Koronavirus keng va tez tarqalishida badavlat davlatlar aybdormidi?

Jahon 19:47 / 17.08.2021 7934

«Katta yigirmatalik»ning aksar davlatlari Covid-19’ning supertarqatuvchisiga aylangan. Koronavirus Xitoy (virus tarqalayotganini yashirishga uringan davlat) sarhadlarini tark etgach, AQSh va boshqa bir qator boy davlatlar pandemiyaning ilk bosqichlarida xatolarga yo‘l qo‘yishdi va bu virusning dunyo bo‘ylab tarqalib ketishiga sabab bo‘ldi. Katta davlatlar sal ertaroq chora ko‘ra boshlaganida qashshoq davlatlarda kasallanish holatlari soni qisqa muddat ichida bunchalar ko‘payib ketmagan bo‘lardi. Undan ham yomoni ularda butun dunyoni emlash istagi yo‘qligi vaksinatsiyani bema'ni tadbirga aylantirib, virusning yangi, yuqumliroq va xavfliroq shtammlari paydo bo‘lishi uchun sharoit yaratib berdi.

Statistik modellarning ko‘rsatishicha, o‘tgan yilning martigacha bo‘lgan xalqaro aviareyslar koronavirusning global miqyosda tarqalishida eng muhim faktor bo‘lgan. Buni quyida keltirilgan «alfa» shtammi (shuningdek, britan yoxud kent shtammi nomi bilan ham mashhur) tarqalishi va o‘tgan yil oktyabrda London aeroportlaridan turli davlatlarga bo‘lgan aviareyslar chastotasini izohlovchi grafikalarda ham ko‘rish mumkin. «Alfa» shtammi tarqalishida, xususan, Ispaniya, Italiya va Germaniya ajralib turgan.

Pandemiyaning ilk bosqichlaridagi ma'lumotlar virusning turli shtammlari qanday paydo bo‘lganini ko‘rish imkonini beradi. Agar biz bu ma'lumotlarni hukumatlar tomonidan qo‘llangan choralar haqidagi «Oksfordning Covid-19’ga davlatlarning reaksiya qilish choralari monitoringi» (OxCGRT) bilan solishtirsak, kasallikning tarqalishini aniqlash mumkin. AQSh va Buyuk Britaniyaning xato qarorlari «Katta yigirmatalik» davlatlari orasida ajralib turadi.

Supertarqatuvchi shaharlardan biri – Nyu-York. Koronavirus bilan ilk kasallanish holati 2020 yilning 29 fevralida, ya'ni AQSh Xitoyning muayyan hududlaridan kirishni taqiqlaganidan bir oycha o‘tib qayd etilgan. Covid-19 Italiyada «javlon urayotgan» bo‘lsa-da, AQSh Yevropa qit'asidan kelayotganlarga cheklovni JSST pandemiya boshlanganini e'lon qilganidan ikki kun o‘tibgina, ya'ni 13 martga kelib joriy qiladi va 16 martdan bu taqiq Buyuk Britaniya va Irlandiyadan keluvchilarga ham qo‘llana boshlanadi.

Virusni sekvensiya (birlamchi tuzilishini aniqlash) qilishdan olingan ma'lumotlar koronavirus Nyu-Yorkka Xitoydan to‘g‘ridan to‘g‘ri kelmaganini ko‘rsatyapti. Aksincha, AQShning yevropaliklarni kiritish-kiritmaslik borasidagi ikkilanishi yankilar shahrida virusning keng tarqalib, ko‘plab kishilar umriga zomin bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

Undan tashqari, AQSh ichida karantin davrida shtatlararo harakat to‘xtatilmadi. OxCGRT ma'lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshlangach, 17 shtat harakatlanish borasida umuman cheklov qo‘ymagan. AQSh hududidagi pandemiya davrining dastlabki oylaridagi virus genealogiyasining ayni to‘plami birinchi shtamm yo‘q qilingan joylarda ham virus yana paydo bo‘lgan. Aviareyslar virus genomikasi bilan bog‘langan tadqiqotda Covid-19 AQSh ichida tarqalishi xalqaro aviareyslar emas, amerikaliklar o‘zaro kasallanishi hisobiga ro‘y bergan deb xulosa qilsa bo‘ladi.

