«Vaksinatsiyaning o‘zigina yetarli emas». Odatiy hayot tarziga qanday qaytiladi?

Jahon 12:55 / 11.08.2021 19368

Dunyoda koronavirusdan emlanganlar soni ortib borar ekan, pandemiya ustidan qozonilajak g‘alaba, chegaralarning ochilishi, transport aloqalarining tiklanishi va umuman olganda biz pandemiyagacha bilgan odatiy hayot tarziga qaytish haqida ko‘p gapirila boshlandi. Biroq JSST vaksinatsiya katta templarda ketayotgan badavlat davlatlarga nafaqat niqoblarni yechmaslik balki boshqa cheklov choralarini ham bekor qilmaslikni tavsiya qilmoqda. Olingan vaksina virus yuqishidan qanchalik muhofaza qiladi va niqoblarni qachon yechish mumkin bo‘ladi?

Yashirin tahdid

Bir oy muqaddam Singapurdagi ruhiy xastaliklar internatining 37 yoshli bemorida koronavirus aniqlanganda muassasa rahbariyati vahima ko‘tarishga shoshilmadi.

Muassasaning o‘ziga xosligi hisobga olingan holda barcha xodim va salomatligi omonat bo‘lgan xastalar risk guruhiga kiruvchilar sifatida fevral-mart oyidayoq emlanishgandi. Biroq har ehtimolga qarshi internat karantinga yopildi. Barcha xodim va bemorlar, shuningdek, kasallangan ayol va uning boquvchisi bilan muloqotda bo‘lganlar karantinga olindi va muntazam test qilib turildi.

Keyingi hafta davomida o‘ttiz kishida, shu jumladan, filippinlik boquvchi ayolda ham virus aniqlandi. Undan tashqari, internatning to‘rt xodimi va 26 nafar bemorida ham koronavirus aniqlandi.

Kasallanganlarning aksari koronavirusga qarshi emlangan (ya'ni ikki dozani ham olgan) va diagnoz qo‘yilgan chog‘da hech qanday simptomlar yo‘q edi.

Markazdagi ko‘k aylana 37 yashar bemor. Yashil aylanalar u bilan muloqotda bo‘lgan va emlanib, virus yuqtirganlar. Kulrang aylanalar – emlanmaganlar.

Emlanish virusdan 100 foiz himoya qilmaydi, deya tasdiqlaydi JSST. Ikkala doza olinib, organizmning immun javobi maksimal darajaga chiqishi kutilgan taqdirda ham, koronavirus bilan kasallanish ehtimoli qolaveradi.

Undan tashqari, emlanishga bo‘lgan reaksiya juda ham individual. Qariyalar, surunkali kasalliklari bor yoki antidepressantlar ichadigan odamlarda organizmning himoya javobi sustroq bo‘lishi mumkin. Demak, hatto vaksinatsiyadan keyin ham ularga virus yuqishi ehtimoli yuqoriligicha qolaveradi.

Umuman olganda, ko‘plab tadqiqotlar emlangan odam koronavirus yuqtirgan taqdirda ham, infeksiya unda asosan simptomlarsiz, kamdan kam hollarda nisbatan yengil shaklda o‘tishini ko‘rsatadi.

“Emlanish qutqaradi, lekin vaksinatsiyaning o‘zi bilangina muammoni hal qilib bo‘lmaydi. Virus tarqalishiga qarshi barcha usullar bilan kurashishda davom etish kerak. Ayniqsa, atrofda ko‘pchilik emlanmagan va Covid-19 bunchalar keng tarqalgan sharoitda”, deyishmoqda JSSTdagilar.

Kasallanmagan degani sog‘lom degani emas

So‘nggi damlargacha olimlar emlangan odamlar nafaqat kasallanishlari, balki infeksiya tashuvchisi bo‘lishlari mumkinligi borasida ishonch hosil qila olmadilar.

Gap shundaki, tasdiqlangan barcha vaksinalarning klinik sinovlari preparatning xavfsizligi va kasallanishning simptomatik holatlarini bartaraf qilish xususiyatlarini namoyish qilishga qaratilgandi. Binobarin, virus bor-yo‘qligiga ahvoli yomonlashgan ko‘ngillilar test qilingan, xolos.

Qolgan ko‘ngillilar kuzatilmagan. Kimdir Covid-19 bilan og‘rib, infeksiyani simptomlarsiz o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, bu kasallanish statistikasiga qo‘shilmagan.

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, kasallikni simptomsiz o‘tkazayotganlar jami kasallanganlarning 86 foizini tashkil qilayotganini hisobga olsak, har bir qo‘yilgan diagnozga bir nechta hisobga olinmagan kasallanish holatlari to‘g‘ri keladi. Ko‘ngillilarning qanchasi (har bir preparat o‘rta hisobda 30-40 ming kishida sinalgan) shu tariqa kasallanagani ham ma'lum emas.

Gap shundaki, infeksiyaning bu yo‘l bilan tarqalishini kuzatish favqulodda qiyin yumush. Buning uchun amalda barchani – hali kasal yuqtirmagan sog‘lom odamlarni ham, kasallanib chiqqanlarni ham, vaksina olganlarni ham bir chekkadan test qilib chiqish kerak.

Bunga bir necha bor urinib ko‘rishgan. Faqat cheklangan ijtimoiy guruhlarda. Masalan, bir tajriba doirasida amerikalik shifokorlar, ijtimoiy soha xodimlari va “pandemiya bilan kurashish fronti zahmatkashlari”dan iborat ko‘ngillilar simptomlar bor-yo‘qligi va vaksina qilingan-qilinmaganidan qat'i nazar uch oy davomida har hafta koronavirusga test topshirib turishgan. Shunda vaksinaning ikki dozasi olingach, infeksiyaning organizmda qolish ehtimoli 25 barobarga kamaygan.

Shunga o‘xshash tajribalarni vaksina ishlab chiqaruvchilar ham o‘tkazishadi va ilk natijalar umidbaxsh. Masalan, Johnson & Johnson preparati infeksiyaning simptomsiz kechishini to‘rtdan uchga kamaytiradi.

Isroildagi ommaviy emlashlar borasidagi ma'lumotlarga ko‘ra, Pfizer-BioNTech vaksinasi bilan emlanganlarda virus yuklamasi (qondagi virus konsentratsiyasi) kasallanganda emlanmaganlarga nisbatan 4,5 barobar kamroq. Angliyaning Public Health England sog‘liqni saqlash xizmati tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijasiga ko‘ra, Pfizer yoki AstraZeneca’ning aqalli bir dozasini olgan odamlar o‘z oilasidagilarga ikki barobar kamroq kasal yuqtiradi.

Ayni natijalar shu kabi boshqa tadqiqotlarda ham kuzatilgan. Umuman olganda, mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, vaziyat ancha nekbin ko‘rinishda.

Nazariyot va amaliyot

Muammo shundaki, bu tadqiqotlar bir necha mantiqiy, lekin hali tasdiqlanmagan tajribalardir.

Masalan, bolalar va simptomlari bor voyaga yetganlarda virus yuklamasi simptomsiz bemorlarga nisbatan yuqoriroq. Shuning asosida olimlar kamroq virus yuklamasi bo‘lgan odamlar kamroq aksiradi va yo‘taladi va demakki, atrofdagilarni kamroq shikastlantiradi degan fikrdalar.

“Bugungi kunda qo‘lga kiritilgan ma'lumotlar emlanganlar Covid-19’ga chalinganda virus yuklamasi emlanmaganlarga qarshi pastroq bo‘ladi”, deb yuqori ishonch bilan aytish imkonini beradi.

Bunday holda emlangan odam emlanmagan odamni shikastlash ehtimoli ham past bo‘ladi. Vaholanki, infeksiyaning bunday shaklda yuqishini biz istisno qila olmaymiz”, deydi Vashington universiteti butunjahon sog‘liqni saqlash kafedrasi professori Barbara Richardson.

Masalaga uzil-kesil nuqta qo‘yib, emlanganlar va emlanmaganlar qay darajada virus tarqatishi mumkinligini aniqlash uchun kengroq ko‘lamda va barcha ijtimoiy aloqalarni diqqat bilan o‘rgangan holda tadqiq qilish kerak bo‘ladi.

Ana shunday tajribalardan biri Vashington shtatida o‘tkazilyapti: avvaliga mahalliy kollejlar talabalari orasidan ko‘ngillilar tanlab olinishi ko‘zda tutilgandi, keyinroq shtatning 18 va 30 yosh oralig‘idagi istalgan fuqarosi qatnashishiga ruxsati berildi. To‘rt oylik kechikish bilan vaksina olishga rozilik bergan ko‘ngillilar (yoxud emlanishdan voz kechganlar) amalda xuddi shu yoshdagi emlangan odamlarning nazorat guruhiga aylanadi.

Ikki guruhdagi ko‘ngillilar ham har hafta koronavirusga test topshirishadi, ularning yaqin kontaktlari haftasiga ikki bor topshirishadi. Olimlar esa, farqlarni o‘rganish bilan shug‘ullanishadi: virus ikki guruh ichida va o‘zaro qanchalar tarqaladi.

Umuman olganda, Stenford universiteti bioinjyeneriya laboratoriyasi rahbari, professor Maykl Linning ishontirishicha, o‘tkazilgan kuzatuvlar asosida qandaydir xulosalar chiqarish mumkin.

“Vaksinalar, shubhasiz, keyinchalik virusning yuqishidan asraydi va shikastlanish xavfini 79-88 foizga kamaytiradi. Biroq Singapur klasterlari emlangan odam kasallansa, boshqalarni shikastlab, u infeksiyani tarqatishda davom etishini ochiq-oydin ko‘rsatib turibdi. Ba'zan esa, (masalan, odamlar yopiq inshootlarda ovqatlanganda yoki suhbatlashganda) virus yuqishi yanayam samaraliroq bo‘ladi”, deydi Maykl Lin.

“Emlanganlar ko‘pincha simptomsiz kasallanishadi, lekin ularning aksari virus tashuvchisi bo‘lishadi”, deya so‘zlariga yakun yasaydi professor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xavf hatto emlangan va simptomsiz bemorlar organizmida virus ko‘payishda davom etadi va mutatsiyaga uchrashi ham mumkin hamda yana yuqaveradi – endi o‘zgargan holda.

Biroq JSSTdagilar BBC muxbiriga hali xavfsirashga asos yo‘qligini aytishgan: “Vaksinalarning samaradorligi, diagnostika testlari va hokazolar nuqtayi nazaridan turib qaraganda, virusning yangi variantlari qanchalar xavf tug‘idirishi mumkinligi haqidagi tadqiqotlar davom etmoqda, ammo ayni damda qo‘lga kiritilgan ma'lumotlarga ko‘ra vaksinalar samarador bo‘lishda davom etadi”.

Agar emlash kampaniyasi reja bo‘yicha ketsa, koronavirus pandemiyasi asta-sekin chekinadi va bora-bora shamollash, gripp va boshqa O‘RVI kasalliklari kabi oddiy mavsumiy infeksiyaga aylanadi.

Mutaxassislarning prognoziga ko‘ra, bu keyingi yozga qadar sodir bo‘lishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: