Milliy va xorijiy seriallar o‘rtasida sog‘lom raqobat bo‘lishi kerak

Jamiyat 17:15 / 10.08.2021 15492

1 avgustdan boshlab, O‘zbekiston telekanallarida xorijiy seriallar o‘rniga faqat milliy seriallarni namoyish etish tartibi kuchga kirdi. Bu haqdagi qaror Hukumat komissiyasining 2021 yil 28 yanvardagi yig‘ilishiga oid 135-son bayonida aks etgan.

Xo‘sh, axborot siyosatidagi taqiqlar zanjiriga kelib qo‘shilgan bu yangi cheklov qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? Nima uchun aynan bu masalada ham taqiqlash yo‘lidan borilmoqda? Bunday holat dunyo mamlakatlari tajribasida uchraydimi o‘zi? Umuman, Konstitutsiya va sohaga oid qonunchilikka bu qay darajada mos?

Kinoshunos Otabek Tillayev Kun.uz'ga taqdim etgan maqolasida shu mavzuda atroflicha so‘z yuritadi.

Nega taqiqlarga yopishib olyapmiz?

Texnika-texnologiya yuqori cho‘qqiga ko‘tarilgan bir davrda yashayapmiz. Shunday sharoitda ziyolilar qatlami televideniye orqali namoyish etiladigan teleseriallarning jamiyatga ta'siri masalasida fikr-mulohaza bildirishi, o‘zaro bahsga kirishishi tabiiy bir hol.

Aslida, xorijiy seriallarning muayyan millatga ta'siri masalasi u qadar yangi mavzu emas. Xalqaro miqyosda tarqatiladigan teledasturlarning, ayniqsa, dramatik asarlar va seriallarning tomoshabinlar milliy madaniyatiga ta'siri masalasi 1960 yillardan e'tiboran muhokama mavzusiga aylana boshlagan. 90 yillarning oxiriga kelib esa xalqaro aloqalar sohasida bu masalaga bag‘ishlangan qator tadqiqotlar paydo bo‘ldi.

Umumiy nuqtayi nazardan, ushbu tadqiqotlarda dasturiy sanoat rivojlangan G‘arb mamlakatlaridan, xususan, AQShdan «rivojlanayotgan» yoki «kam rivojlangan» mamlakatlarga bir yo‘nalishda intensiv dastur oqimining ta'siri «modernizatsiya» va «qaramlik» (1960-yillar), «madaniy imperializm» (1970-yillar), «o‘zaro globallashuv» (1980-yillar) va «madaniy homogenizatsiya» va «amerikalashtirish» (1990-yillar) tushunchalari bilan bog‘liq holda ko‘rib chiqiladi.

UNESCO soyaboni ostida tashkil etilgan «Yangi dunyo axborot va kommunikatsiya tartibi»ni yaratishdan ko‘zlangan maqsad ham madaniy tijoratda G‘arb gegemonligining oldini olish va shu tariqa rivojlanayotgan mamlakatlarning milliy o‘ziga xosligini saqlab qolish edi.

Xuddi shunday, O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng davlat va xususiy telekanallar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi, efir soati tarkibiy xilma-xilligini ta'minlash va auditoriyaning talab-ehtiyojlariga e'tibor qaratilishi ortidan xorijiy seriallarning efir hajmi sezilarli darajada oshib bordi.

O‘z navbatida, teleseriallar sonining ko‘payishi va jamiyat kun tartibining band etilishi serial va jamiyat munosabatlarini o‘rganish zaruriyatini paydo qildi. Ammo ortda qolgan mikro-tarixiy jarayonda bu ish bilan soha mutaxassislari va olimlar emas, «ma'naviyat himoyachilari» shug‘ullanib keldi.

Natijada «ma'naviyatchilar» tomonidan xorijiy seriallarning milliy madaniyatga ta'siri masalasi «olabo‘ji» qilib ko‘rsatildi va bu «olabo‘ji»ga qarshi aksariyat holatlarda juda kulgili va samarasiz usullar bilan kurashib kelindi.

Eng yomoni, biz bu masalada yaqin tariximizdan ham to‘g‘ri xulosa chiqara olmadik. Endi esa yana darrov taqiqlarga yopishyapmiz.

Bu cheklov Konstitutsiya va OAV qonunchiligiga qay darajada mos?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 67-moddasida, ommaviy axborot vositalari faoliyatida senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi qat'iy belgilab qo‘yilgan.

«Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasida ham senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi alohida ta'kidlanadi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida OAVni senzura qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. E'lon qilinayotgan xabarlar va materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek, ularning matni o‘zgartirilishini yoki butunlay nashrdan olib qolinishini (efirga berilmasligini) talab qilishga hech kimning haqi yo‘q.

Ayni shu qonunning 5-moddasida ham OAV erkinligi o‘z aksini topgan. Ya'ni davlat ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlaridan, mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.

Qolaversa, Konstitutsiyamizning 12-moddasiga asosan, hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas.

Yuqorida keltirilgan asoslardan kelib chiqib aytish mumkinki, xorijiy seriallarni efirdan olib tashlash talabi – Konstitutsiya va qonunlarga zid. Chunki muayyan kontent, xususan, xorijiy seriallar pornografik xarakterda bo‘lmasa yoki unda O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da'vat qilinmagan; urush, zo‘ravonlik va terrorizm, shuningdek, diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari targ‘ib qilinmagan; milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi axborot tarqatilmayotgan bo‘lsa, uni efirga uzatmaslikni talab qilib bo‘lmaydi.

Tomoshabin tanlov imkoniyatidan mahrum qilinadi

Ta'kidlab o‘tilganidek, O‘zbekistondan boshqa mamlakatlarda ham xorijiy seriallar va ularning millatga ta'siri masalasi e'tibor markazida bo‘lib kelgan va hozir ham shunday. Ammo masala shundaki, barcha mamlakatlar xorijiy seriallarni taqiqlash orqali, ularni efirdan butkul olib tashlash orqali ehtimoliy ta'sirning oldini olish yo‘lidan bormayapti. Bu amaliyot hatto eng yopiq mamlakatlarda ham deyarli uchramaydi.

Zotan, axborot makoniga qandaydir devorlar, simto‘siqlar qo‘yish imkonsiz bo‘lgan hozirgi sharoitda bu usul o‘zini oqlamasligi va hatto o‘ziga xos aks ta'sirni keltirib chiqarishi ham mumkin. Chunki insonning tabiati shunday: u taqiqlangan narsaga qiziqadi.

Agar bugun biz qaysidir serialni taqiqlasak yoki xorijiy seriallardan butkul voz kechib, saviyasi haminqadar bo‘lgan o‘z seriallarimizni auditoriyaga zo‘rma-zo‘raki tiqishtirish yo‘lidan borsak, kundan kunga safi siyraklashib borayotgan mavjud teletomoshabinni ham yo‘qotamiz. Eng kamida, uning didini o‘tmaslashtiramiz, uni tanlash imkoniyatidan mahrum qilgan bo‘lamiz.

Milliy va xorijiy seriallar o‘rtasida sog‘lom raqobat va muvozanat bo‘lishi kerak

Albatta, milliy seriallar yaratilishini har qanday aqli solim inson yoqlaydi. Chunki garchi ijod mahsuli bo‘lsa-da, u milliy mahsulot hisoblanadi. Ammo bizni uzoq yillardan beri qiynab kelayotgan muammo – seriallarning yaratilmayotgani emas, balki ularning sifati bilan bog‘liq bo‘lgan masaladir.

Milliy seriallar sifati – og‘riqli nuqtamiz ekani rost. Biroq hozir tushkunlikka tushadigan payt emas. Eshik-derazalarimizni taqa-taq yopib olib, qorong‘i xonada boshimizni changallagancha milliy serial yarataman, deb o‘zimizni zo‘riqtirishga ham hojat yo‘q, aslida. Chunki ijod, eng avvalo, erkinlikning mevasidir va unda bir-biridan ta'sirlanish, bir-biridan ulgi olish, tajriba almashishga tabiiy jarayon sifatida qaraladi.

Shu ma'noda, milliy seriallar masalasini ijodiy muhit ufqini kengroq olib, tizimli yondashuv bilan, sohaga professionallarni jalb qilish va ularni yetarlicha qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish orqali hal qilish mumkin. Shundagina milliy va xorijiy seriallar o‘rtasida o‘ziga xos raqobat va muvozanat muhiti shakllanadi.

Albatta, u yoki bu narsaning yaxshi-yomon ekani qiyos qilinganda, taqqoslanganda bilinadi. Xuddi shunday seriallarning sifat darajasi ham. Yillar davomida o‘tkir syujyetli, inson diqqatini ekranga mixlab qo‘yuvchi xorijiy kinoasarlarni ko‘rishga odatlangan, boring ana, odatlantirilgan auditoriyani zerikarli va tuzuk-quruq kompozitsion qurilishga ega bo‘lmagan saviyasiz milliy seriallar bilan tutib turib bo‘lmaydi. Buning imkoni ham yo‘q!

Qolaversa, hozirgi tomoshabinni nimanidir ko‘rish yoki ko‘rmaslikka hech kim hech bir shaklda majburlay olmaydi.

Cheklov telereklama bozoriga ham jiddiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin

Yaxshi ko‘rsatuvlar, yaxshi dastur-loyihalar, xususan, yaxshi seriallar – telereklama bozorining o‘ziga xos generatoridir. Tabiiyki, reklama beruvchi o‘z reklamasining tegishli auditoriyaga yetib borishini, o‘zi ham bunga ishonch hosil qilishni istaydi. U uchun eng maqbul tanlovlardan biri – millionlab auditoriyani ekran boshiga jamlaydigan dastur-seriallarning namoyish vaqtidir.

Qolaversa, ikkinchi tomon – xoh u davlat, xoh u xususiy telekanal bo‘lsin – mazkur jarayondan moddiy manfaat ko‘radi. Xorijiy seriallarning efirdan butkul olib tashlanishi bo‘yicha qo‘yilayotgan talab mana shu bozorga ham jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Xulosa

Biron masalada taqiqni yagona yechim deb bilish – eng oson va zararli tanlovdir. Chunki bugun qo‘yilgan bir cheklov ertaga boshqa bir taqiqning tug‘ilishiga sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Mashhur yozuvchi ta'kidlaganiday, bir marta sodir bo‘lgan narsa, ikkinchisiga sodir bo‘lmasligi mumkin, ammo ikkinchi kez sodir bo‘lgan narsa uchinchisiga, albatta, sodir bo‘ladi.

Otabek Tillayev,
kinoshunos

Ko‘proq yangiliklar: