Markaziy bank iyul oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni e'lon qildi.
Iyul oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari qoldig‘i 1 mlrd dollardan ziyodga ko‘payib, 35,1 mlrd dollarni tashkil etdi. 1 iyulda zaxiralar 34,1 mlrd dollarni tashkil etgan.
Bunda oltin miqdori 1,3 mlrd dollarga oshib, 21,5 mlrd dollarga yetgan.
Zaxiralardagi oltinning sof fizik hajmi 300 ming troya unsiyasiga yoki 9,3 tonnaga ko‘paygan. Avgust oyining boshida O‘zbekiston 11,8 mln troya unsiyasi yoki qariyb 367 tonna oltin zaxiralarini jamlagan.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 1 iyun holatiga, O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 35,5 milliard dollarni tashkil etgandi. Bu rasmiy zaxiralarning ilk marta 35 mlrd dollardan oshishi bo‘ldi. Bunga sabab sifatida jahon bozorida oltin narxlarining tiklana boshlashi ko‘rsatilgandi.