Davlat narxlarni sun'iy tushirishi nega xavfli?

Iqtisodiyot 15:36 / 25.08.2021 38045

“Argentinaning go‘sht eksporti haqida maqola yozgandim. Argentina dunyodagi eng katta go‘sht eksportchilaridan biri bo‘lgan. Bundan bir necha yil oldin, butun dunyoda go‘sht narxi qimmatlasha boshlagan paytda argentinalik tadbirkorlar yaxshi foyda qilgan, biroq shu paytda mamlakatning siyosiy boshqaruvchilari: “Go‘sht narxi ko‘tarilib ketdi, odamlarimiz qiynalyapti”, degan vaj bilan go‘sht eksportiga 40 yo 50 kunlik taqiq qo‘yishgan.

Keyin nima bo‘lgan? Albatta, go‘sht narxi tushgan. Minglab tonna go‘sht mahsulotlarini eksport qilayotgan mamlakatda cheklovlar o‘rnatilsa, o‘z-o‘zidan ichki bozorda mahsulot ko‘payib ketadi. Ammo buning natijasida, bir qancha vaqtdan keyin mamlakatda go‘sht keskin qimmatlashib, Argentina dunyodagi eng ko‘p go‘sht eksport qiluvchi mamlakatlar qatoridan chiqib ketgan.

Buning sababi – rag‘batlar noto‘g‘ri qilib qo‘yilganida. Natijada go‘sht sanoatiga pul tikishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy investorlar o‘z mablag‘ini boshqa sohaga yo‘naltirgan. Chunki ular davlat istalgan paytda eksportga taqiq qo‘yib qo‘yishi mumkinligini ko‘rishgan.

Tadbirkorlar cho‘chib qolishi uchun davlat bu ishni bir marta qilishi yetarli. Investor pul tikdi, go‘sht yetishtirdi va endi sotaman deganda, taqiq qo‘yib qo‘yishdi.

Mamlakatda go‘sht narxining oshishi boshqa narsalar ham qimmatlashishiga sabab bo‘lgan. Go‘sht ishlab chiqarish zanjirida katta muzlatkichlar, transport vositalari, go‘shtni eksport qilish uchun qadoqlash kabilar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lgan. Ya'ni hukumatning bitta qarori bilan butun bir sanoat o‘lgan desa bo‘ladi.

Adashmayotgan bo‘lsam, avvaliga taqiq 4 hafta muddatga qo‘yilgan, ana o‘sha 4 hafta investorlarni mamlakatdan boshqa qo‘shni mamlakatlarga chiqib ketishiga sabab bo‘lgan. Investorlar Paragvay yoki Braziliyada go‘sht yetishtirishimiz maqsadga muvofiqroq degan qarorga kelishgan. Buning oqibatida Argentina hali ham go‘sht eksporti bo‘yicha o‘zining o‘sha vaqtdagi ko‘rsatkichlariga qayta olmagan.

O‘sha paytda Argentina hukumatining qilayotgan ishi go‘yoki oliyjanob edi: “Go‘sht qimmatlashib ketdi, kelinglar, odamlarga yordam beraylik, insofsiz fermerlarning popugini oz bo‘lsa-da tushirib qo‘yaylik”, deyishgan. Biroq bu bozor uchun salbiy signal bo‘lgan.

Go‘sht narxining tushishi aholiga uni ko‘proq iste'mol qilish signalini beradi. Ya'ni go‘sht narxi tushib ketsa, hammamiz uni ko‘proq iste'mol qila boshlaymiz. Biroq bu sarmoyadorlarga: “Go‘sht narxi tushib ketdi, undan ko‘ra sarmoyangni boshqa sohaga yo‘naltir” degan signal bo‘ladi.

Tadbirkorlar, investorlar doim potensial foyda nuqtayi nazaridan fikrlaydi. Agar davlat sun'iy tarzda nimaningdir narxini tushirsa, bu hammani qo‘rqitib qo‘yadi va o‘sha sohaga kirish risklari nihoyatda oshib ketadi. Oqibatda o‘sha mahsulot narxi qimmatligicha qolaveradi”, – dedi iqtisodchi.

Ko‘proq yangiliklar: