Farg‘onada ikki guruh ishtirokidagi janjal to‘xtatib qolindi. Voqea joyida pichoq va qilichlar topilgan

Jamiyat 16:38 / 13.09.2021 33846

Joriy yilning 18 iyun kuni Farg‘ona shahrida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi ikki mashina egalarining katta janjaliga sabab bo‘lgan. Ichki ishlar vazirligi tomonidan tayyorlangan «Kriminal» ko‘rsatuvida ma'lum qilinishicha, YTHdan so‘ng ikki mashina egalarining tarafdorlaridan iborat 20 nafarga yaqin yosh yigitlar Farg‘ona shahrida joylashgan «Taraqqiyot 2021» korxonasi hovlisida to‘plangan.

Janjal boshlangan vaqtda barcha ishtirokchilar IIV, DXX va Milliy gvardiya organlarning maxsus kuchlari tomonidan qo‘lga olinadi. Voqea joyidan pichoq va qilichlar, tan jarohati yetkazishi mumkin bo‘lgan o‘tkir tig‘li jismlar va giyohvandlik vositalari topilgan.

Ma'lum qilinishicha, ushbu janjal ishtirokchilarining asosiy qismi yosh va baquvvat yigitlar bo‘lgan. Ularning 8 nafari protsessual tartibda ushlangan, 9 nafari 15 sutkalik ma'muriy qamoqqa olingan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ichki ishlar vazirligi, shuningdek, sportchilarni o‘z kuchlarini ko‘chada ko‘rsatish orqali qonunlarni buzishdan tiyilishga chaqirdi.

IIV matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, 2021 yilning 7 oyida davomida IIV tomonidan olib borilgan tadbirlar davomida sovuq qurol yoki sovuq qurol sifatida baholanishi mumkin bo‘lgan 13 422 ta pichoq, 147 ta kastet-suriken, 281 ta to‘qmoq-bita, 331 ta boshqa xavfli buyumlarni olib yurgan shaxslar aniqlangan.

So‘nggi vaqtlarda fuqarolar o‘rtasida muammolarini «ko‘cha qonunlari» asosida, kuch bilan hal qilish va samosud holatlari haqidagi xabarlar ko‘paymoqda.

Xususan, 12 sentabr kuni Toshkent shahridagi «Malika» savdo majmuasi yaqinida pichoqbozlik sodir bo‘ldi. Natijada bir kishi vafot etgan, yana bir kishi jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Joriy yilning 17 avgust kuni Qarshi shahri markazida sport murabbiyi Elbek Rahimov bir guruh fuqarolar tomonidan kaltaklanib, o‘ldirilib ketishi ham katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: