“Katta biznes qurish uchun avvalo ilm kerak” - tadbirkor Husan Mamasaidov bilan suhbat

Business class 18:30 / 13.08.2021 202651

O‘zbekistonda biznes-ta'limning ommalashishida MFaktor loyihasi alohida o‘rin tutadi. Yoshlar va ayniqsa tadbirkorlar uchun foydali loyiha bugungi kunda ziyoli va ilmli biznesmenlar minbari sifatida tanilib ulgurdi.

Loyiha asoschilaridan biri – Husan Mamasaidov Kun.uz “Business Class” ruknining navbatdagi soni mehmoni bo‘ldi.

Suhbatdoshimizni ko‘pchilik akasi Hasan Mamasaidov bilan birgalikda Office Market, Deli va Decos kabi nomdor brend asoschilari sifatida taniydi. Biz ko‘rsatuv davomida muvaffaqiyatli tadbirkorning biznesda bosib o‘tgan yo‘li, hayotiy tajriba va xulosalari bilan qiziqdik.

“Biznesmenlik qobiliyatini xudo yuqtirgan insonlar ko‘p, lekin agar tadbirkorlik ilmini bilsangiz, biznesingizni kengaytirish imkoni ko‘proq bo‘ladi.

Albatta, xudo baraka bersa, biznesning ilmini bilmasdan ham baraka topgan insonlar ko‘p. Lekin hammaning ham tog‘asi yo amakisi tijoratdagi inson emas-da.

Biz Hasan akam bilan 1994-1998 yillarda biznes boshqaruvi fakultetida o‘qiganmiz, u yerda har oy Malaziyadan professorlar kelardi. Marketing, moliya, iqtisodiyot, menejment kabi har xil fanlardan dars olganmiz. 1997 yilda oilaviy biznesimiz – Office Market'ni boshlaganimizda biz olgan nazariy bilimlar va dadamizning hayotiy maktablarini birlashtirganmiz. Natijada, ko‘p kanstovarchilar orasida Office Market bo‘lib ajralib chiqa oldik.

Kanstovar bozoriga kirgan paytimizda, bizdan zo‘rlar ko‘p edi. Biz to‘rt quti ruchka olib boshlaganmiz. “Quyoshli” bozorida ishlaydigan yaxshi akalarimiz bor, ular haligacha 3x4 o‘lchamli do‘konda o‘tirishibdi. Biz ulardan mol olib sotishni boshlagandik... Lekin hozirgi kunda bizning korxonamiz kerak bo‘lsa “Quyoshli”dagi 400ta do‘kondan kamida 100tasiga tovar yetkazib beradi.

Ya'ni, biznesda ham ilm muhim ekan. Ilmini bilmasangiz, kichik miqyosda yuraverasiz: qora qozon qaynaydi, “Neksiya”ngiz “Lasetti” bo‘ladi, “Lasetti”ngiz “Captiva” bo‘lar, lekin masshtablashtirish uchun ilm kerak.

Biznes ilmi haqida gap ketganda, eng katta muammo – yoshlarimizning ko‘pi rus tili yoki ingliz tilini bilmasligida. Bizning baxtimiz – o‘z vaqtida ota-onamiz bizga rus tili va ingliz tilini o‘rganish uchun sharoit qilib berganlar.

Avval pulning kuchi bilan bitta uskuna olib kelsa bo‘ldi edi, hozir esa million dollarlik uskuna qo‘ysa ham, savdosi bo‘lmaydi. Tadbirkorlarimiz endi tushunishyapti: marketingni bilish kerak ekan, savdoni tizimlashtirish kerak ekan, xodimlarni qanaqa boshqarishni, KPI'ni qanday yo‘lga qo‘yishni, nimani va'da qilish va nimani va'da qilmaslikni o‘rganish kerak ekan. Buning ilmi bor”, – deydi Husan Mamasaidov.

Tadbirkor suhbat davomida biznesdagi ilk qadamlari, oilaviy tadbirkorlikning turli jihatlari, o‘z hayotiy missiyasini nimalarda ko‘rishi kabi qator mavzularda so‘z yuritdi.

Husan Mamasaidov, shuningdek, MFaktor loyihasiga munosabati, unga sarflanayotgan mablag‘ va biznes-treninglar haqida ham samimiy so‘zlab berdi. To‘liq videoni Kun.uz'ning YouTube'dagi kanalida tomosha qiling.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhammadjon G‘aniyev.

Ko‘proq yangiliklar: