Yangi Zelandiyada birgina kasallanish holati sababli lokdaun kiritiladi

Jahon 21:17 / 18.08.2021 3518

Yangi Zelandiyada 6 oy ichidagi birinchi kasallanish holati sababli milliy lokdaun kiritishga qaror qilindi. Hukumat bunday qat'iy choralarni koronavirusning o‘ta yuqumli “delta” shtammi tarqalishi mumkinligidan xavotirlanib kiritmoqda.
 
Oxirgi 6 oy ichidagi ilk kasallanish holati mamlakatning eng yirik shahri - Oklendda 12 avgustda 58 yoshli erkakda qayd qilingan. Shu sababli shaharda bir haftaga, mamlakatning qolgan qismida 3 kunga karantin joriy qilinadi. Shuningdek, kasallangan erkak bo‘lgan Koromandel shahri ham 7 kunga yopiladi. 
 
Yangi Zelandiya bosh vaziri Jasinda Ardern virus tarqalmasligi uchun 4-darajadagi qat'iy qoidalar kiritilishi kerakligini aytgan. Jumladan, barcha maktablar, ofislar va korxonalar yopiladi. Faqat favqulodda xizmatlargina o‘z ishini davom ettiradi. Hukumat bunday qat'iy choralarni “delta” shtamm tarqalishi xavotirida qabul qilgan. 
 
“Men yangi zelandiyaliklardan qoidalarning oxirgi harfigacha amal qilishlarini iltimos qilaman. Xorijiy manbalardan bizga ma'lumki, delta-variant u bilan kasallangan kimnidir oldidan shunchaki o‘tib ketsangiz ham yuqishi mumkin”, deb aytgan Ardern.
 
Ta'kidlanishicha, bungacha mamlakatda oxirgi kasallanish holati fevralda qayd qilingan. Yangi Zelandiya mamlakat ichida virusni yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lgandi. Mamlakatning xalqaro chegaralari kamida yana 6 oy yopiq qoladi. 
 
Ma'lumotlarga ko‘ra, Yangi Zelandiyada aholini emlash jarayoni sust bormoqda. Ayni vaqtga kelib mamlakat aholisining 18,7 foizi to‘liq, 33 foizi esa vaksinaning birinchi dozasi bilan emlangan.

Ko‘proq yangiliklar: