Hisobchilikdan - payvandchilikkacha: hayot sinovlarini yengib o‘tgan nogiron sportchi hikoyasi

Jamiyat 15:00 / 12.09.2021 24076

U Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida yashaydi. II guruh nogironi bo‘lgan Azizbekning ayni paytdagi kasbi payvandlovchi mutaxassis, lekin u sport murabbiyi ham, bo‘sh vaqtlarida esa haydovchilik ham qiladi.

Azizbekni zamonamizning chinakam qahramoni deyish mumkin. Hayot uni jiddiy sinovlarga ro‘baru qilgan bo‘lsa-da, u kurashdan to‘xtamagan. Ayni paytda Azizbek o‘zining payvandlash ustaxonasida turli buyumlar yasab sotadi.

Bir yarim yoshligida mash'um voqea ro‘y bergan. Azizbek u kunlarni eslay ham olmaydi.

«Qish faslida sandal o‘ti yangilangan, men uxlab yotgan paytimda noxos uning ichiga dumalab tushib ketganman. Jiddiy kuyish bo‘lgani sababli oyoqlarimni kesib tashlashgan ekan. O‘shandan buyon II guruh nogironiman. Odatda protez taqib yuraman.

Maxsus nogironlar maktabiga bormaganman. Mahalladagi tengqurlarim bilan maktabga qatnaganman. 1-sinfdan boshlab tumandagi 25-maktabda tahsil oldim. Bu yerda 6-sinfgacha o‘qigach, 7-9-sinflar uchun iqtidorli bolalar litseyida o‘qishni davom ettirdim.

Shundan so‘ng Marg‘ilon iqtisodiyot kollejida o‘qidim. Otam rahmatli «seni buxgalteriya sohasida o‘qitaman», derdi. Otamning ra'yiga qarshi bormay, buxgalteriya sohasini tamomladim.

Buxgalteriya sohasida ishlashimga ko‘zim yetmadi. Shunday qilib boshqa kasbga o‘zimni yo‘naltirib ko‘rdim. Qarangki, bu kasb payvandlovchilik bo‘ldi.

Rahmatli otam issiqxona qurgan vaqtda uyimizga ustalar kelgandi. Ularning issiqxona qurish jarayonini kuzatib turib, payvandlash ishiga qiziqib qoldim», deydi u.

Sport sohasidagi yutuqlari

Azizbek yadro, disk, nayza uloqtirish, armrestling, pauerlifting (tosh ko‘tarish), to‘pponchadan o‘q uzish kabi sport turlari bilan shug‘ullanadi. Xalqaro musobaqalar sovrindori bo‘lgan. Hozir o‘zi musobaqalarda qatnashish bilan birga, murabbiylik ham qilmoqda.

«Nogiron bo‘lsam-da sog‘lom do‘stlarimiz bilan futbol o‘ynab, sport to‘garaklariga borganim uchun ham har jabhada yetti muchasi sog‘ bolalardan o‘zimni kam deb bilmaganman.

2010 yil Kuvaytda bo‘lib o‘tgan Osiyo gran-prisida yadro uloqtirish bo‘yicha 3-o‘rinni qo‘lga kiritdim. Armrestling yo‘nalishi bo‘yicha 2011 yil jahon chempionatida 5-o‘rinni egallaganman. Osiyo chempionatida bu yo‘nalishda 2 marta 2-o‘rinni qo‘lga kiritganman. Pauerlifting yo‘nalishi bo‘yicha Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 2 marta faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdim.

Og‘ir atletika yo‘nalishida 57 kg vaznda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan musobaqada 2-o‘rinni qayd etganman. Pistoletdan o‘q otishda ham 2-o‘rinni olganman. Yadro, disk, nayza uloqtirish bo‘yicha bir necha marta O‘zbekiston chempioni bo‘ldim. Hozirda sportning turli yo‘nalishlarida shogirdlarni tayyorlab kelyapman. 2023 yilda bo‘lib o‘tadigan Osiyo parao‘yinlariga nasib etsa ham murabbiy, ham sportchi sifatida bormoqchiman», deydi qahramonimiz.

Velosiped va mashina

Oyoqlari protez bo‘lishiga qaramasdan, u velosiped haydashni yaxshi ko‘radi.

«Har bir bola yoshligida o‘zining velosipedi bo‘lishini orzu qiladi. Rahmatli otam yoshligimda kichkina velosipedcha olib bergan paytda o‘zlari minishni o‘rgatgan. Velosiped haydashni endi-endi boshlagan paytda ko‘p marta yiqilganman. Lekin Yaratganga shukr, hozir qiynalmasdan velosiped haydayman», deydi Azizbek.

U mashina bir kun kelib korimga yarab qolar, deya 2008 yilda haydovchilikka o‘qib, haydovchilik guvohnomasi ham olgan. Hozirda ijaraga «Matiz» avtomobilini olib haydayapti.

«Ko‘pchilik hayron bo‘lib so‘rashadi. Pedallarni qo‘lga olib mashina haydayapsanmi, qiynalmayapsanmi deb. Hozircha nogironlar uchun chiqarilgan maxsus mashina minganimcha yo‘q. Pedalga protez oyoqlarimni tekkizib hamma qatori mashina haydayman.

Ilk marta mashina boshqarganimda qiynalgandim. Spidometr nechida ketayotganligiga qarab gazni bosayotganligimni his qildim. Oyog‘im pedal bosayotganimni his qilmadi. Motorning ovozidan gaz berilayotganini his qilib turdim. Endi esa bemalol mashina boshqaryapman. Hatto «svarka» ishidan charchaganimda taksichilik bilan shug‘ullanyapman», deydi Azizbek.

* * * 

Azizbek bilan suhbatimiz qizigandan qizib qosh qorayganini sezmay qolibmiz. U ustaxonasidagi anjomlarni saranjomlab yig‘ishtirdi-da, hovlida donlab yurgan o‘rdaklarini katakka qamab, mashinasini o‘t oldirib, biz bilan xayrlashdi. U taksichilar turadigan «pitak»ka oshiqardi...

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri,
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Ko‘proq yangiliklar: