O‘zbekiston | 19:38 / 13.09.2021
28262
3 daqiqa o‘qiladi

Uy egasi va talaba o‘rtasida ijara shartnomasi qanday tuziladi?

Ijara shartnomasi ijarachi va ijarada turuvchi o‘rtasida tuziladi. Shartnoma tuzilgach, soliq organlaridan ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Mol-mulk solig‘i fuqaroni ijaraga qo‘yuvchi tomonidan har oyning o‘n beshinchi sanasigacha to‘lanishi belgilangan. Bunda ko‘chmas mulkni ijaraga olgan talabaga soliq to‘lash majburiyati yuklatilmagan.

Prezident farmoniga ko‘ra, 2021 yil 1 maydan yotoqxona bilan qamrab olinmagan davlat oliy ta'lim muassasalari talabalarining 60 foiziga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi davlat budjeti hisobidan qoplab berilishi belgilab qo‘yilgan. Davlat soliq qo‘mitasi davlat soliq bosh inspektori Sanjar Xayriddinovning Xpress.uz’ga ma'lum qilishicha, bunda talaba ijara shartnomasi va soliq organlarida ijara shartnomasi ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi bildirishnomaning o‘zini oliy ta'lim muassasasiga taqdim etishi lozim.

Shuningdek, Sanjar Xayriddinov ijara shartnomasini tuzish tartibi va bildirishnomani olish usullari haqida ham ma'lumot bergan.

Unga ko‘ra, prezident qaroriga asosan jismoniy shaxslar o‘rtasida tuzilgan ijara shartnomalarini ro‘yxatga olish soliq organlari zimmasiga yuklatilgan. Shunga ko‘ra, ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqilgan. Nizomga uy-joyni ijaraga berish shartnomasi va ko‘chmas-mulk ijara shartnomasini majburiy hisobda ijaraga qo‘yish haqida so‘rovnoma ilova qilingan. Fuqarolar shu yerdan shartnomani yuklab olib, to‘ldirib, keyin soliq organiga taqdim etishlari mumkin. Shartnoma soliq organi tomonidan ro‘yxatga olingach, fuqaroga bildirishnoma taqdim etiladi.

Shu bilan birga, ijara shartnomasini hisobga qo‘yish elektron tarzda mysoliq.uz sayti orqali ham amalga oshiriladi. Bunda jismoniy shaxs o‘zining elektron raqamli imzosidan foydalangan holda ko‘chmas mulk ijara shartnomlarini ro‘yxatga olish xizmatlariga kirib, kerakli satrlarni to‘ldiradi. Shundan keyin jo‘natish tugmasini bosadi va ushbu ijara shartnomasi soliq organiga yuboriladi. Keyin soliq organidan bildirishnoma yuboriladi. Shuningdek, fuqarolar soliq axborot xizmatlariga murojaat qilib ham ijara shartnomasi tuzish tartibini bilib olishlari mumkin.

“Ijara shartnomasida ijaraga olinayotgan turar joy necha kvadrat metrni tashkil etayotganligi, ijara puli miqdori, ijarachi va ijarada turuvchi ism-familiyasi va ular to‘g‘risidagi ma'lumotlar to‘liq aks etishi kerak. Ko‘chmas mulkini ijaraga berib, daromad olgan jismoniy shaxs olgan daromadidan belgilangan tartibda soliq organlariga har oyning 15-sanasidan kechiktirmasdan, daromad solig‘ini to‘lab borishi kerak. Bunda ko‘chmas mulkni ijaraga olgan talabaga soliq to‘lash majburiyati yuklatilmagan”, – deya ma'lum qilgan Sanjar Xayriddinov.

Mavzuga oid