Toshkentda «Malika» savdo majmuasi oldida sotuvchilar o‘rtasida pichoqbozlik yuz berishi oqibatida bir kishi vafot etdi

Jamiyat 12:29 / 13.09.2021 47901

12 sentabr kuni Toshkentdagi «Malika» savdo majmuasi oldida pichoqbozlik bo‘lgani haqida video tarqaldi. Poytaxt IIBB holat yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, 12 sentabr kuni taxminan soat 12:00 larda Shayxontohur tumani KXAY va Labzak ko‘chalari kesishmasi yonida joylashgan kafe oldida «Malika» savdo majmuasida telefon savdosi bilan shug‘ullanuvchi bir necha fuqarolar o‘rtasida janjal yuzaga kelgan.

Janjal oqibatida 1977 yilda tug‘ilgan T.B. ko‘krak qafasi sohasida sanchilib kesilgan jarohatlari bilan vafot etgan. Shuningdek, 1988 yilda tug‘ilgan M.A. bir necha joyidan sanchilib kesilgan jarohatlari bilan tibbiyot muassasasiga olib borilgan.

«Jinoyatni sodir etishda gumonlanayotganlarni aniqlash, shuningdek jinoyat guvohlari bilan tergov harakatlarini amalga oshirish uchun janjalda ishtirok etgan barcha shaxslar ichki ishlar bo‘limiga olib borilgan. Ushbu shaxslarni ichki ishlar bo‘limiga olib borish jarayoni aks etgan video, shuningdek, voqea joyini o‘rab olib, ko‘zdan kechirish jarayoni aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan»,  deyiladi xabarda.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: