Tadbirkorlarga soliq imtiyozlari, eksport borasida yangiliklar - hafta iqtisodiy dayjesti

Iqtisodiyot 18:03 / 12.09.2021 11787

Eksportchi korxonalarga yengilliklar berildi

“Eksportchi korxonalarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni qabul qilindi.

Unga muvofiq, yillik eksport hajmi 20 million dollardan oshgan korxonalarga bir martalik moliyaviy resurslar 5 mln dollar miqdorida taqdim etiladi. Ayrim korxonalarga bojxona to‘lovlarini 120 kungacha kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi. Ayrim mahsulotlar importida milliy sertifikat olish tartibi bekor qilinadi.

«Fuqarolar tashabbusi» jamg‘armasiga hammasi bo‘lib 292,2 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirildi

Tashabbusli budjetga aholi tomonidan yuborilgan tashabbuslarga ovoz berish yakunlandi, 205ta tuman va shaharda jami 881ta taklif g‘olib deb topildi.

Fuqarolar yuborgan tashabbuslarni moliyalashtirish uchun 292 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi.

Tashabbusli budjet: Chilonzor tuman hokimligiga oshxona qurish uchun 1 mlrd so‘m tashabbusi muhokamalarga sabab bo‘ldi

Toshkent shahar Chilonzor tuman hokimligiga oshxona qurish uchun 999 mln so‘m pul ajratish taklifi “Tashabbusli budjet” loyihasida g‘olib chiqdi. Mavzu ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlarni keltirib chiqardi va bu tashabbus uchun pul ajratilmaydigan bo‘ldi.

Moliya vazirligi tashabbuslar ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqib moliyalashtirilishini ma'lum qildi.

Avgustda biznesning inflyatsion kutilmalari oshdi

Avgustda aholining inflatsiya bo‘yicha kutilmalari 16 foiz, biznesning kutilmalari esa 16,1 foizni tashkil etgan. Iyul oyida esa bu ko‘rsatkich, biznesda 14,9 foiz, aholida esa 16,1 foiz bo‘lgan.

Bunda bevosita iyul oyida aholi sezgan inflatsiya 16,4 foiz, biznes sezgan inflatsiya esa 15,9 foiz bo‘lganini ta'kidlash joiz.

O‘zbekistonda tabiiy monopoliyalar soni bittaga kamaydi

1 avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi tabiiy monopol korxonalar soni 129tani tashkil qilmoqda. Farg‘onadagi “Qo‘qon issiqlik energo” MChJ reyestrdan chiqarildi.

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

9 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Joriy yilning o‘tgan 8 oyida mamlakatda iqtisodiy faollikning jadallashishi davom etib, aksariyat tarmoqlarda o‘sish ko‘rsatkichlari pandemiyagacha bo‘lgan darajaga yetgan.

Yoz oylarida meva-sabzavotlar narxi va inflatsiya kutilgan darajada pasaymadi

2021 yilning avgust oyi yakunlari bo‘yicha yillik inflatsiya uch-to‘rt oydan buyon deyarli o‘zgarishsiz qolib 11,1 foiz darajasida – bazaviy prognoz ko‘rsatkichlaridan biroz yuqori shakllanmoqda.

Avgust oyi yakunlari bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining yillik o‘sishi 15,5 foizni tashkil etib, umumiy inflatsiyaga eng asosiy oshiruvchi hissa qo‘shdi. Ta'kidlash joizki, yoz oylarida meva va sabzavotlar narxlari hamda oylik inflatsiya ko‘rsatkichlarida kutilganidek mavsumiy pasayish sur'atlari kuzatilmadi.

Tadbirkorlarga soliqlar bo‘yicha yengilliklar beriladi

Prezidentning “Soliq majburiyatlarini bajarishda tadbirkorlik sub'yektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2022 yildan boshlab kameral soliq tekshiruvlarda aniqlangan kamchiliklar uchun jarima qo‘llanmaydi, soliq hisobotlarini kechiktirganlik uchun sanksiyalar ham bekor qilinadi. Xorazmda huquqiy eksperiment o‘tkazilib, tadbirkorlarning to‘rtta turdagi soliq hisobotlarini soliq organlari hisoblab beradi.

Ko‘proq yangiliklar: