“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi Ustyurtdagi tabiiy gaz qazib chiqarilishi, burg‘ilash ishlari va gaz quvuri loyihalarining bugungi holatini o‘rgandi (Foto)

Iqtisodiyot 10:34 / 22.08.2021 17042

O‘rganish ishlari davomida Boshqaruv raisi boshchiligida “Ishchi guruh” tomonidan geologik-izlov qidiruv dasturiga asosan “Sursuar” konidagi 2- sonli izlov-qidiruv qudug‘ida olib borilayotgan burg‘ilash ishlari o‘rganib chiqildi.

Ushbu maydon 3D seysmik-qidiruv ishlari natijasida aniqlangan bo‘lib, uning o‘lchamlari 7,0 x 1,1 km.ni, istiqbolli maydoni esa 10,5 kv.km hududni egallaydi. “Ishchi guruh” a'zolari maydonda amalga oshirilayotgan barcha ishlar bilan yaqindan tanishdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan “Sursuar” maydonining istiqbollarini baholash hamda uglevodorod resurslarini o‘zlashtirish maqsadida yangi izlov qudug‘i 4200 metr loyihaviy chuqurlikka burg‘ilash ishlari boshlanib, aynan mahalliy mutaxassislarning o‘zlarigina faoliyat olib borishiga qaramay, hozirda 2650 metr chuqurlikda burg‘ilash ishlari olib borilmoqda.

Burg‘ilash ishlari holatini o‘rgangan Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” a'zolari tomonidan mazkur quduqda amalga oshirilishi belgilangan barcha ishlarni o‘z vaqtida yakunlash bo‘yicha tegishli departament rahbarlariga topshiriqlar berildi.

O‘z navbatida, “2017–2021 yillarda uglevodorod xomashyosi qazib olishni ko‘paytirish dasturi” doirasida “Arslon” Gazni kompleks tozalash qurilmasida tayyorlanayotgan tabiiy gazni “O‘ztransgaz” AJga qarashli magistral gaz quvurlariga yetkazib berish bir maromida bo‘lishini ta'minlash maqsadida mavjud gaz uzatish quvuriga qo‘shimcha tarzda qurilayotgan diametri Ø530 mm bo‘lgan 17 km uzunlikdagi gaz quvurining qurilish jarayoni nazorat qilindi.

Gaz quvurining qurilish-montaj ishlarini tez fursatlarda yakunlab ishga tushirish hamda ishchi-xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha boshqarma rahbariyatiga ko‘rsatmalar berildi.

Boshqaruv raisi I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahar filialida ta'lim olgan, 5 yildan buyon oddiy burg‘ilovchi bo‘lib ishlayotgan Olim Orazbayev bilan yaqindan suhbatda bo‘lib, ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoit va haqiqiy holat yuzasidan suhbatlashdi va esdalik uchun suratga tushishdi.

Joriy yilda “O‘zbekneftgaz” AJ o‘z mablag‘lari hisobidan izlov-qidiruv va ishlatish quduqlari qurilishi uchun zarur bo‘lgan mustahkamlash hamda nasos-kompressor quvurlarini xarid qilish bo‘yicha “TMK” (Rossiya), “ChTPZ” (Rossiya) va “Interpayp” (Ukraina) zavodlari bilan shartnomalar tuzgan bo‘lib, bugungi kungacha Ustyurt hududidagi quduqlar qurilishi uchun 5900 tonna mustahkamlash quvurlari va 726 tonna (to‘liq hajmda) nasos-kompressor quvurlari yetkazib berildi. Bugungi kungacha hududda 15 ta quduqlar qurilishi uchun turli diametrdagi mustahkamlash va nasos-kompressor quvurlari ajratildi.

Moddiy-texnik resurslar to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlab chiqaruvchilardan xarid qilib olinayotgani sababli uning tannarxi sezilarli darajada arzon narxlarda keltirilmoqda.

Shuningdek, Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi Markaziy omborxonasi va uning bugungi holati, omborxonada quduqlarni burg‘ilash va ishga tushirish ishlarining belgilangan reja-grafiklar asosida o‘z vaqtida bajarilishini ta'minlashda muhim bo‘lgan material-texnik resurslar, ya'ni quduqlarni jihozlashda ishlatiladigan maxsus NKT quvurlari, quvur armaturalari hamda quduqlarning shleyf quvurlari, gaz uzatish tizimi uchun zarur bo‘lgan turli o‘lchamdagi quvurlar ta'minoti o‘rganib chiqildi. Ta'kidlash kerakki, moddiy-texnik resurslar Ustyurt regionidagi geologik texnik tadbirlarni 2022 yilning may oyiga qadar to‘liq ta'minlash uchun yetarli qilib qo‘yilgan.

Burg‘ilashdan ishga tushirilayotgan quduqlar va konlardan gazni kompleks tayyorlash qurilmalarigacha gaz uzatish tizimida rejalashtirilgan loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish uchun zarur material-texnik resurslar, quvur armaturalari va quvurlarni xarid qilish hamda yetkazib berish uchun mas'ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.

Bundan tashqari, o‘rganish ishlari davomida Boshqarma rahbariyati va tegishli mutaxassislarga geologo-texnik chora-tadbirlarni o‘z vaqtida bajarib ishga tushirish uchun “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli boshqarmalar ichki imkoniyatidan foydalanish zarurligi va lozimligi ta'kidlab o‘tildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: