidan norozi haydovchilar Asakadagi korxonaning avtoturargohida yig‘ilib, norozilik bildirgan edi.
O‘zavtosanoat monopoliyasidan eng ko‘p norozilik 2020 yil davomida yuz bergan. Dastlab Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlari kompaniya rahbariyati vakillari bilan uchrashuvda o‘z e'tirozlarini bildirishgan edi.
Keyinroq, Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi avtomashinalar narxi oshishini keskin qoraladi va "UzAuto Motors"ni monopoliyada aybladi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ham «UzAuto Motors» AJ avtomobillari narxi oshirilishi yuzasidan keskin munosabat bildirib, iste'molchilar huquqlari kamsitib kelinayotganini ta'kidlagan edi.
Bundan tashqari, 2020 yilda «monopol yuqori narx qo‘llangani» borasida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va «UzAuto Motors» AJ kompaniyasi o‘rtasida bir necha marta sud majlislari bo‘lib o‘tgan. Oqibatda, 2020 yil 18 dekabr kuni Toshkent shahar ma'muriy sudi apellyatsiya bosqichi sudlov hay'ati O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirgan edi.
Bundan tashqari, yaqinda Toshkent shahrida avtosanoat monopoliyasi va uzun navbatlarga bag‘ishlangan strit-art paydo bo‘ldi. Keyinchalik u noma'lum shaxslar tomonidan o‘chirib yuborildi.