Kun.uz ijodiy guruhi tog‘lar orasida joylashgan betakror manzillarni tasvirga olish maqsadida yo‘lga chiqdi.
Aslida 50-60 km masofani tekis yo‘lda bosib o‘tish uchun uzog‘i 1 soat kifoya qiladi. Biz yurgan yo‘l ham shuncha masofa bo‘lsa-da, salkam 5 soat deganda manzilga yetib bordik. Bunga sabab – yo‘lning adir va tog‘lar osha joylashgani hamda o‘ta ta'mirtalabligidir. Bu taraflarda aholi istiqomat qilmaydi. Lekin cho‘ponlar hamda turistlar doim shu yo‘ldan qatnashadi.
Dengiz sathidan 3–3,5 ming metr balandlikda joylashgan bu maskanlarning havosi juda toza.
Yoz oylarida ham havo harorati unchalik yuqori emas. Ko‘p yomg‘ir yog‘adi. Bu yerdagi eng chiroyli manzaralar, shubhasiz, tog‘lar orasidagi ko‘llardir.
Bu tomonlarga keladiganlarning asosiy manzili Arashanbuloq hisoblanadi.
Buloq ancha balandlikda, iqlimi sovuq joyda joylashgan bo‘lsa-da, uning suvi issiq holda chiqadi.
Biz buloqqa yaqinlashganimizda quyosh botib, yomg‘ir yog‘ishni boshlagan edi. Buloq atrofiga chodirlar tikilgan va tashrif buyuruvchilar tunni shu yerda o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishayotgandi.
Tashrif buyuruvchilar orasida Farg‘ona, Andijon, Toshkent va yana boshqa viloyatlardan ham bor.
Tunni biz ham o‘sha hududda, mashinada o‘tkazdik. Yozning iyul oyi bo‘lishiga qaramay, mashina tashqarisida havo ancha sovuq edi.
Tong otishi bilan betakror manzaradan bahra olib, so‘ng ortimizga qaytdik. Bunday maskanlarga kelgan kishi ruhan tetiklashadi, ijobiy energiya oladi.
Tohirjon Tursunov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Boymirza Xalilov