Cho‘ldagi qovun paykalida bir kecha. Qovunxo‘r chiyabo‘rilar va jonga ora pashshaxona

Jamiyat 16:01 / 31.08.2021 31143

Namangan viloyati Mingbuloq tumanining cho‘lli hududida aholi asosan qovun-tarvuz va sholichilik bilan shug‘ullanadi.

Jamoamiz bilan qovun paykalida bir tunni o‘tkazib, vodiydagi eng katta qovun bozorini tasvirga olishga qaror qildik.

Sardor Hakimov

Sardor Hakimov bu yil birinchi marta qovun yetishtirishi. U yerga qovunning “shakarpalak”, “Hindiston malikasi” nomli navlaridan ekkan. Hozirda hosil g‘arq pishgan payti.

Qahramonimiz qovunchilikning o‘ziga yarasha mehnati borligi: qo‘lda chopiq qilish, o‘g‘itlash, haydov texnikalarida ishlov berish kerakligini aytadi.

Qovunni ekish, uni yetishtirish o‘ziga xos bir mashaqqat bo‘lsa, uni qo‘riqlash ham o‘ziga yarasha ish.

Cho‘l hududlarida tulki, chiyabo‘ri, ba'zida bo‘rilar ham uchrab turadi. Tulki va chiyabo‘ri shirin qovunlarni topib yeyishga usta hayvonlar hisoblanadi.

Kun qorayib, quyosh botar ekan, qovunchining ariq bo‘yiga ajoyib qilib joylashtirilgan kapasida tunaydigan bo‘ldik.

Cho‘l hududlarining yana bir o‘ziga xos jihati – qorong‘i tushishi bilan atrofga qonxo‘r chivinlar chiqa boshlaydi. Ular shunchalik ko‘pligidan bir daqiqa ham xotirjam turishning iloji qolmaydi. Tunashda esa, xalq tilida “pashshaxona” deb ataluvchi maxsus joyda uxlashga to‘g‘ri keladi. Kechki ovqatni ham “pashshaxona”da tanovul qildik.

Tunni o‘tkazar ekanmiz, kechasi bilan chiyabo‘rilar ovozi atrofni tutib ketdi. Ozgina qo‘rquv his qilsangiz-da, kichik yirtqichlarning yorug‘lik tushib turgan joylarga kelmasligini bilib taskin topasiz.

Cho‘l chiyabo‘rilari insonga o‘ta och qolganda to‘dalashib hujum qiladi. Yoz faslida esa, ularning asosiy taomi dalalarda pishib yetilgan qovun va tarvuzlar bo‘ladi. Shirin qovun tanlashda chiyabo‘ri va tulkilar odamdan qolishmaydi.

Erta tongdan qovunlarni uzish boshlandi. Hosilning bir qismini mashinaga ortib, sotuv hajmi bo‘yicha Farg‘ona vodiysidagi eng katta qovun bozoriga yo‘l oldik.

Mingbuloq tumanidagi qovun bozorida ulgurji sotilgan qovunlar Farg‘ona, Marg‘ilon, Namangan hamda Andijon shaharlari tomon olib ketiladi.

Tohirjon Tursunov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Boymirza Xalilov

Ko‘proq yangiliklar: