Firibgarlar o‘nlab davlatlar bilan vaksina yetkazish bo‘yicha kelishuv imzolashga uringan - WSJ

Jahon 23:35 / 12.08.2021 8495

Jinoiy tashkilotlar va alohida shaxslar bir qator davlatlar va hududlar hukumatlari bilan bog‘lanib, ularga koronavirusga qarshi vaksinalar yetkazish bo‘yicha kelishuvlarni imzolashni taklif qilgan. Bu haqda hujjatlar va manbalarga tayanib The Wall Street Journal nashri xabar berdi.

Firibgarlar o‘nlab davlatlar hukumatlariga Pfizer/BioNTech, Johnson & Johnson va AstraZeneca vaksinalarini taklif qilgan. Ushbu davlatlar vakillari ularni aldashga urinayotganlarini fahmlamaguncha, firibgarlar bilan muzokaralar olib borgan. Firibgarlar murojaat qilgan davlatlar orasida Niderlandiya, Latviya, Fransiya, Isroil, Chexiya, Avstriya, Argentina, Kolumbiya, Braziliya, Kanada va Ispaniya bor.

WSJ’ning tegishli so‘roviga javoban bir qator hukumatlar vakillari vaksinalar yetkazish bo‘yicha umuman muzokaralar olib bormayotgani va ularni Yevrokomissiya orqali olayotganini yoki bevosita ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bilan kelishayotganini ma'lum qilgan.

Braziliya prezidenti ofisi vakili mamlakat hukumati bunday firibgarlar bilan muzokaralar olib borgani, biroq pirovard natijada ular bilan kelishuv imzolashdan bosh tortganini ma'lum qilgan. Kolumbiya sog‘liqni saqlash vazirligi vakilining ta'kidlashicha, hukumat bunday takliflar olgan, biroq “sotuvchi”dan vaksina ishlab chiqaruvchi ekanini isbotlashi talab qilinganda, u “qochib qolgan”.

AQSh ichki xavfsizlik vazirligining ta'kidlashicha, mamlakatda o‘zini vaksina tarqatuvchilar deb ko‘rsatayotgan va hukumatni vaksina yetkazishga kelishuvlarni imzolashga ko‘ndirishga urinayotgan 50dan 75gacha jismoniy shaxs va kompaniya bor. Jumladan, Pfizer kompaniyasi 45ta davlatda 86ta shunday firibgarlik holatidan xabardor ekanini ma'lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: