O‘zbekiston gaz sanoatining yuragi – Gazliga safar

Iqtisodiyot 11:37 / 22.08.2021 23582

O‘zbekistonda bu yilgi yoz avvalgilaridan ancha issiq keldi. Biz jazirama kunlarning birida Buxoro viloyati Gazli shaharchasida bo‘ldik.

Cho‘l uzra yotqizilgan yo‘ldan ketarkanmiz, uzoqdan yashillik ko‘zga tashlana boshlaydi. Sahro o‘rtasida barpo etilgan Gazli shahrida jaziramaga qaramay, hayot qaynamoqda. Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasining DKS-4 sexida ish qizg‘in. Bu yerda quvurlarni almashtirish ishlari olib borilyapti.

Gazlida qadri baland kasblardan biri – payvandchilik. Yodimda, yoshligimda payvandchiga bir kungina ko‘mak berib, kechasi bilan qo‘lim va tanamni terisi achishib chiqqandi. Ko‘zimga esa, ehtiyotsizligim uchundir balki, nina sanchib qo‘ygandek bo‘lgandi. Ko‘k choy-u, qora choy bosish ham yordam bermagan.

Gazli shahar aholisi orasida esa payvandchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasining jo‘mard payvandchi xodimlari jazirama issiqda qalin maxsus kiyimga o‘rangan holda quvurlarni bir-biriga ulab, navbatdagi topshiriqni bajarayotgani ustidan chiqdik. Ular qilayotgan ishlari qish mavsumida uzoq-yaqindagi vatandoshlari joniga ora kirishini yaxshi anglaydi.

Gazli – ko‘p millatli shahar. Bu yerda o‘zbek, qozoq, turkman, rus, tatar va boshqa millat vakillari totuvlikda istiqomat qilib kelmoqda.

Jyetkergen Xo‘rozov, payvandchi

Asli qozoq millatiga mansub Jyetkergen Xo‘rozov ham 15 yildirki, ota kasbini faxr bilan davom ettirayotgan 6-toifadagi payvandchilardan biri. U har kuni tongda mehr qo‘ygan ishiga yo‘l oladi. Axir, og‘ir damlarda ham bu ishini tark etmadi, kasbiga sodiq qoldi. Hatto mehnat migrantligini o‘ylab ko‘rmadi.

Jyetkergen orzu istaklari haqida so‘zlaydi. “O‘g‘il uylab, qiz uzatsam, farzandlarim kamolini ko‘rsam deyman. Axir, shuning uchun yashamayapmizmi?” – deydi payvandchi.

Jyetkergenlar oilasida 4 o‘g‘il, 2 qiz katta bo‘lishgan. O‘g‘illarning barchasi ota izidan borib, bugungi kunda mohir payvandchilardan hisoblanadi. Ota kasbi – davlat kasbi, deb shuni aytishsa kerak.

1985 yilda tug‘ilgan qahramonimiz rafiqasi bilan birgalikda 4 farzandni peshona teri ila topayotgan halol rizq bilan voyaga yetkazmoqda.

Kuz mavsumi yaqinlasha boshlagach, aholi xonadonlarini tabiiy gaz bilan ta'minlash yana kun tartibiga chiqishi bor gap. Xo‘sh, bu yil tabiiy gaz ta'minoti bilan ahvol qanday bo‘larkin? Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Dehqonovni ishchi jarayonda suhbatga tortdik.

Shuhrat Dehqonov, Gazli MGQB boshlig‘i

“Gazli – gazchilar shahri bu. O‘zbekistonning gaz sanoati yuragi. Kichkinagina shaharchada gaz sohasidagi ikkita gigant korxona joylashgan. Ulardan biri – Gazli MGQB. Korxonada 1200 kishi mehnat qiladi. 22 yildirki, shu yerda mehnat qilib kelyapman. To‘rt tomonimiz cho‘l bo‘lishiga qaramay, bu yerda ishlashning ham o‘zgacha gashti bor”, – deydi Shuhrat Dehqonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, korxonada ustoz-shogird an'anasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

“Gazli – ko‘p millatli shaharcha. Shunday ustoz-shogirdlar borki, ustoz rus, tatar yoki qozoq bo‘lsa, shogirdi o‘zbek va aksincha. Har bir mutaxassisning 5-10 nafar shogirdi bor. Payvandchi, gaz-payvandchi, kesuvchi, tokarlik va boshqa asosiy hunarlar bo‘yicha bu an'ana davom etib kelmoqda”, – deya so‘zlab berdi GMGQB boshlig‘i.

U, shuningdek, bugungi kunda, ilgaridan farqli ravishda tabiiy gaz shimol yo‘nalishida emas, aksincha, shimoldan markazga yetkazib berish yo‘nalishida yetkazilayotgani haqida aytar ekan, bu yilgi rejalarga ham to‘xtaldi.

