O‘zbekistonda kambag‘allar sonini hisoblash tartibi ma'lum qilindi

Iqtisodiyot 18:39 / 13.09.2021 15633

Avgust oyida “Minimal iste'mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibini amaliyotga joriy etish to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, minimal iste'mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik mezoni (yoki chegarasi) sifatida foydalaniladigan bo‘ldi.

Kun.uz iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Ilhom Norqulovga O‘zbekistonda kambag‘allar soniga oid savol bilan murojaat qildi.

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, kam ta'minlangan va MIXdan kam daromad topayotgan oilalar ro‘yxati shakllantirilgach, kambag‘allar soni hisoblab chiqiladi.

“Yil yakuniga borib bu yilda 10 mingdan ortiq uy xo‘jaliklarida amalga oshiriladigan so‘rovnomalardan kelib chiqib rasmiy minimal iste'mol xarajatlari qiymati joriy etiladi. Bu kambag‘allik chizig‘i sifatida ishlatiladi.

Kambag‘allik darajasi to‘g‘risidagi raqamlarga keladigan bo‘lsak, so‘rovlar natijasida bu ham e'lon qilinadi. Birma-bir har bitta odam hisoblab chiqilmaydi. Lekin 2022 yildan minimal iste'mol xarajatlari me'yori yagona ijtimoiy reyestrga integratsiya qilinadi. Fuqarolar unga onlayn ariza beradi. Kam ta'minlangan yoki minimal iste'mol xarajatidan kam daromad topayotgan oilalar ro‘yxati shakllantirilgandan keyin kambag‘allar sonini hisoblash imkoniyati bo‘ladi.

Bu ikki xil metod asosida bo‘ladi: umumiy so‘rovdan kelib chiqib hisob-kitob qilinadi va kambag‘allar sonini ijtimoiy reyestr orqali 2022 yilda hisoblash imkoni bo‘ladi. Lekin bu uchun mana shu yildagi so‘rovnomalarni tugatishimiz kerak”, – dedi Ilhom Norqulov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi 2020 yilning may oyida ishga tushirilgan edi.

Ushbu tizim keng joriy etilishi bilan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va to‘lash bo‘yicha byurokratik bosqichlar bekor qilinishi aytilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: