Joriy yilda tadbirkorlik sub'yektlariga 9 trilliondan ziyod QQS qaytarilgan

Iqtisodiyot 11:36 / 14.09.2021 11500

Joriy yilning dastlabki 7 oyida QQS to‘lovchilari tomonidan tovar (xizmat)larni realizatsiya qilishdan davlat budjetiga jami 14,2 trln so‘m kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning yanvar-iyul oylarida 9,9 trln so‘mni tashkil qilgan. Joriy yilning mos davrida QQS to‘lovchilari tomonidan budjetga tushumlar 4,3 trln so‘mga ko‘paygan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, (VM-489-son qarori 14.08.2020 y.) tadbirkorlik sub'yektlari QQS salbiy farq summalarini tezlashtirilgan (7 kun ichida) hamda umumiy tartibda (60 kun ichida) qaytarib olishlari mumkin.

Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida tadbirkorlik sub'yektlarining 9,8 mingta murojaati bo‘yicha 9 trln so‘m (shundan eksportyorlarga 3 trln so‘m) mablag‘ qaytarib berilgan.

Shuningdek, Soliq qo‘mitasi tomonidan tahlika-tahlil dasturi orqali soliq to‘lamaslik xavf darajasi yuqori bo‘lgan 802ta «shubhali» korxonalar ro‘yxati shakllantirilgan.

Ushbu «shubhali» korxonalar bilan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirgan korxonalar asossiz hisobga olingan QQS summasini qaytarib olishga urinishi holatlari kuzatilayotgani aytib o‘tilgan.

Avvalroq, «Qo‘shilgan qiymat solig‘i ma'muriyatchiligini takomillashtirish to‘g‘risida»gi prezident qaroriga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy summasini qoplash (qaytarish) uchun soliq organlariga ariza bilan alohida murojaat qilish haqidagi majburiy talab bekor qilingandi. Shuningdek, soliq to‘lovchiga tegishli davr uchun hisobotni topshirishda soliq organlarini xabardor etgan holda QQS salbiy summasini qoplash (qaytarish) talabini bildirish huquqi berilishi ko‘zda tutilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ham o‘z saylovoldi dasturida QQS stavkasi 2023 yildan boshlab 15 foizdan 12 foizga tushirilishi haqida aytib o‘tdi.

Ko‘proq yangiliklar: