O‘zbekistonning Afg‘onistondagi diplomatik vakolatxonalarida ham saylov uchastkalarini tashkil qilish ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasidagi press-brifingda tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev ma'lum qildi.
«Darhaqiqat, qo‘shni Afg‘onistonda vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Lekin hurmatli OAV vakillariga shuni aytib o‘tmoqchi edimki, Afg‘oniston poytaxti Kobul shahrida O‘zbekistonning elchixonasi va Mozori Sharifda Bosh konsulxonamiz bor. Ushbu diplomatik vakolatxonalarimiz o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Shulardan kelib chiqqan holda, ushbu vakolatxonalarimizda tegishli saylov uchastkalari ham bo‘lishi ko‘zda tutilgan», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda prezident saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarining qarorlariga asosan respublika bo‘yicha jami 10760 ta saylov uchastkasi tuzilgan.
Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi taqdimnomasiga asosan O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari huzurida 54ta saylov uchastkalari tuziladi.
Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda saylovoldi kampaniyasiga 23 iyul kuni start berildi. Hozirga qadar beshta partiya o‘z nomzodlarini taqdim qildi va imzo yig‘ish jarayonlari boshlandi. Prezident saylovi 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadi.