Kun.uz saytida Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi «Yangiobod nasl chorva mollari» va «SAMARQAND MILK» MChJ «Xalq banki», «Agrobank» va «Mikrokreditbank»ning tumanlardagi bo‘limlari kafolat xatida ko‘rsatib o‘tilgan muddat o‘tib ketgan bo‘lsa-da, hamon pul mablag‘larining ma'lum bir qismini to‘lamasdan paysalga solib kelishayotgani haqida hikoya qilingan edi.
Umuman, bunday voqealar haqida avval Surxondaryoning Sho‘rchi va Qashqadaryoning G‘uzor tumanlarida ham ro‘y bergani haqida xabarlar berilgandi.
Qisqacha aytganda, prezidentning «Har bir oila — tadbirkor» dasturini amalga oshirish to‘g‘risida»gi 2018 yil 7 iyundagi 3777–sonli qarorini bajarish yuzasidan banklar tomonidan aholiga chorva mollarini 3 yil muddatga, qayta moliyalash stavkasi bilan teng foizda, imtiyozli davri bilan kreditga berilishi nazarda tutilgan.
Mollarining izi ham, o‘zi ham yo‘qolgan fermer va xatiga kafolat berolmayotgan Samarqanddagi banklar
Avvaliga har qanday mayda va yirik shoxli mollar uchun ham berilaverdi, keyinchalik respublika ichidagi mollar aylanmasining oldini olish, tuyoqlar sonini ko‘paytirish maqsadida faqat import qilingan zotdor qoramollarga kredit ajratib kelinmoqda.
Bunday kredit uchun garov ta'minoti va boshlang‘ich to‘lov yo‘q. Fuqaro ta'minotchi bilan shartnoma tuzadi, bankdan kafolat xati olib borib, chorvani olgach, fakturani bankka topshiradi. U faqat kredit sug‘urtasini to‘laydi. 6 oy imtiyozli davrdan so‘ng kreditni so‘ndira boshlaydi.
Lekin ko‘ryapmizki, bunday kredit ajratish va uni qaytarish masalasida bir qator chalkashliklar bor. Bu yerda kuyib qolishi mumkin bo‘lgan tomon asosan ta'minotchi. Ular chorva uchun pullarni o‘z vaqtida ololmay halak bo‘lishmoqda. Bunday voqealar bugungi kunda har bir viloyatda ro‘y bermoqda.
Muammolarga nima sabab bo‘lmoqda?
Eng avvalo, ko‘p joylarda banklar, sektor rahbarlari va hokimliklardagi komissiya raislari kredit ajratish masalasiga panja orasidan qarashmoqda. Kreditni uni qaytara olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan insonlarga berish muammoning bir tomoni bo‘lsa, yana qoramollar mablag‘ni qaytarmaydigan insonlarga ataylab, qasddan ajratib berilayotgani ham taassufli (bu yerda turli korrupsion sxemalar ham bo‘lishi mumkinligini istisno etib bo‘lmaydi).
Chorva mollari uchun kredit garovsiz va boshlang‘ich to‘lovsiz berilayotganining o‘zi boshboshdoqlik uchun katta yo‘l ochgan. Chunki bunga aralashayotgan «uchar»lar hech narsa bilan risk qilmaydi.
Keling, vaziyat qandayligini birma-bir tahlil qilib ko‘ramiz. Men bu borada bir haftacha surishtiruv olib borib, hamma tomondan juda ko‘p insonlar bilan gaplashdim.
Banklarning e'tirozi
Vaziyat shundayki, kredit olgan fuqarolar uning sug‘urtasi uchun to‘lovni qilishmayapti. Aksariyati, umuman, kreditni bankka qaytarishni o‘ylashmaydi ham. Pul undirish uchun borgan bankirlarga qarata: «Molni menga prezident bergan, qayerga borsang bor», deb molni allaqachon bozorga chiqarib sotib yuborib, pulini o‘z ehtiyojlariga ishlatib yubormoqda.
Ta'minotchidan qoramolni qabul qilib olgach, fakturalarni bankka taqdim etmaydigan fuqarolar bor. Aytaylik, kredit xotinning nomiga chiqsa, er ta'minotchining oldiga borib, chorvani qabul qilib, yo‘l-yo‘lakay sotib yuborib, xotini keyin «chorvani men olganim va ko‘rganim yo‘q», deb turgan holatlar ham yuz bermoqda. Holbuki, rafiqasi hammasidan xabardor.
Ayrim holatlarda esa «uchar»lar qishloqlardagi kam ta'minlangan oilalarni aldab, ularning nomiga kredit rasmiylashtirib, qoramollarni bozorda pullab yuborib, pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborishgan va xorijga qochib ketishgan (shu kabi holatlar yuz bergani haqida ma'lumotlar tahririyatda bor).
Bunday holatlar resurslarning bankka qaytishini kamaytirmoqda, yangi kredit ajratishga to‘sqinlik qilmoqda, banklarga ta'minotchilarga pul mablag‘larini o‘tkazib berishda qiyinchiliklar yaratmoqda. Bankirlar kreditlarni yig‘ish uchun qimmatli vaqt va asablarini sarflab, uyma-uy darvoza taqillatib yurishga majbur bo‘lishmoqda.
Aholining bank va ta'minotchilarga e'tirozi
Aholi asosan ta'minotchilarni molni tirik vazni bilan sotayotgani va bu holatda juda qimmat narx belgilayotganlikda ayblashmoqda. Lo‘nda qilib aytganda, ta'minotchilar qoramollarning bozor narxiga nisbatan qariyb ikki barobargacha narx belgilab olishgan. Bu esa kreditga mol olib boqishni aniq samarasiz mashg‘ulotga aylantiradi.
O‘zingiz o‘ylang, bozorda mol go‘shtining narxi kilosi 50-55 ming so‘m atrofida bo‘lib turganda ta'minotchilar tirik vaznga 60-65 ming so‘mdan narx belgilashi, chindan ham insofsizlikdir.
Ayrim ta'minotchilar chorvani berib ham o‘tirmasdan, darhol ajratiladigan kreditning 75-80 foizi miqdorida naqd pul ham taklif qilishayotgan ekan.
Banklar esa kredit so‘rab murojaat qilgan fuqarolarga «kafolat xati» berish uchun 200 AQSh dollarigacha «shirinkoma» o‘rnatgani ham aytilmoqda.
Ta'minotchilarning e'tirozi
Ta'minotchilar ham bu kabi vaziyatlardan juda yaxshi xabardor. Bankdan pulni undirish oson bo‘lganida ular ham mollarga real narx belgilagan bo‘lishardi.
Lekin ularning vazifasi faqat shartnoma imzolab, chorvani hisob-faktura bilan berib yuborib, pulni qabul qilish bilan cheklangan bir holatda ular mablag‘ni o‘tkazishni paysalga solayotgan bank va chorva olgan aholi ortidan oylab quvib yurishga majbur bo‘lishmoqda. Ayrim holatlarda ish sudlashishgacha borib yetmoqda.
Shu sohada ro‘zg‘or tebratib yurgan ta'minotchilardan biri bilan suhbatlashganimizda, u qoramolni tirik vazni uchun 45 ming so‘mdan narx belgilagani, import qilishda unga mollar bojxona va QQS to‘lovlaridan so‘ng kilosi 35 ming so‘mdan tushgani, ustiga 10 ming so‘m foyda qo‘yayotganini aytdi.
Lekin, ta'minotchilardan biri bank bilan til biriktirgan, hattoki o‘sha bankning o‘zida ishlovchilarga tegishli ta'minotchi korxonalar ham borligi, 2 barobar narxlar o‘shanday ta'minotchilar tomonidan belgilanayotganiga ham sha'ma qilindi. Banklardan birining yuristi o‘zining ham ta'minot korxonasi borligini tan oldi.
Albatta, bu naqadar noqonuniy xatti-harakat ekanligiga tegishli organlar baho bera oladi. Lekin bu xatti-harakatlar kredit siyosatiga raxna solayotgani, ta'minotchi korxonalar o‘rtasida noteng raqobat sharoiti paydo qilayotgani haqiqat. Chunki ayrim banklar aholi vakillariga «faqat mana shu ta'minotchidan chorva olasan», degan shartlarni ham qo‘yishmoqda.
Bundan tashqari, banklar kredit papkalarini o‘z vaqtida tayyorlamagani, zarur to‘lovlar va hujjatlarni to‘plashda ishga panja orasidan qarayotgani, ta'minotchilarga kredit sug‘urtasini to‘lashga majburlayotgani haqidagi holatlarga ham duch keldik.
Bularning bari bozordan haqqoniy o‘yinchilarning chiqib ketishiga sabab bo‘ladi. Masalan, «Yangiobod naslli chorva» MChJ bunday kreditlarga chorva ajratishni bas qilgani, banklardan kafolat xati keltirganlarga rad javobi berayotganini ma'lum qildi. Chunki, yakunda to‘lovidan tushovi qimmatroqqa tushmoqda.
Ishlardan kimdir yutyaptimi?
Chetdan xolis nigoh bilan qaraganda vaziyat imkon qadar bir-biridan ko‘proq yulib qolishga o‘xshamoqda. Hamma jabr ko‘rmoqda: aholi ham, bank ham, ta'minotchi ham. Faqat ilonning yog‘ini yalagan ayrim ucharlardan tashqari.
O‘zi kredit, kam ta'minlangan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi lozim bo‘lgan oilalarga yashash sharoitlarini yaxshilab olishlari uchun berilishi kerak.
Ammo, bir xomcho‘t qilaylik: 20 mln so‘mga 2 ta qoramol olinsa, uning oylik kredit to‘lovi 1,5 mln so‘m atrofida bo‘ladi. 2 bosh mol oyiga kamida 1,5 mln so‘mlik yem-xashak, ozuqa yeydi. Oyiga — eng kamida 3 mln xarajat. Faqat molning o‘ziga 3 mln xarajat qila oladigan oila avvalo kam ta'minlangan hisoblanmaydi.
Qishloq joylarda boqish uchun joy bor, yem-xashak tekin-ku, deyilgan taqdirda ham zotdor mollarga kuniga buncha yem-xashakni yetkazib berishning o‘zi muammo. U yerlarda allaqachon bir qarich yerning ham o‘z egasi bor.
Tabiiyki, oyiga buncha xarajat qila olmaydiganlar molni boqolmasdan, sotib yuboryapti. Keling, Kun.uz’ga ma'lum bo‘lgan bir misolni keltiramiz.
7 nafar a'zodan iborat, (ularning ikki nafari nogiron) bo‘lgan kambag‘al oila 2020 yil oktyabrida «Xalq banki»ning Keles filialidan 30 mln so‘m kredit evaziga bank ko‘rsatgan ta'minotchidan 3 bosh qoramol oladi. 2021 yilning may oyiga qadar oila amal-taqal qilib mollarni boqadi. Bunga qadar oila yem-xashakning o‘zidan 7 mln so‘m qarz bo‘lib qoladi. Shartnomani bekor qilish va mollarni qaytarib berish taklif qilinganda bankdagilar fuqaroga «chuchvarani xom sanagani»ni aytishadi. So‘nggi chora — mollarni sotib, har kuni eshikni taqillatib keluvchi bankirlardan qutulish... Ammo, buni qarangki mollar bozorga solinganda 15 mln so‘mga baholanadi! «Kambag‘alni tuyaning ustida ham it qopadi», deb bejiz aytishmagan ekan.
Tabiiy savol tug‘iladi.
Imtiyozli kreditlar o‘zini oqlayaptimi?
Butun rivojlangan dunyoda kreditni qaytarish qobiliyatiga ega bo‘lmagan kam ta'minlangan aholi vakillariga ehtiyotkorroq bo‘lib, yetti o‘lchab bir kesib kredit beriladi, to‘g‘rirog‘i, aksariyat hollarda rad etiladi.
To‘g‘ri, bizda eng oydin niyatlarda «kam ta'minlangan aholi boyisin, tadbirkor bo‘lsin», degan maqsadlarni ko‘zlab bu ishlarga qo‘l urilgani aniq. Lekin davlat banklari tomonidan ajratilayotgan kredit mablag‘laridan umuman boshqa insonlar foyda qilib turganda qilinayotgan ishlarni maqsadga muvofiq deb atasa bo‘larmikan?
O‘zi kambag‘al va kam ta'minlangan qatlamni (arzon va imtiyozli) kredit ajratib, o‘rtaholga aylantirish tajribasi dunyoda mavjud emas.
Asosan qishloq joylarda istiqomat qiladigan kambag‘al qatlam odatda ularning suv, gaz, elektr ta'minoti, avtoyo‘llardan foydalanish imkoniyati yaxshilanib, sifatli maktab ta'limi, malakali tibbiyotdan foydalanish imkoniyati oshirilib, ijtimoiy pulli yordam ko‘rsatish bilan o‘rtaholga aylantiriladi.
Har yili mana shunday samarasiz oilaviy tadbirkorlikka sarflanayotgan 8–9 trln so‘m mablag‘, masalan, ishsiz ayollarga nafaqa berish, bolalar pulini ko‘paytirish kabi ijtimoiy ko‘maklarga sarflansa, ko‘proq samara beradi.
Imtiyozli kreditlash — u qanday maqsadlardan e'lon qilingani va siyosiy samimiyat mavjudligidan qat'i nazar, faqat o‘rtakash dallollar hamda chayqovchilar manfaatlariga xizmat qiladi. Hozirgi oilaviy tadbirkorlikni kreditlash tizimidan hamma dod deyapti: banklar ham, kam ta'minlanganlar ham, ta'minotchi korxonalar ham.
Kam ta'minlanganlarga imtiyozli kredit ajratishning 4 yillik tajribasi kutilgan natijani berdimi? O‘tgan davrda 300 mingdan ortiq kam ta'minlangan deyilgan fuqarolarga mana shunday kreditlar ajratildi. Shulardan qanchasi o‘rtaholga aylandi, kimdir buni hisoblayaptimi?
Chorvachilikni rivojlantirish masalasi
Qolaversa, so‘nggi 2 yilda asosan chetdan zotdor sigirlar va buqalar keltirib berilyapti. Sigirlar kuniga 20–25 litr sut beradi. Bu mollarga kunlik sarf ikki odamni boqishga ketadiganidan ko‘proq xarajat talab qiladi.
Birinchi muammo: ta'minotchilar o‘sha zotdor sigirlarni o‘ta yuqori narxda keltirishyapti. Yoki o‘zi zotdor bo‘lmagan, xashaki mollarni zotdor mollar narxida olib kelishmoqda.
Ikkinchi muammo: Kambag‘al odamning qo‘liga tushgan zotdor mol 1 yil o‘tmasdan, yetarli ozuqa va parvarish ko‘rmasdan o‘zimizning xashaki sigirlardan farqsiz bo‘lib qolyapti. Zotdor mollarni na ularni boqishga iqtisodiy imkoniyati, na tajribasi bo‘lgan qashshoq odamlar qo‘liga topshirishning o‘zi jinoyat.
O‘zbekistonda mavjud cheklangan yer, cheklangan ozuqa sharoitida go‘sht va go‘sht mahsulotlari importi ko‘payib borishini tabiiy qabul qilish vaqti keldi. 340 ming gektarlik maydonda bundan ortiq mol boqib va go‘sht ishlab chiqarib bo‘lmasligini tan olish kerak.
Qoramol tuyog‘i soni oshishi va aholi soni o‘sishiga e'tibor bering. Qoramol soni shuncha shishirilishiga qaramay, baribir ular ortda qolyapti. Bu yo‘l bilan nisbiy afzallikni oshirib bo‘lmaydi. Odamlarni mol boqishga emas, yuqori renta yaratadigan ishlarga yo‘naltirish kerak.
Go‘sht va qoramol bo‘yicha ochiq bozor siyosatiga o‘tish kerak. Toki chetdan elektr va gaz import qilib, buni tan olmagunimizcha vaziyatni muvozanatlashtirib bo‘lmadi-ku? Bu sohada ham vaziyat xuddi shunday.
Endi bozorni arzon kredit-u qoramol boqishga yo‘naltirish bilan aldab bo‘lmaydi.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.