«O‘zavtosanoat» AJ shvetsiyalik Bu Inge Anderssonni o‘zining eng yirik korxonalari – UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain aksiyadorlik jamiyatlari bosh direktori etib tayinlagani haqida xabar qildi.
1955 yilda tug‘ilgan Bu Andersson faoliyatini 1987 yilda Shvetsiyaning Saab Automobile AB kompaniyasida boshlagan, 2001-2009 yillarda General Motors’ning global xarid bo‘linmasiga rahbarlik qilgan. U Rossiya avtomobilsozlik sanoatida ham ko‘p yillar mobaynida samarali faoliyat ko‘rsatgan, 2009-2013 yillarda «Gruppa GAZ» korxonasiga prezident bo‘lgan, 2014-2016 yillarda «AvtoVAZ» OAJga prezidentlik qilgan.
2017 yildan buyon esa eng yirik avtomobil butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan Yazaki Europe, Africa, North & South America korporatsiyasiga rahbarlik qilib kelayotgandi.
«Bu Inge Andersson MDH mamlakatlaridagi avtomobil konsernlarini boshqarish va inqirozlar davrida erishgan muvaffaqiyatlari va katta tajribasi UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain kompaniyalariga yarimo‘tkazgichlar tanqisligi va logistika muammolari bilan bog‘liq global inqirozlarni eng kam yo‘qotish bilan yengishga, hamda ishlab chiqarishni rivojlantirish va modernizatsiyalashning yangi yo‘nalishini egallashga imkon beradi», deyiladi kompaniya matbuot xizmati xabarida.
UzAuto Motors’ga (avvalgi GM Uzbekistan) 2016 yildan beri Rustam Rajabov bosh direktor hisoblanardi. Uning ishdan ketishi sababi rasman ma'lum qilinmagan.
Ma'lumot uchun, UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatidagi davlatga qarashli «O‘zavtosanoat» AJning yirik shu'ba korxonalari bo‘lib, General Motors bilan texnik litsenziya shartnomasi asosida Chevrolet yengil avtomobillarini ishlab chiqaradi.
Kompaniya matbuot xizmati qayd etishicha, 2018 yildan boshlab UzAuto Motors yirik transformatsiya jarayonini boshdan kechirib, zarardan barqaror foyda keltiradigan biznesga aylandi. 2020 yildagi pandemiyaga qaramasdan, UzAuto Motors o‘z ishlab chiqarishini 281 ming dona avtomobilga o‘stirishga erishgan.
2020 yildan buyon «O‘zavtosanoat» Boston Consulting Group bilan hamkorlikda o‘zining uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqib, 2021 yil aprelida qo‘shma transformatsiya ofisini tashkil etgan.