Qashqadaryoda mast haydovchi YHX inspektorini pichoqlab qochdi. Inspektor vafot etgan

Jamiyat 13:12 / 09.07.2024 44641

Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida mast holatdagi haydovchi YHX inspektorini pichoqladi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, holat joriy yilning 8 iyul kuni Ko‘kdala tumani IIB yo‘l patrul bo‘linmasi inspektori mast holda bo‘lgan haydovchiga nisbatan xujjatlarni rasmiylashtirayotgan vaqtida sodir bo‘lgan. Haydovchi yo‘l patrul inspektorini pichoqlab, voqea joyidan qochib ketgan. Inspektor shifoxonada vafot etgan. Haydovchi bir necha soatdan so‘ng ushlangan.

Kun.uz holat yuzasidan IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov bilan bog‘landi. Uning ma’lum qilishicha, 8 iyul kuni soat taxminan 19:00lar atrofida Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani IIB tezkor xodimi tumanning Toqchi qishlog‘i hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lida davlat raqami 70 G 364 PA Lacetti mashinasi yuqori tezlikda, harakat ishtirokchilariga xavf solgan holda harakatlanib ketayotganligini aniqlagan. U tezkorlik bilan chora ko‘rish maqsadida tuman YHXBga xabar bergan.

Shu yo‘nalishda xizmat olib borayotgan tuman IIB YHXB inspektori katta serjant Elbek Primov tomonidan ushbu mashina to‘xtatilib, tekshirilgan. Jarayonda haydovchi, 1966 yilda tug‘ilgan fuqaro S.B. mast ekanligi ayon bo‘lgan. U mashinadan tushib qochishga uringan hamda uni ta’qib qilgan inspektor bilan olisha ketgan. Shu vaqtda haydovchi yonida bo‘lgan oshxona pichog‘ini inspektorga bir necha bor urib, jarohat yetkazgan hamda voqea joyidan yashiringan.

Katta serjant Elbek Primov shifoxonaga yetkazilgan. Ammo ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan yetkazilgan og‘ir jarohatlar ortidan ko‘p qon yo‘qotish oqibatida vafot etgan.

Amalga oshirilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida jinoyat sodir etgan fuqaro Ko‘kdala tumani hududida hibsga olingan. Xozirda holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2 qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, burchini bajarish vaqtida xalok bo‘lgan xodimning oilasi va yaqinlariga ko‘mak berish hamda vafot etgan xodimning ijtimoiy himoyasini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: