1–4 sentabr kunlari Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Islom taraqqiyot banki (ITB) boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish doirasidagi uchrashuvlarda a’zo mamlakatlardan 4100 nafar ishtirokchi hamda 27 ta xalqaro va mintaqaviy hamkor tashkilotlar qatnashdi.
Sammitda, ITB guruhi va o‘nta a’zo mamlakat o‘rtasida umumiy qiymati 1,2 milliard AQSh dollariga teng 30 ta moliyaviy kelishuv imzolandi. Shundan 330 million dollariga teng mablag‘ O‘zbekiston manfaatlarini ko‘zlab sarflanadi.
Yig‘ilishda uchta asosiy istiqbolli mavzu ko‘rib chiqildi: (1) COVID-19 dan keyin tiklanishni jadallashtirish; (2) kambag‘allik kuchayib ketishiga qarshi kurash hamda barqarorlik va farovonlikni oshirish; (3) a’zo mamlakatlarda «yashil iqtisodiy o‘sish»ga ko‘maklashish.
COVID-19 asoratlarini tiklashga qaratilgan barqarorlik indeksi ishga tushirildi. Bu reyting iqtisodiy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlovchi mexanizmlarni yaratishga yordam beradi.
Elektron to‘lov platformasi yaratildi. Raqamli platforma bank operatsiyalarining samaradorligini oshirishi va ishbilarmonlik munosabatlarini amalga oshirishni soddalashtirishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston tomoni bilan imzolangan kelishuvlar
- ITB ishtirokida Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamg‘armasi tuzildi. Boshlang‘ich kapitali 100 million dollarga teng bo‘lgan jamg‘arma mablag‘larining 35 mln dollari O‘zbekiston hukumati, 20 mln dollari ITB va qolgan 45 million dollari saudiyalik investorlar tomonidan moliyalashtiriladi. Sinov bosqichi muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng boshlang‘ich fond miqdori asta-sekin 500 million dollarga yetkazilishi rejalashtirilgan.
- «Obod qishloq» dasturi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarining qishloq infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha jami 200 million dollarlik qarz shartnomasi tuzildi.
- Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi va «Trastbank» 15 mln dollarlik savdo-moliya liniyasini ochish to‘g‘risida kelishuvga erishdi.
- O‘zbekistonda onkologik xizmatlarni rivojlantirish loyihasini qo‘llab-quvvatlash uchun 80 million dollar qarz shartnomasi imzolandi.
- Islom taraqqiyot banki tomonidan O‘zbekistonda Islom banki va moliya sohasining huquqiy asoslarini ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlash uchun texnik yordam granti ajratiladi. Grant miqdori keyinchalik ma’lum bo‘ladi.
Islom taraqqiyot banki haqida
Islom taraqqiyot banki – Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan, islomiy moliyalashtirishga yo‘naltirilgan ko‘p tomonlama rivojlanishga qaratilgan moliya instituti. Tashkilotda 57 ta aksioner a’zo davlatlar bor, ularning eng katta aksioneri Saudiya Arabistoni hisoblanadi.
Tashkilotga 1973 yilda Islom konferensiyasi tashkiloti (hozirgi Islom hamkorlik tashkiloti) moliya vazirlari yig‘ilishida Saudiya Arabistoni qiroli tashabbusi bilan asos solingan va o‘z faoliyatini 1975 yil 3 aprelda boshlagan.
ITBga a’zo bo‘lishning asosiy sharti – bo‘lajak a’zo mamlakat Islom Hamkorlik Tashkilotiga (IHT) a’zo bo‘lib kirishi, Bank kapitaliga o‘z hissasini to‘lashi va tashkilot qaror qilgan shartlarni qabul qilishga tayyor bo‘lishi talab etiladi.
To‘langan kapital hisobiga tashkilotdagi asosiy aksiyador davlatlar:
- Saudiya Arabistoni (23,5 foiz)
- Liviya (9,43 foiz)
- Eron (8,25 foiz)
- Nigeriya(7,66 foiz)
- Birlashgan Arab Amirliklari (7,51 foiz)
- Qatar (7,18 foiz)
- Misr (7,07 foiz)
- Kuvayt (6,92 foiz)
- Turkiya (6,45 foiz)
- Jazoir (2,54 foiz)
- Pokiston (2,54 foiz)
ITB Guruhi bir qancha tashkilotlardan tarkib topgan:
Investitsiyalar va eksport kreditlarini sug‘urtalash islom korporatsiyasi (IEKSIK)
IEKSIK 1994 yilda Islom hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan. 27 yil davomida IEKSIK 78 milliard AQSh dollaridan ko‘proq qiymatdagi savdo va investitsiya bitimlarini sug‘urta qilgan, shundan 62,3 milliard AQSh dollari eksport va importni qo‘llab-quvvatlash uchun 15,6 milliard AQSh dollari esa IEKSIKga a’zo mamlakatlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni sug‘urtalash uchun yo‘naltirilgan.
Tashkilot a’zo davlatlarning barqaror iqtisodiy rivojlanishi uchun savdo va investitsiyalarga ko‘maklashuvchi muhim omil sifatida e’tirof etilib, xatarlarni kamaytirish bo‘yicha shariatga mos keladigan yechim va vositalar yordamida a’zo davlatlar bilan boshqa mamlakatlar o‘rtasidagi savdo va investitsiya aloqalarini rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi (XSRIK)
XSRIK 1999 yil noyabr oyida xususiy sektor loyihalarini moliyalashtirish, raqobat va tadbirkorlikni rag‘batlantirish, hukumatlar va xususiy kompaniyalarga maslahat xizmatlari ko‘rsatish va davlatlararo investitsiyalarni rag‘batlantirish orqali unga a’zo davlatlarning iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.
XSRIK qo‘shma yoki jamoaviy moliyalashtirishni yo‘lga qo‘yish uchun hamkorlik va sheriklik munosabatlarini o‘rnatadi va mustahkamlaydi. Shuningdek, moliyalashtirishni yanada samarali va keng qamrovli qilish uchun moliyaviy texnologiyalarni (Fintech) ishlab chiqadi.
Savdoni moliyalashtirish xalqaro islom korporatsiyasi (SMXIK)
Savdoni moliyalashtirish xalqaro islom korporatsiyasi (SMXIK) 2008 yil yanvar oyida o‘z faoliyatini boshlagan. Tashkilot IHTga a’zo davlatlarga 55 milliard AQSh dollaridan ortiq miqdorda mablag‘ taqdim etgan.
Korporatsiya a’zo davlatlardagi tashkilotlarga savdoni moliyalashtirish xizmatlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga ko‘maklashadi hamda ularning jahon bozorida muvaffaqiyatli raqobatlashishiga imkon beradigan salohiyatni oshirish vositalari bilan ta’minlaydi.
Islom taraqqiyot banki guruhi biznes-forumi (ITBGBF)
Islom taraqqiyot banki guruhi biznes-forumi ITB guruhining manfaatdor tashkilotlari, xususiy sektor korxonalari va ITB guruhiga a’zo mamlakatlardagi tegishli muassasalar o‘rtasida aloqa va muvofiqlashtirishga xizmat qiladigan o‘ziga xos ko‘prikdir.
Tashkilotning asosiy maqsadi – istiqbolli investitsiya imkoniyatlari doirasida sheriklik qilishga intilgan yetakchi korxonalar uchun samarali muloqot, hamkorlik va inklyuziv sheriklik uchun yagona platformani yaratishdir.
Doston Ahrorov tayyorladi.