“10 ming dollarlab oylik oladi degan gaplarni ham o‘qidim” - Sardor Umurzakov o‘ziga yuklatilgan lavozimlar haqida

Iqtisodiyot 12:33 / 21.08.2021 26442

Kun.uz muxbiri Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri bilan suhbatda unga topshirilgan vazifalarning nihoyatda ko‘pligi va bu boradagi muhokamalar borasida savol berdi.

“Birinchi savol: nechta joydan oylik olasiz demaysizmi?! Bilasizmi, zamonimizda hayp deydimi, ma'lumotlarni oxirigacha o‘rganmasdan sensatsiya qilib tarqatish ko‘paygan. Balki bu ham kerakdir. Kimdir 15ta lavozim dedi, yana kimdir 10dan oshiq dedi, lekin menda lavozim bitta. Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi masalalar bo‘yicha o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimida boshqa vazirlar bilan bir xil maosh olaman.

Qolgan lavozim deb aytilgan ishlar qo‘shimcha vazifa. Hozir JSTni muhokama qildik, Jahon savdo tashkilotiga O‘zbekistonning kirishi bo‘yicha masalalar bir qancha vazirlik va idoralarga taalluqli. Demak, bizda idoralararo maydoncha bo‘lishi kerak. Mana shuning rolini idoralararo komissiya boshqaradi. Unga raislik qilishim tabiiy, chunki JSTga O‘zbekistoning a'zo bo‘lishi bizning vazirlikka yuklatilgan. Bu komissiya lavozim emas, qo‘shimcha yuklatilgan vazifa.

Bundan tashqari, hukumat komissiyasi bor: tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha hukumat komissiyasi deyiladi.

Bu komissiya doirasida hududlarga chiqamiz va u ham bevosita vazirlik va mening bosh vazir o‘rinbosari sifatidagi vazifalarimga kirgan masalalarni hal qilgani uchun idoralar, tashkilotlar, banklar, mahalliy hokimiyat organlari bilan faoliyatlarini muvofiqlashtirish maqsadida tuzilgan maydon. U asosiy ishni amalga oshirish uchun yordamchi platforma.

Keyin men o‘qidim: xalqaro tashkilotlardagi boshqaruvchi lavozimini egallaydi, 10 minglab dollar oylik oladi degan gaplarni yozishgan ekan. Lekin unday emas. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hukumatimizda xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan asosiy munosabatlarni tartibga soluvchi organ hisoblanadi. Xalqaro moliya tashkilotlaridan O‘zbekiston nafaqat mablag‘ oladi, balki ularda O‘zbekiston ham aksioner hisoblanadi, kichik bo‘lsa ham ulushi bor. Bizning vazifamiz kiritgan ulushimizdan 100-200 karra ko‘p investitsiyani O‘zbekistonga jalb qilish. Aksioner sifatida o‘z huquqlarimizni himoya qilishimiz kerak. Shu sababli har bitta davlatdan boshqaruvchi tayinlanadigan boshqaruv kengashi eng oliy organ hisoblanadi. O‘zbekistondan boshqaruv kengashiga men a'zoman, chunki vazirlik shu masalalarga javob beradi. Bu vazifaga ham hech qanday oylik to‘lanmaydi.

Kimdir aytadi, bu insofsiz ekan, 15ta odam ishlashi kerak bo‘lgan joyni egallab olgan. Bu bitta lavozimda ishlaganda yana 14ta odam ishli, oylikli bo‘lardi deydi. Marhamat, bu ishlar uchun oylik yo‘q, kim xohlasa ishlab ko‘rsin”, — dedi vazir.

Sardor Umurzakov bilan to‘liq intervyuni bu yerda ko‘rish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: