Toyota elektromobillar uchun batareyalar ishlab chiqarishga 13,5 milliard dollar investitsiya qiladi

Fan-texnika 02:10 / 08.09.2021 30610

Yaponiyaning Toyota kompaniyasi 2030 yilgacha elektromobillar uchun akkumulyatorlar yaratish va ularni ishlab chiqarishga 13,5 mlrd dollar investitsiya qilishini e'lon qildi. Kompaniya rahbariyati bu haqda investorlar va matbuot bilan elektromobillarga bag‘ishlangan uchrashuvda ma'lum qildi. 

Yuqoridagi summadan 9 mlrd dollar batareyalar ishlab chiqaruvchi zavodlar qurilishiga ajratiladi. Toyota bunday zavodlardan nechta qurishini ma'lum qilmagan, biroq 2025 yilgacha 10 ta, 2030 yilgacha esa 70 taga yaqin ishlab chiqarish liniyasi (bir zavod bir nechta ishlab chiqarish liniyasini o‘z ichiga olishi mumkin) qurilishini aytgan. Bu liniyalarda ishlab chiqariluvchi batareyalarning umumiy quvvati 200 gigavatt-soatni tashkil qiladi.

Kompaniya qolgan 4,5 mlrd dollarni elektromobillar uchun batareyalar sohasidagi tadqiqotlar va ularni ishlab chiqarishga sarflamoqchi.

Toyota qolgan avtomobilsozlik kompaniyalari kabi yaqin yillarda elektromobillar ishlab chiqarish hajmini oshirmoqchi. Kompaniya 2030 yil oxirigacha yiliga 2 mlntagacha elektrokar sotishni rejalashtirmoqda.

Boshqa kompaniyalar, jumladan, General Motors, Ford va Volkswagen ham elektromobillar uchun batareyalar ishlab chiqaruvchi zavodlar qurish rejalari haqida e'lon qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: