Behzod Hoshimov - xususiylashtirishdagi nozik nuqtalar haqida

Iqtisodiyot 08:01 / 08.08.2021 19074

AQShning Viskonsin universiteti biznes-maktabi doktoranti, iqtisodchi Behzod Hoshimov Kun.uz'ga bergan intervyusida xususiylashtirish jarayonidagi nozik nuqtalar haqida so‘zlab berdi.

“Umuman, 1991 yildan de-yure mamlakatda xususiylashtirish jarayoni ketmoqda. Qachondir hamma narsa davlatniki bo‘lgan, hozir esa ko‘p narsalar xususiy. Ba'zi mulklarni xususiylashtirish 5-6 marta amalga oshirilgan. Bunga yana qayta milliylashtirish sabab bo‘lgan.

2017 yildan keyin mamlakatda xususiylashtirish tezlashdimi degan savolga aniq javob bera olmayman, chunki 1991-1997 yillarda bu jarayon tezroq amalga oshirilgan. Buni o‘sha paytlarda hattoki oddiy novvoyxonalar ham davlatniki bo‘lgani bilan ham izohlash mumkin”, – deydi u.

Iqtisodchining aytishicha, xususiylashtirishning asosiy maqsadi – samaradorlikni oshirish. Buni esa to‘g‘ri tashkil etilgan auksionlar orqali amalga oshirish kerak.

“Bunda korxonalar yoki mulk samarasiz davlatdan samarasi ko‘proq odamga topshirilishi kerak. Bu jarayon adolatli va shaffof bo‘lishida undagi elementlar judayam muhim.

Albatta, xususiylashtirishning eng yaxshi metodi bu – auksion qilish. Eng yomon metodi esa sub'yektiv xususiylashtirish yoki adabiyotlarda “go‘zallik tanlovi” deyiladi. “Go‘zallik tanlovi”ning yomon tomoni – xususiylashtirish byurokratlarning sub'yektiv fikri natijasida amalga oshirilishidir. Bu jarayonda ular o‘z aqliga tayanib korxonalarni tanlashadi.

“Go‘zallik tanlovi” – O‘zbekistonda judayam keng tarqalgan va ularda davlat mulklarining xususiylashtirilishi sub'yektiv tarzda amalga oshirilgan. Byurokratlar qaysidir mulk aynan qaysidir korxonaga berilishini belgilashgan va boshqa potensial xaridorlar haqida ma'lumotga ham ega bo‘lmaganmiz.

Auksion – ishtirokchilar ma'lumligi va narxlar ko‘rsatilishi sababli ancha shaffofroq va bu eng yaxshi xususiylashtirish metodi. Shu bilan birga, auksionlarning turli xil ko‘rinishlari mavjud va ular bir-biridan farq qiladi.

Kim ko‘p mablag‘ taklif qilsa, sotilayotgan buyum o‘shanga beriladigan ingliz auksionini olaylik. Bunda bir kishi 100 so‘m, ikkinchisi esa 200 so‘m taklif qilsa, men o‘z mulkimni 200 so‘m bermoqchi bo‘lgan odamga sotaman. Ammo davlat yoki sotuvchi bu buyumning asl narxini baholay olmaydi. Chunki odamlarning qancha pul taklif qilishi mumkinligini bilish imkonsiz. Davlat 300 so‘mga baholayotgan mulkni, xaridor 1000 so‘mgayam baholashi mumkin. Kimoshdi savdoda ham odamlar yetarlicha bo‘lmasa, mulkni arzonroq sotib olish mumkin. Siz 1000 so‘mga sotib olishga rozi bo‘lsangiz, boshqalar 200 so‘m taklif qilsa, siz 210 so‘m taklif qilib, sotilayotgan mulkni ancha arzonga ham olishingiz mumkin. Bu – davlat uchun muammo, chunki arzon sotilyapti.

Agar 3ta odam ishtirok etayotgan bo‘lsa, eng yuqori narx taklif qilayotgan odamning pastdagi 2ta odam bilan kelishishi narxni pasaytirib yuboradi. Bu – birinchi muammo. Bu kabi holatlar hamma auksionlarda bo‘lgan va bunga qarshi turli mexanizmlar o‘ylab topilgan. Shulardan biri – narxlarni konvertning ichida taqdim qilish.

Konvert usulida ishtirokchilarning o‘zlari kim qancha taklif qilayotgani haqida ma'lumotga ega bo‘lmagan. Natijada ular bir-birini tanimaydi, bir-biri berayotgan narxlarni bilmaydi va kelishib olish qiyin. Shu sabab ishtirokchilar o‘zlari to‘lashi mumkin bo‘lgan eng katta narxni taklif qilishi mumkin.

Ammo bunda ham qatnashchi o‘zining xohishini to‘la ifoda qilmasligi mumkin. Agar siz 1000 so‘m taklif qilmoqchi bo‘lsangiz ham, qolganlar 200 yoki 300 so‘m baholashi mumkin degan o‘y bilan, o‘zingizga qimmat baholayotganday tuyulasiz va kam narx taklif qilasiz. Natijada siz 200 so‘m deb yozasiz va 210 so‘m taklif qilgan odamga mulk o‘tib ketadi. Keyin siz mulkni qaytadan 300 so‘mga sotib olasiz. Chunki bu narx sizga baribir qulay. Bu esa yomon auksion hisoblanadi.

Bundan tashqari, ikkinchi narx auksionlari ham bor. Masalan, Rossiyadagi “Signal Invest” degan korxonani shu usulda sotishgan. Hamma qatnashchilar sirli ravishda o‘zlari taklif qilgan narxni beradi, eng baland narx taklif qilgan odamga mulk o‘tadi, lekin ikkinchi eng baland taklif qilingan narxda. Shunda sizda asl bermoqchi bo‘lgan narxingizni berkitishga rag‘bat qolmaydi. Siz 1000 so‘m deb konvertga yozganingiz bilan, ikkinchi eng katta narx 800 so‘m bo‘lsa, shuncha mablag‘ to‘laysiz.

Ikkinchi narx metodi Sharqiy Yevropaning ko‘p mamlakatlarida ishlagan va mulklar ancha qimmatga sotilgan. Shu ko‘rinishdagi auksionlar o‘tkazish biz uchun ham foydali bo‘ladi.

Auksionlar nazariyasi – yetarlicha murakkab fan. Shu sababli sotilayotgan korxonaning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, alohida auksion dizayni qilinishi kerak, xuddi kimgadir moslab kostyum tikkandek. Bitta qolip hammasiga o‘tadi degani emas”, – deydi iqtisodchi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2021–2025 yillar oralig‘ida davlat ishtirokidagi korxonalar soni 75 foizga qisqartirilishi e'lon qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: