Samarqandda Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy to‘g‘risida badiiy film suratga olinadi

Jamiyat 14:37 / 13.09.2021 422

Samarqandda Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy to‘g‘risida badiiy film suratga olinadi. Bu haqda viloyat Turizm va sport boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga oliy darajadagi tashrifi davomida Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy do‘stligi haqida hamkorlikda badiiy film suratga olish taklifi ikki davlat rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Joriy yil 12 sentabr kuni mazkur kinoloyihani amalga oshirish maqsadida Tojikiston kinoijodkorlaridan iborat delegatsiya Samarqand shahriga tashrif buyurgan.

Tashrif davomida Samarqand davlat universitetida tarixchi olimlar, kinoijodkorlar va navoiyshunos olimlardan iborat professor-o‘qituvchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Uchrashuvda filmni suratga olishda shoirlar hayotida muhim o‘rin tutgan ma'lum manzillarni e'tiborga olish taklifi bildirilgan.

Shundan so‘ng tojikistonlik mehmonlar film suratga olish uchun ma'qul lokatsiyalarni o‘rganib chiqishgan. Qayd etilishicha, mazkur film efirga uzatilishi Samarqandga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimining oshishiga xizmat qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: