SSVning ma'lum qilishicha, bunga qadar o‘zbek-rus va o‘zbek-hind qo‘shma jarrohlari 8ta ortotopik jigar transplantatsiyasini o‘tkazgan bo‘lib, bu galgi operatsiya mamlakat tibbiyoti tarixiga o‘zbek mutaxassislari tomonidan mustaqil amalga oshirilgan ilk jigar transplantatsiyasi sifatida kirdi.
10 soatdan ortiq vaqt davom etgan operatsiyada Buxoro viloyatining Romitan tumanidan kelgan jigar sirrozi bilan xastalangan bemor — 38 yoshli Azima Roziqovaga 42 yoshli akasi Bekmurod Roziqovning jigaridan bir bo‘lak ko‘chirib o‘tkazilgan. Hozirda bemorlarning ahvoli yaxshi, donor palataga olingan.
«Singlim ko‘p yillardan beri shu dard bilan og‘rib, vaqti-vaqti bilan muolaja qilib yurardi. Dastlab tumanimizda, so‘ng Buxoro shahrida ko‘p marta davolandi, lekin foydasi bo‘lmadi. Shundan so‘ng imtiyozli order olib, ushbu shifoxonaga keldik. Hozir o‘zimni ancha yaxshi his qilyapman. Ayniqsa, singlimning ahvoli yaxshi ekanidan, og‘ir darddan xalos bo‘lganidan juda ham xursandman.
Shifokorlar menga ikki kundan so‘ng javob berisharkan. Ularning aytishicha, jigarim 2 haftada o‘zini tiklab olar ekan. Operatsiyada ishtirok etgan barcha shifokor va hamshiralarga o‘z minnatdorligimni bildiraman», deydi donor Bekmurod Roziqov.
«Bu kasallik menda 6 yil avval boshlangan edi. Ayniqsa shu yil ahvolim juda og‘irlashdi, tanam shishib ketdi. Toshkentga kelib, tibbiy tekshiruvlardan o‘tganimdan so‘ng shifokorlar bu kasallikni davolashning birdan bir yo‘li transplantatsiya ekanini aytishdi.
Operatsiyadan chiqqanimga 4 kun bo‘ldi. Hozir ancha yaxshiman. Kecha bir-ikki qadam yurdim, bugun ham karavotim atrofini aylanmoqchiman», deydi Azima Roziqova.
Operatsiyaga boshchilik qilgan jarroh, professor Mirshavkat Akbarovning ma'lumot berishicha, O‘zbekistonda bugungi kunda jigar sirrozi bilan og‘riydigan bemorlar soni har ming kishiga 5-6 nafarni tashkil etadi.
«Jigar sirrozining asosiy davosi bu — jigar transplantatsiyasidir. Shu jumladan, eng ko‘p transplantatsiyalardan biri yaqin qarindoshlar orasida amalga oshiriladi.
O‘zbekistonda jigar transplantatsiyasi dasturini rivojlantirishning yangi bosqichi Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Rossiyaning akademik V.I. Shumakov nomidagi transplantologiya va sun'iy organlar milliy tibbiyot ilmiy markazi o‘rtasida memorandum imzolanishi bilan boshlandi. Hamkorlik doirasida mutaxassislarimiz bir necha bor Rossiya transplantatsiya markazida malaka oshirish kurslarida qatnashdi.
Keyin bu kabi operatsiyalarni yurtimizda mustaqil yo‘lga qo‘yishimiz kerak, degan qarorga keldik. Boisi, chet eldan mutaxassislarni chaqirish bilan bu kasallikni yengib bo‘lmaydi. Bugungi kunda kamida yiliga 40-50 nafar yurtdoshlarimiz jigar transplantatsiyasi uchun xorij davlatlariga borishmoqda. Lekin hammaning ham bunga imkoni yo‘q. Shuning uchun ilk marta mustaqil jigar transplantatsiyasini amalga oshirdik. Aminmiz, ikki bemorimiz ham to‘liq sog‘ayib ketadi. Yaqin kunlarda yana bitta jigar transplantatsiyasi amaliyotini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz.
Bir so‘z bilan aytganda, bu hali boshlanishi. Kelajakda jigar transplantatsiyasini kundalik operatsiyalar qatoriga qo‘shib, ushbu kasallik bilan og‘rigan bemorlarimiz dardiga darmon bo‘lish niyatidamiz», deya ta'kidlaydi u.