Qashqadaryoda yer talashib sobiq mahalla raisini urgan shaxsga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Jamiyat 09:53 / 23.08.2021 815

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida yashovchi sobiq mahalla raisi dalada qo‘y boqib yurgan paytida fuqarolardan biri kaltaklab tan jarohati yetkazgani, bu xususda IIB zo‘ravonga chora ko‘rmayotganini aytib videomurojaat e'lon qilgan. Viloyat IIB mazkur videomurojaat bo‘yicha munosabat bildirdi. Unda yozilishicha, sobiq mahalla raisini kaltaklagan shaxsga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, Muborak tumani Ko‘hnashahar mahallasida yashovchi fuqaro S.J. tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan. Murojaatda 2021 yil 28 may kuni soat 13:30larda yo‘qolib qolgan mollarini qidirib yurganida, Muborak tumani Ko‘hnashahar mahallasi cho‘l hududida qo‘ylarini boqib yurgan fuqaro T.P.dan mollarini qo‘rgan yoki qo‘rmaganini so‘raganida ular o‘zaro tortishib qolishgan. Oqibatda T.P., S.J.ning boshi, yuzi, qo‘l sohalariga qo‘llari bilan urib, tepgan. So‘ng sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyo — S.J.ning yo‘l xaltasidan tushib qolgan bolt va gaykalarni burash uchun ishlatiladigan tarqatuvchi kalit bilan S.J.ning boshi va qo‘llariga o‘ta shafqatsizlik bilan urib qasddan tan shikasti yetkazgan.

Qayd etilishicha, 2021 yil 19 iyun kuni mazkur holat yuzasidan Muborak tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan T.P.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi «g» va «m» bandlarida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda ayb e'lon qilinib jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. T.P.ga nisbatan munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxat tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Jinoiy ish bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari ayblov xulosasi tuzish bilan tamomlanib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Muborak tuman sudiga yuborish uchun nazorat tartibida Muborak tuman prokuroriga yuborilgan.

Shuningdek, holat yuzasidan qilingan murojaatga e'tiborsizlik qilgan Muborak tuman IIB HPB xodimi, Ko‘hnashahar mahallasi profilaktika inspektori leytenant B.Ixtiyorovning harakatlari Qashqadaryo viloyati IIB mas'ul xodimlari tomonidan o‘rganilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: