2021 yil 1 oktyabrdan boshlab eksport qilinadigan tovarlar uchun ishlatilgan, haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan (to‘langan) qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini soliq to‘lovchining O‘zbekistondagi bank hisobvarag‘iga chet el valutasi tushumi kelib tushishidan qat'i nazar hicobga olish tartibi o‘rnatiladi.
Mazkur imkoniyat oxirgi bir yil davomida valuta tushumlarini o‘z vaqtida ta'minlab kelayotgan va eksport shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorligi bo‘lmagan – intizomli soliq to‘lovchilarga tatbiq etiladi.
Tovarlar “eksport” bojxona rejimi ostida chiqarilgan kundan e'tiboran 180 kalendar kuni ichida valuta tushumi yoki uning bir qismi eksport qiluvchining O‘zbekiston tijorat banklaridagi hisobvarag‘iga kelib tushmagan taqdirda, qo‘shilgan qiymat solig‘ining hisobga olingan summasi yoki uning tegishli qismi belgilangan tartibda hisobdan chiqariladi.
2022 yil 1 yanvardan boshlab:
- qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy summasini qoplash (qaytarish) uchun soliq organlariga ariza bilan alohida murojaat qilish haqidagi majburiy talab bekor qilinadi;
- soliq to‘lovchiga tegishli soliq davri uchun soliq hisobotini topshirishda, soliq organlarini xabardor etgan holda qo‘shilgan qiymat solig‘i salbiy summasini qoplash (qaytarish) talabini bildirish huquqi beriladi.
Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021 yil yakuniga qadar tovarlarni import qilishda va tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda to‘lanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini o‘zaro hisobga olish tartibini ishlab chiqadi va mazkur tartibni tajriba tariqasida 2022 yil 31 dekabrgacha amaliyotga joriy qiladi.