“Mehnatimdan uyalmayman” - g‘isht quyib sotayotgan ayol

Jamiyat 12:33 / 21.08.2021 47204

Asli samarqandlik bo‘lgan Nigora Hamroyeva hayotning achchiq sinovlariga duch kelib, 3 nafar farzandi bilan yolg‘iz qolgan. Bundan 4 yil oldin yaqinlarining yordami hamda o‘zining mehnati bilan Karmana tumanidagi Bog‘ishamol mahallasidan qurilishi bitmagan hovli sotib olgan. Na elektr energiya, na tabiiy gaz bo‘lgan hovlining tomorqasi ham chuqur qilinmagandi.

Tomorqani kovlatib, tuprog‘ini tashib chiqish uchun texnika va mablag‘ kerak. Boshi qotgan ona bir o‘q bilan ikki quyonni urishning yo‘lini topgan. Ta'kidlashicha, avvaliga o‘zlarining chala qurilishini davom ettirish uchun hovli sathidan g‘isht quya boshlagan. Keyinchalik g‘isht quyib sotish mumkinligini o‘ylab, bu ishga jiddiy kirishgan. 4 yildan buyon g‘isht quyib sotayotgan ona bugun shuning orqasidan farzandlarini o‘qitayotganini aytadi.

Bu yerlar qir edi. Tuprog‘ini tashishga texnika va pul topolmay, o‘zimiz ketmon bilan kovlab, g‘isht quya boshladik. Mana, uyimiz ham, tomorqamiz ham ancha epaqaga kelib qoldi. Mehnatimdan uyalmayman. Aksincha, og‘ir vaziyatda o‘zimda kuch va imkon topa olganimdan faxrlanaman. Hozir ro‘zg‘orimiz shu mehnatimiz bilan o‘tyapti, farzandlarimni o‘qityapman. Hozirda bolalarim o‘quv markaziga qatnab, arab tilini o‘rganmoqda. Hali kamchiligimiz ko‘p. Muhimi, hayot sinovlarida sabr bilan harakat qilinsa, ko‘p narsaga erishish mumkinligini tushundik”, — deydi Nigora Hamroyeva.

Bu ishlarda onaga ikki nafar o‘g‘li ko‘makdosh. Biri loy tayyorlasa, ikkinchisi tashib yoki qolipga solib turadi. Ona farzandlari ham mehnat qilib topilgan pul qadrli bo‘lishini his qilayotganidan mamnun.

Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

R/s: Lavha orqali bir oilaning og‘ir kunini emas, bir ayolning matonatini ko‘rsatishni maqsad qildik. Chunki farzandlarining kelajagi uchun halol mehnat qilib, g‘isht quyib sotayotgan Nigora Hamroyevadagi matonat bizni hayratga soldi.

Ko‘proq yangiliklar: