Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda 2021 yil 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezident saylovi haqida so‘z yuritdi.
«So‘nggi besh yil mobaynida mamlakatimiz milliy saylov qonunchiligida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Nufuzli xalqaro ekspertlar ta'kidlaganidek, yangi O‘zbekistonda saylov qonunchiligini izchil takomillashtirish hamda saylovlarni o‘tkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi pog‘onaga ko‘tarildi.
Bu galgi Prezident saylovlari ilk bor 2019 yilning 25 iyunida qabul qilingan Saylov kodeksi asosida bo‘lib o‘tadi.
Bu saylov barchamiz uchun O‘zbekistonning kelgusi taraqqiyoti qanday yo‘ldan boradi, farzandlarimiz, oilamiz, mamlakatimiz kelajagini qanday barpo etamiz, degan hal qiluvchi savollarga javob beradigan g‘oyat muhim siyosiy tadbirdir. Shuning uchun ushbu siyosiy jarayonga ko‘p millatli xalqimiz ham, jahon hamjamiyati ham katta qiziqish va e'tibor bilan qaramoqda.
Saylovda dunyoning 50ga yaqin mamlakati hamda o‘nlab xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etishi kutilmoqda.
Shu ma'noda, bo‘lg‘usi saylovlar yuksak demokratik mezonlar asosida o‘tadi hamda yangi O‘zbekiston xalqining o‘sib borayotgan siyosiy tafakkurini, ijtimoiy faolligi va madaniy saviyasini yaqqol namoyon etadi, deb ishonaman», deydi davlat rahbari.
- Ma'lumot uchun, saylovlarda mamlakatda ro‘yxatga olingan beshta partiyadan besh nomzod: Ekologik partiyadan – Narzullo Oblomurodov, «Adolat» partiyasidan – Bahrom Abduhalimov, «Milliy tiklanish» partiyasidan – Alisher Qodirov, Xalq demokratik partiyasidan – Maqsuda Varisova, O‘zLiDeP partiyasidan – Shavkat Mirziyoyev ishtirok etadi.