«Tashabbusli budjet»da ovoz berish jarayoni o‘tkazilmoqda. Fuqarolar budjetning bir qismini sarflashda ishtirok etishi mumkin

Iqtisodiyot 11:42 / 18.08.2021 18939

«Tashabbusli budjet» jarayonining 2-bosqich yakunlariga ko‘ra, jami 41 125ta taklif kelib tushdi. Bu haqda Moliya vazirligi xabar bermoqda. 

Takliflarni ko‘rib chiqish jarayonida 19 289tasi belgilangan mezonlarga mos kelmagani sababli ishchi guruh tomonidan rad etilgan bo‘lsa, qolgan 21 832ta taklif belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, 3-bosqich, ya'ni ovoz berish jarayoniga o‘tkazildi.

Moliya vazirligi departamenti direktori Sherzod Muhamedovning so‘zlariga ko‘ra, takliflar ma'qullanishi uchun 2ta mezonga to‘g‘ri kelishi kerak edi:

  1. Taklif summasi 1 mlrd so‘mdan oshmasligi; 
  2. Shaxsiy manfaatga qaratilgan bo‘lmasligi.

«Shu mezonlarga to‘g‘ri keladigan takliflar 21 832tani tashkil etdi. Navbatdagi bosqichda tashabbuslar ovoz yig‘ishi kerak bo‘ladi. Ovoz berish 1 sentyabrga qadar davom etadi. Buning uchun «Ochiq budjet» platformasiga kirib, o‘z hududidan qoldirilgan tashabbusga layk bosish yoki ovoz berish kerak. Tashabbusni Facebook, Telegram’ga ulashish imkoni ham bor. 13 avgustdan boshlab esa 20 kun davomida takliflarga ovoz berish jarayoni o‘tkaziladi», deydi u. 

«Takliflar 40 barobar o‘sdi, buni kutmagan edik»

Bloger Xushnud Xudoyberdiyevning «Tashabbusli budjet» mavzusida o‘tkazgan ovozli chatida moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov aholidan kelib tushgan takliflar 41 mingdan ziyodni tashkil etganiga to‘xtaldi. 

«Loyiha boshlangan paytda kelib tushgan takliflar soni 1100ta edi. Bugungi kunda ularning soni 41 125taga yetdi. Takliflar summasi 13 trln so‘mdan oshib ketdi. Birgalikda harakatlarimiz ortidan aholi «Tashabbusli budjet» platformasida taklif qoldirishda faol bo‘ldi. 

Qiziq ma'lumot shuki, odamlardan eng ko‘p kelib tushayotgan takliflar, asosan, ichki yo‘llarni ta'mirlashga yo‘naltirilgan, takliflar aholini qiynab kelayotgan muammolarni ko‘rsatib berdi.

Tashabbuslar kesimida ichki yo‘llarni ta'mirlash (1 150), ichimlik suv (552), ijtimoiy soha obektlarini ta'mirlashni (1245) tashkil etdi», deydi u.

Shuningdek, vazir o‘rinbosari 3-chorak yakunida tashabbusli budjet uchun ajratilgan mablag‘ 400 mlrd so‘mga yetkazilishini bildirdi.

«Joriy yilning boshida 157 mlrd so‘m aholiga tashabbusli budjet uchun ajratilgandi. Hozir bu mablag‘ 286 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda.

Respublika budjetidan qo‘shimcha 93 mlrd so‘m mablag‘ berildi, bundan tashqari, mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalaridan 10 foiz yo‘naltirilar edi, endi bu miqdor 30 foizga yetkazildi. Bu mablag‘ 3-chorak yakunlari bo‘yicha 400 mlrd so‘mga yaqinlashishi ko‘zda tutilmoqda. Yil oxirigacha mablag‘lar yana orttirilishini kutyapmiz», dedi u. 

Haydarov «tashabbusli budjet» platformasini ishga tushirishdagi zaruratga ham to‘xtalib o‘tdi. 

«An'anaviy budjet davlat organlari, hukumat tomonidan tayyorlanadi va hukumatga kiritilib Oliy Majlis tomonidan tasdiqlanadi. Mahalliy budjetlar mahalliy davlat organlari tomonidan tayyorlanib, tuman va shahar miqyosidagi deputatlar tomonidan tasdiqlanadi. 
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bu budjet ko‘pincha mahalla, pastki darajada aholini qiynab kelayotgan masalalarni qamrab olmaydi. Mahalliy budjetlarda ma'lum mablag‘lar ko‘zda tutilsa-da, o‘sha mablag‘lar shu hududdagi aholi fikrlari asosida shakllantirilishi kerak degan xulosaga keldik.

Deylik, mahalliy budjetlar daromadlarining ortiqcha bajarilgan qismini budjetdan 10 mlrd so‘m ko‘zda tutilgan bo‘lsa, 1 mlrd ortiqcha daromad qiladigan bo‘lsa, xalqning takliflari asosida shakllantirish bo‘yicha o‘yladik. Biroq daromaddan oshirilgan mablag‘lar unchalik katta emas. Agar 2019-2020 yilga qarasak, ikki yilda o‘rtacha 245 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.

Endidan shunday tartib o‘rnatildiki, mahalliy budjetlarning 5 foizi fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflar asosida shakllantiriladi», dedi vazir o‘rinbosari.

Ma'lumot uchun, Moliya vazirligi iyul oyida yangilangan «Ochiq budjet» portalini («Openbudget.uz») ishga tushirgan, u yerda davlat budjeti, davlat qarzi haqida ma'lumot e'lon qilinadi va «Tashabbusli budjet» bo‘limi yaratilgan.

Fuqarolar mahalla, aholi punktlari va tumandagi muammolarni hal qilish bo‘yicha loyihalari bilan «Openbudget.uz» platformasi orqali murojaat qilishgan. Masalan, shahar infratuzilmasini yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari qurish, ekologik vaziyat va suv ta'minotini yaxshilash, ko‘cha chiroqlarini ta'mirlash va o‘rnatish, maktablarni ta'mirlash va jihozlash va hokazo.

2 sentyabrga qadar ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tadi. Fuqarolar tasdiqdan o‘tgan takliflarga ovoz berish orqali budjetning bir qismini to‘g‘ri sarflashda ishtirok etishi mumkin. 

Buning uchun saytga kirib, saralangan takliflarga ovoz beriladi. Tashabbuslar ro‘yxatida tuman va shahar kesimida filtr qilish imkoni bor. Ya'ni o‘zingiz yashayotgan hudud uchun berilgan takliflarni ko‘rib, ovoz berishingiz mumkin. 

Masalan, Chilonzor tumanida ko‘prikka lift o‘rnatish masalasida taklif berilgan:

Portalda ro‘yxatdan o‘tmasdan turib ham SMS orqali ovoz berish imkoniyati yaratilgan. Buning uchun ma'qul kelgan taklifni tanlash va ovoz bermoq tugmasini bosish kerak bo‘ladi:

1) Telefon raqamini kiritish so‘raladi;

2) Telefonga SMS keladi. Undagi kod kiritiladi va ovoz hisobga o‘tadi.

Ovoz berish natijalari asosida tegishli tuman (shahar) hokimining g‘olib loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha qarori loyihasi tayyorlanadi. Bir hafta ichida ushbu loyihalar Xalq deputatlari kengashiga kiritiladi.

Ko‘proq yangiliklar: