Rishton tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i blogerlarni haqoratlagani aks etgan audio tarqaldi

Jamiyat 19:25 / 10.09.2021 15089

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Rishton tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Usmonjon Mamadaliyevning jurnalist va blogerlarni haqorat qilib, ularga bosim o‘tkazgani haqida audioxabar tarqaldi.

Ma'lum bo‘lishicha, “Rishton TV” sahifasi orqali tumandagi emlash jarayonidagi navbatlar haqida tanqidiy suratlar e'lon qilingan. Bundan g‘azablangan tibbiyot birlashmasi boshlig‘i telefon orqali suhbat vaqtida  blogerlarni haqoratlagan, ularga zarar yetkazish bilan tahdid qilgan.

Audioda birlashma boshlig‘i Qodirjon ismli shaxs bilan gaplashib, “Rishton TV” sahifasi kimga tegishli ekanini so‘raydi. Kimniki bo‘lsa ham “qisib” yurishi kerakligini, aks holda yomon ahvolga solishini aytadi.

“Bugun Rishtonni menman degani Eliboyevning enasini ko‘rsatib, oyog‘imni yalatdim. “Rishton TV” ham kimniki bo‘lsa, enasinikiga tiqib qo‘yaman. Qisib yursin odamni rasmga olib yurmasdan.

Oltiariqda emlash ishlarini pikka olib chiqmagani uchun mana shunaqa navbatsiz paytda hech kim yo‘q, emlagani qo‘rqadi. Biz provokatsiya qilib, xalqqa chiqdik. Emlashni qanaqa bo‘lishini tushuntirgandik, ular (emlanuvchilar) ko‘payib ketdi. Ifloslarga aytib qo‘ying, yerning tagidan bo‘lsa ham topib bir narsa qilib qo‘yaman. Eliboyevning kuniga tushadi. Hazillashmasin, tanishingiz ekan, aytib qo‘ying, uyiga borib bo‘lsa ham tiqib kelaman. Mening ishimni bir pul qilmasin. Qisib yursin. Bir og‘iz aytib qo‘ying. Rasmni ko‘rsangiz 16ta odam turibdi. Bo‘lib-bo‘lib tashlagan. Agar shunaqa qilsa, sudga beraman. Keyin yuradi yalinib, bir nimalar qilib", deyiladi audioda.

Kun.uz muxbiri rishtonlik Bahodirxon Eliboyev bilan telefon orqali suhbatlashdi. Blogerning aytishicha, tuman tibbiyot birlashmasida Covid 19ga qarshi vaksina olish jarayonida uzundan navbatlar hosil bo‘lganida bunga e'tiroz bildirib, vaksina olish uchun qo‘shimcha xona qilishni so‘ragan, ijtimoiy masofa saqlash borasida ish tashkillashtirilmaganini tanqid qilgan. Bu esa Rishton tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘iga yoqmagan. Eliboyevning qo‘shimcha qilishicha, u aholini vaksina olishga o‘z sahifasi orqali targ‘ib qilib kelgan, faqat vaksinatsiya jarayonida ijtimoiy masofa saqlash kerakligini eslatgan.

Usmonjon Mamadaliyev Eliboyevning telegram kanalida joylangan postga raddiya berishni talab qilgan, bloger esa bundan bosh tortgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati mazkur holatga munosabat bildirib, audioxabar nazoratga olinganini ma'lum qildi.

“Ayni paytda audioxabarda keltirilgan ma'lumotlar yuzasidan atroflicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda va ushbu holat nima sababdan yuz bergani aniqlashtirilib, shunga ko‘ra tegishli choralar ko‘rilishi ta'minlanadi. O‘rganishlar natijalari haqida qo‘shimcha ma'lumot beriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jurnalistlar va blogerlarning professional faoliyatiga to‘sqinlik qiladigan har qanday holatlarni keskin qoralaydi”, – deyiladi vazirlik axborotida.

Ko‘proq yangiliklar: