“Eksportchi korxonalarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni qabul qilindi.
Unga muvofiq, eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan Eksportni rag‘batlantirish agentligi huzuridagi Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 200 million AQSh dollari ajratiladi.
Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan yillik eksport hajmi 20 million AQSh dollaridan oshgan korxonalarga eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun tijorat banklari orqali bir martalik moliyaviy resurslar 5 million AQSh dollarigacha miqdorda hamda bir yilgacha muddatga taqdim etiladi.
Oxirgi 12 oy davomida 1 million AQSh dollaridan ortiq tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilgan korxonalarga asosiy va yordamchi ishlab chiqarishi uchun butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar olib kirishda bojxona to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha foiz hisoblanmagan hamda ularning to‘lanishini ta'minlash talab etilmagan holda 120 kunga to‘lovni kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) imkoniyatini beriladi.
Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga nisbatan jarimalar qo‘llanilishi, shuningdek, ushbu farmon kuchga kirguniga qadar qo‘llanilgan jarimalar undirilishi 2021 yil 31 dekabrga qadar to‘xtatiladi.
2021 yil 1 oktyabrdan yuqori sifat va nazorat tizimiga ega mamlakatlardan sertifikatlangan va deklaratsiyalangan asbob-uskuna, butlovchi qismlar, xomashyo, o‘lchov vositalari, kimyoviy reagentlar, ko‘tarish moslamalari va transport vositalari importida milliy sertifikat olish talabi bekor qilinadi.
Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasiga Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan korxonalarga eksport bilan bog‘liq savdo operasiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun tijorat banklari orqali bir martalik moliyaviy resurslar taqdim etish tartibini tasdiqlash va o‘zgartirish kiritish huquqi beriladi.
Yevropa mamlakatlariga qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan mahsulotlarni eksport qilishda transport xarajatlarining 50 foizini kompensatsiya qilish tizimi bir yil muddatga joriy etiladi.
Tariq , quritilgan dukkakli ekinlardan olingan un va kukun , meva va yong‘oqlardan olingan un va kukun eksporti uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi ruxsati talab qilinmaydi.
Avvalroq eksportni qo‘llash quvvatlashga 100 million dollar ajratilishi ma'lum qilingandi.