“2019/20, 2020/21 yillar va undan oldingi kuz-qish mavsumida sutkasiga 35-45 mln kub metr gaz haydagan bo‘lsak, bu yilgi mavsumda bu raqam 70 mln kub metrni tashkil etishi rejalashtirilgan. Bular, avvalambor aholiga, sanoat va tadbirkorlarga yetkaziladi”, – deydi Sh. Dehqonov.

Uning ta'kidlashicha, “O‘ztransgaz” AJ boshqaruvi ham korxona xodimlari va Gazli shaharchasi aholisi uchun ijtimoiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Xususan, o‘tgan 2020 yili 220 o‘rinli zamonaviy bog‘cha qurib berilgan.

Qayd etish kerak, bu yil “O‘ztransgaz” AJ Gazlida yana bir xayrli ishni amalga oshirdi. Yoshlar va aholi orasida sog‘lom turmush tarzini keng yoyish maqsadida qarovsiz qolgan sport majmuasi kapital ta'mirlanib, zamonaviy sport jihozlari bilan to‘ldirib berildi. Uning ochilish marosimi safar kunlarimizga to‘g‘ri keldi.

Bizga berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, “O‘ztransgaz” AJ bugungi kunda umumiy uzunligi 13 ming 200 kilometrga yaqin magistral gaz quvurlariga xizmat ko‘rsatadi. Biroq magistral gaz quvurlarining qariyb 8 ming kilometri (60 foiz) 30 yildan ortiq muddat davomida foydalanib kelinayotgani bois, ruxsat etilgan ishchi bosim me'yori kamaygan. Natijada tabiiy gaz o‘tkazuvchanligi loyiha quvvatiga nisbatan 35 foizgacha qisqargan.

Shu bois, “O‘ztransgaz” AJ 545 km uzunlikdagi gaz quvurlarini qurish, ta'mirlash, rekonstruksiya qilish hamda “Gazli” kompressor stansiyasining 2ta sexida 10ta gaz haydash agregatini rekonstruksiya qilish dasturini ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, 2021 yil 1 noyabrga qadar 370 km, 2022 yilda 175 km uzunlikdagi magistral gaz quvurlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash, shuningdek “Gazli” kompressor stansiyasining “DKS-4” va “DKS-5A” sexlaridagi gaz haydash agregatlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish belgilangan.

Dasturning birinchi bosqichida nazarda tutilgan obektlarni qurish ishlari jadal sur'atlarda amalga oshirilmoqda. Bugunga kelib qariyb 134 km quvur mahsuloti qurilish obektlariga yetkazib berilgan, shundan 120 km uzunlikdagi po‘lat quvurlar payvandlangan bo‘lib, sinov ishlari boshlab yuborilgan. Qurilish obektlariga 300 nafar quruvchi-ishchilar va 154 ta maxsus texnikalar safarbar qilingan.

Navbatdagi suhbatdoshimiz boshqarma bosh muhandisi Muhsin Rahmonov bo‘ldi.

Muhsin Rahmonov, Gazli MGQB bosh muhandisi

 “Ushbu sex 1986 yilda qurib, foydalanishga topshirilgan. 35 yil mobaynida bu yerda ichki va tashqi kommunikatsiya tarmoqlari, boshqaruv pulti taftishdan o‘tkazilmagan edi. Shu muddat ichida ilk marotaba bunday tekshiruv-ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunga kelib, ko‘plab nuqsonli uchastkalar aniqlanib, yangi quvurlar va ehtiyot qismlar bilan almashtirildi. Hozirda suvli sinov ishlariga tayyorgarlik ketmoqda.

Tsexdagi modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari natijasida jami 6ta agregatdan 4tasi yangisiga almashtiriladi. Vaqtincha to‘xtatilgan sex sentyabr oyidan boshlab, shimoldan 20-25 kg/m3 bosimda keluvchi gaz bosimini 50-55 kg/m3 bosimgacha chiqarib, respublikaning markaziy, janubiy va sharqiy hududlariga yetkazib bera boshlaydi”, – deydi Muhsin Rahmonov.

Uning aytishicha, ta'mirlash va quvurlarni almashtirish ishlari qishning qahraton sovug‘i-yu, yozning jaziramasiga qaramay davom etadi. Umuman, 2021/22 yilgi kuz-qish mavsumida jami 17ta gaz haydash agregati “Hududgazta'minot” tarmog‘iga va yirik xaridorlarga gaz yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.

Ushbu ishlarga o‘z hissasini qo‘shayotgan bugungi kunimiz qahramoni Jyetkergen oilasi bag‘riga, farzandlari yoniga qaytishga oshiqadi. Axir kenjatoyi ham uni kutmoqda. Zotan, yana bir samarali kun ortda qoldi.

Tolib Rahmatov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: