Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov Toshkentda Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi doirasidagi anjumanda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari haqida fikr bildirdi.
«So‘nggi yillarda O‘zbekiston mintaqa davlatlari bilan iqtisodiy hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. Respublikaning mintaqa davlatlari bilan savdosi (2016 yildan 2019 yilgacha) 2 barobardan ziyodga oshib, 2,5 milliard dollardan 5,2 milliard dollarga yetdi. Bu raqamlar shuni ko‘rsatadiki, Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va integratsion o‘zaro ta'sir o‘tkazish uchun katta salohiyatga ega.
ITB metodologiyasi yordamida amalga oshirilgan hisob-kitoblar Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro savdoda 1,1 milliard dollarlik amalga oshirilmagan eksport salohiyati mavjudligini ko‘rsatadi. Xususan, bu oziq-ovqat mahsulotlarida 530 million dollarga, kimyo mahsulotlarida 180 million dollarga, metallurgiyada 120 million dollarga va yengil sanoatda 110 million dollarga teng.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlariga 600 million dollardan ziyod mahsulotlarni eksport qilish salohiyatiga ega», dedi Obid Hakimov.
Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, yaqin hamkorlik Markaziy Osiyoda sanoat va qishloq xo‘jaligi klasterlarini yaratishga yordam beradi, ular ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishda kompensatsion ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Mintaqaviy qiymat zanjirlarini rivojlantirish uchun transchegaraviy savdo va investitsiyalarni ko‘paytirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadga muvofiqdir.