Pandemiya bilan qiynalib kurash olib borgan Britaniya yana bir supertarqatuvchiga aylandi. Bu haqda virus qayerda va qachon aylana boshlagani genomikasiga tayanib taxmin qilish mumkin. O‘z sohasida dunyodagi eng yirigi bo‘lmish «Covid-19 genomikasi Britaniya konsorsiumi» (COG-UK) Britaniyada birinchi to‘lqinda kasallangan odamlardan olingan 26 mingdan ortiq virus izolyatlarini sekvensiya qilib, olingan ma'lumotlarni boshqa davlat ma'lumotlari bilan solishtirib ko‘rgan.

Xulosa ikkita. Birinchidan, Yevropa Britaniyadagi shikastlanishlar manbayi bo‘lgan. 2020 yil iyuliga qadar kirib kelgan viruslarning 80 foizi mamlakatda bir oy davomida paydo bo‘lgan – 27 fevraldan 30 martga qadar va ular asosan Yevropa qit'asidan «olib kelingan»: uchdan biri Ispaniyadan, 29 foizi Fransiyadan, 12 foizi Italiyadan va atigi 0,4 foizi bevosita Xitoydan kirib kelgan.

Ikkinchidan, chegara oshib kirib kelishlar Britaniyada virusning yangi genetik variatsiyalari paydo bo‘lishiga olib keldi. Bunda kasallangan aholida virusning yangi shakllari paydo bo‘lish tempi 2020 yilning martida cho‘qqisiga chiqqan. Ana shundan keyingina Britaniya pandemiya bilan kurashishning nofarmatsevtik choralarini qo‘llay boshladi va «OxCGRT’ning choralarning qattiqqo‘llik indeksi»da ballari oshishiga sabab bo‘ldi: 17 balldan 80ga ko‘tarildi va virus izolyatlari xilma-xilligi kamaya boshladi. Boshqacha aytganda, nofarmatsevtik chora-tadbirlar Britaniyadagi virusning genealogik shakllarini yo‘q qilishga yordam berdi.

Bu kabi xatolar «Katta yigirmatalik» davlatlarining pandemiyaga qarshi kurash menejmenti sifatini shubha ostiga qo‘yadi. Dunyoning yirik va iqtisodiy baquvvat davlatlari xalqaro aviatashuvlarni ertaroq (bu ayniqsa Yevropadan kelayotganlarga tegishli) to‘xtatganlarida va davlat ichida harakatlanish cheklovlarini joriy qilishganida Covid-19 keltirgan ziyonni ancha kamaytirishlari mumkin edi.

Virus eksportini cheklash – vaksina paydo bo‘lguniga qadar kasallikning kambag‘al davlatlarga tarqalishini sekinlatishi (ehtimol bartaraf qilishi) mumkin edi. Bu esa, o‘z navbatida o‘sha davlatlarda ularga qimmatga tushgan karantindan qochish imkonini berishi mumkin edi. «Katta yigirmatalik» davlatlarining hukumatlari virus importini bartaraf qilishga diqqatni qaratishdi, uning eksportiga emas. Ortga boqib virus tarqalishini to‘xtatish imkoni bo‘lganini anglash mumkin. Buning uchun hukumatlar samolyotga chiqayotganlar va karantinni tark etayotganlardan takroriy manfiy test talab qilishlari kerak edi.

Covid-19 tarqalishini tezlatib, badavlat davlatlar endi vaksinatsiyadan bosh tortishga urinyapti. Vaholanki, vaksinatsiyaga boshqalar ko‘proq muhtoj. Undan tashqari, boy davlatlar vaksina g‘amlashga kirishib ketishdi. Ommaviy va zudlik bilan qo‘llash zarurati yo‘q esa-da, uchinchi dozani qo‘llashga qaror qildi.

Bu vaqtda koronavirus rivojlanayotgan mamlakatlarda «pishqirib» ketyapti va vaksina yetishmovchiligi bois tibbiyot xodimlari kurashning birinchi safida jon berishmoqda. 2021 yilning boshidan beri pandemiyadan vafot etganlar soni 2020 yildagi barcha qurbonlar sonidan ortib ketdi. Ko‘plab mutaxassislar vaksinatsiya sust ketayotgan hududlarda «delta» va boshqa shtammlarning tarqalib ketishi haqida bong urishmoqda.

«Katta yigirmatalik» davlatlari koronavirusga qarshi kurashishda yo‘l qo‘ygan xatolarini qoplab berishlari va jahonning riskka moyil guruhlarini emlash majburiyatini olishlari shart. Supertarqatuvchi davlatlar sifatida esa, patogenlar va odamlarni harakatlanish protokollarini kuzatish bo‘yicha yangi standartlar ishlab chiqishlari zarur va shu orqali kelajakda infeksiyaning supertarqatuvchisi bo‘lishmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: