Mustaqillikning 30 yilligi arafasida Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahridagi «Kvars» korxonasida yillik quvvati 22,2 million kv.metr bo‘lgan float oynalar ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirildi.
Korxonaning asosiy ish faoliyati turli xil hajmdagi shisha idishlar (banka, butilka), yetti xil rangdagi qurilish oynalari shu jumladan avtomobilsozlik sanoati, mebel sanoati hamda xalq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan turli xil oyna mahsulotlarini ishlab chiqarishdan iborat.
2017 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Kvars» AJni yanada rivojlantirishga qaratilgan qaroriga asosan korxonaga “Quvvati sutkasiga 400 tonna bo‘lgan silliqlangan oyna ishlab chiqarish sexi”ni qurish uchun investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha, Prezidentimizning 2018 yil 18 sentyabr kuni 5374-sonli Farmoni qabul qilindi. Ushbu loyiha asosida qurilgan yangi liniya uchun zamonaviy uskunalar Xitoyning «ShanghayPony Technology» kompaniyasidan xarid qilingan. Loyiha amalga oshirilganidan so‘ng, korxonada oyna ishlab chiqarish quvvati yiliga 20 mln.m2, eni 3 metr, qalinligi esa 2 mm.dan 19 mm.gacha oshiriladi. Yangi liniyani ishga tushishi ortidan 280 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Eng muhimi loyiha amalga oshirilgach, energiya sarfi 2 barobarga kamaydi. Mahsulot tannarxi 20-30 foizga arzonlashdi. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, mahalliy bozorda qurilish oynasiga bo‘lgan talab deyarli qoplanib, eksport ko‘lami kengaytiriladi.
Korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulot va xizmatlarning sifati dunyo andozalari talablariga mos kelishi sababli, korxonaga O‘zbekiston Respublikasi Milliy sertifikatlashtirish tizimi DQS kompaniyasi tomonidan Xalkaro standart ISO 9001:2008 muvofiqlik sertifikati va Italiyaning Milan shahrida joylashgan Xalqaro standartlashtirish organi ICIM tomonidan xalqaro sertifikat berildi va «Kvars» AJ “O‘zbekistonda eng yaxshi korxona” ko‘rik-tanlovi sovrindori bo‘ldi. Shuningdek, 2017 yilda korxonaga ISO 9001:2015 hamda ISO 50001 sertifikatlari kiritildi.
«Kvars» AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati yuqoriligi nafaqat O‘zbekiston, balki xorijiy davlatlar tomonidan ham e'tirof etilmoqda.
Korxona bir qator xalqaro va milliy tanlovlarda sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘ldi. Bugungi kunda “Kvars” aksiyadorlik jamiyatida 2 300 nafar ishchi-xodimlar mehnat qilishmoqda.
Kvars AJ matbuot xizmati Ⓣ