Oyliklar oshishi, yangi pullar va tadbirkorlar bilan muloqot - haftaning “pulli” xabarlari

Iqtisodiyot 15:11 / 22.08.2021 18362

O‘zbekiston yevrobondlari Afg‘oniston tufayli arzonlashdi

O‘zbekiston va Pokistonning xalqaro obligatsiyalari investorlar Afg‘oniston inqirozi oqibatlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytda bosim ostida qoldi.

Pokistonning dollardagi obligatsiyalari narxi taxminan 1 foizga tushdi. O‘zbekistonning 2030 yilda to‘lanadigan dollarlik obligatsiyalari esa qariyb chorak foizga kamaydi.

Ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori oshiriladi

1 sentyabrdan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori 1,1 barobarga oshiriladi.

Prezident farmoniga muvofiq, 1 sentyabrdan:

  •  mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 822 000 so‘m;
  • bazaviy hisoblash miqdori – oyiga 270 000 so‘m;
  •  pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 289 000 so‘mni tashkil qiladi.

Iyulda o‘zbekistonliklarning uy va avtomobil sotib olishi sezilarli kamaydi

2021 yilning iyulida O‘zbekistonda 18,1 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari tuzildi. Bu – o‘tgan oyga nisbatan 16 foizga kam.

Iyulda, shuningdek, avtomobil oldi-sotdisi bo‘yicha shartnomalar soni iyun oyiga nisbatan 23,8 foizga kamaygan. Bunga asosiy sabab sifatida avtomobillarni yetkazib berish bilan bog‘liq qiyinchiliklar ko‘rsatilmoqda.

Yangi ko‘rinishdagi 5 000 va 10 000 so‘mlik banknotlar chiqariladi

Markaziy bank 2021 yilning 26 avgustidan boshlab yangi ko‘rinishdagi nominal qiymati 5000 so‘m va 10 000 so‘m bo‘lgan pul belgilarini muomalaga chiqaradi.

Mazkur banknotlar tematikasi Buyuk ipak yo‘li hamda mamlakatimiz hududidagi qadimiy Samarqand va Toshkent shaharlari tarixiga bag‘ishlangan.

O‘zbekiston Xitoyga limon eksport qila boshlaydi

O‘zbekistondan Xitoyga limonni eksport qilish bo‘yicha fitosanitariya talablari va nazorati to‘g‘risida ikki tomonlama bayonnoma imzolandi.

Limon eksport qiluvchi tadbirkorlar uchun asosiy talablar belgilandi.

Sardor Umurzakovning intervyusi

Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvi oldidan OAVga intervyu berdi.

Intervyuda Umurzakov, xususan, ma'muriy va davlat xizmati islohotlari kechikayotganini tan oldi, byurokratiyani qisqartirish kerakligini ta'kidladi.

To‘liq intervyuni Kun.uz’ning YouTube kanalida tomosha qiling.

Prezident tadbirkorlar bilan muloqot qildi

Shavkat Mirziyoyev 20 avgustda biznesmenlar bilan uchrashdi, muloqotda bir necha ming nafar tadbirkor qatnashdi. Uchrashuvda davlat rahbari tadbirkorlar uchun ko‘plab yangiliklarni e'lon qildi.

Xususan, eksport mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun olib kelingan xomashyo import bojidan ozod etiladi, 13 mingta umumiy ovqatlanish korxonasi yil yakuniga qadar yer va mulk solig‘idan ozod qilinadi, turizm kompaniyalari va mehmonxonalar turistik yig‘imlardan 2 yil muddatga ozod qilinadi.

Batafsil bu yerda o‘qishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: