Xitoyda 15 amaldor aeroportda boshlangan koronavirus tarqalishi uchun jazolandi

Jahon 10:38 / 08.08.2021 6590

Global Times nashrining xabar berishicha, jazoga tortilganlar orasida Nankin vitse-meri Xu Vanszin bor. U epidemiyani nazorat qilishda o‘z majburiyatlarini tegishlicha bajara olmagani uchun jarimaga tortilgan. Shuningdek, mahalliy sog‘liqni saqlash komissiyasi rahbari Fan Chjunyu sifatsiz ishi uchun lavozimidan olingan va unga “jiddiy ogohlantirish” berilgan.

Olib borilgan tergov natijasida Eastern Airports xalqaro kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Van Chao hibsga olingan. Ushbu kompaniya aeroportda kasallanishlar ortidan nazorat olib borish bilan shug‘ullanadi.

Ta’kidlanishicha, jazoga tortilganlar soni oshishi mumkin, chunki yana bir necha kishiga nisbatan tergov olib borilmoqda.

Nankin aeroporti Lukou Xitoyda koronavirusning yangi avj olishi o‘chog‘iga aylandi. Virusning bu yerda aniqlangan “delta” shtammi mamlakatning 20dan ko‘proq shahrida tarqaldi.

Aeroportda virus bilan ilk kasallanish holatlari 20 iyul kuni qayd etilgan. Taxmin qilinishicha, bunga Air China aviakompaniyasining 10 iyulda Rossiyadan uchib kelgan samolyotini tozalagan ishchilar sabab bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, ular tozalash ishlari vaqtida shaxsiy dezinfeksiya me’yorlarini buzgan bo‘lishlari mumkin. Natijada ular virusni boshqa hamkasblariga yuqtirishgan.

Ko‘proq yangiliklar: