“Sputnik” ucha olmadi. Vaksinaning dunyo bo‘yicha shartnomalari bekor bo‘lmoqda

Jahon 15:11 / 05.08.2021 56825

O‘tgan haftada Boliviya poytaxti La-Pasda norozi aholi guruhlari to‘plandi. Ular Miraflores va Irpavi tumanlarining kvartallariga kirish yo‘llarini to‘sib qo‘yib, mutasaddilardan "Sputnik V"ning ikkinchi dozasini berishni talab qilishdi.

Ularni yo‘llar to‘silgan hududda joylashgan UMSA universitetining tibbiyot fakultetida emlashlari lozim edi. Lekin norizo boliviyaliklarni emlashga vaksina yo‘q. Boliviya rasmiylari Rossiyadan kelayotgan vaksina yetmayotganini ma'lum qilishgan.

2020 yilning oxirida imzolangan shartnomaga ko‘ra, Boliviya may oyi oxiriga qadar 5,2 million doza “Sputnik” vaksinasini olishi kerak edi. Iyul oxirigacha kelishilgan hajmning atigi to‘rtdan bir qismi yetkazib berildi. 30 iyungacha 745 ming doza keltirilgan bo‘lsa, iyulning ikkinchi yarmidan boshlab yana 525 ming doza yetkazildi. Keyin 200 ming dozalik partiya ushlanib qolayotgani aytildi.

Boshqa mamlakatlar kabi Boliviyaga ham vaksina birinchi doza uchun yetkazib berilgan va bu ularni murakkab holatga qo‘ymoqda – “Sputnik”ning ilk dozasi bilan emlanib bo‘lganlarning immunizatsiyasini tugatish uchun vaksina yo‘q. Mutasaddilar shundoq ham dozalar orasidagi muddatni ikki karra uzaytirishdi.

Bu “Sputnik” vaksinasining turli qit'alardagi turli davlatlarga yetkazib berishda uzilishlar kuzatilayotganiga navbatdagi misoldir. Boliviya shartnoma shartlari bajarilmayotganini ma'lum qilgan ko‘plab davlatlarning biri, xolos. Boshqa bir necha davlatlar kabi “Sputnik”ning ikkinchi dozasi yetib kelmayotgani bois, Boliviya ham bu preparatni boshqa vaksinalar bilan aralash qo‘llash haqida o‘ylamoqda.

Vaksina yo‘qligidan noroziligini ifoda qilgan ilk davlat Gvatemala bo‘lgandi. Iyun oyi oxirlarida mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Ameliya Flores Moskvadagilardan aprelda 16 million dozaga bo‘nak sifatida to‘langan 79 million dollarni qaytarishni so‘radi. Gvatemala hukumati ma'lumotiga ko‘ra, iyun oyi oxirigacha 150 ming doza yetkazib berilgan, xolos.

Gvatemala SSVning demarshi katta ta'sir o‘tkazgani yo‘q. Vazirning bayonotidan so‘ng Rossiya Gvatemalaga 200 ming doza vaksina jo‘natdi. Keyinroq yana shuncha “Sputnik” keldi. Rossiyaning Gvatemaladagi elchisi muammoni yechish uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilishini aytdi.

Hozircha faqat moliyaviy yechim topildi. 27 iyul kuni Gvatemala prezidenti Alexandro Jiammatei uning davlati “Sputnik”ning kelishilgan 16 millionlik dozasining teng yarmini olmasligini ma'lum qildi. Bo‘nak Rossiyada qoladi, biroq Gvatemala boshqa pul bermaydi.

Ilk kelishuv 18 million aholiga ega Gvametalaning yarim aholisini vaksinatsiya qilish imkonini berardi. Endilikda Jiammatei ta'kidlaganidek, mablag‘ boshqa vaksinalar sotib olishga yo‘naltiriladi.

“Vaksina kokteyllari – kelajakdagi ish”

Angoladan tortib to Ekvadorgacha “Sputnik” vaksinasi ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq 70 kelishuv va ko‘p millionli (doza va dollarda) shartnomalar Rossiyaning “vaksina diplomatiyasi” yuritayotgani haqidagi gap-so‘zlarga sabab bo‘ldi. Axir so‘nggi yillarda ilk bor bunday keng frontda savdo hamkorligi yo‘lga qo‘yilayotgan va bu harbiy soha emasdi.

“Sputnik”ni zarur miqdorda ishlab chiqarish bilan bog‘liq muammolar qishdayoq bo‘y ko‘rsatgan, ammo 2021 yilning martida Rossiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RFPI) rahbari Kirill Dmitriyev Rossiyadan tashqari 700 million kishini vaksina bilan ta'minlash imkoni borligini ta'kidlab bayonot bergandi. Biroq iyulga kelib Rossiya vaksinasini kutayotgan ko‘plab davlatlar shartnomada ko‘rsatilgan miqdorning bir necha foizini olishdi, xolos.

RFPIning tvitterdagi hisobida “Sputnik”ni boshqa vaksinalar bilan birga qo‘llash haqida ham gap ketgan. RFPI bunday tajribalarni yoqlaydi. “Biz har doim vaksina kokteyllari kelajakda amalga oshiriladigan ish, deb aytib kelganmiz. Biz barcha vaksina ishlab chiqaruvchilariga kovid mutatsiyalariga qarshi preparatimizdan foydalanishni taklif qilamiz”, deyiladi postlarning birida.

Vaksinalarni aralash qo‘llash g‘oyasi “Sputnik”ni yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar tufayli tug‘ilganini RFPI esga olmagan ham.

Ikkinchi dozani kutish

Argentina xorij davlatlari orasida Rossiya vaksinasiga eng birinchi va eng katta buyurtma bergan davlat edi – Rossiya bu «kumush» mamlakatga 11 million doza “Sputnik” yuborgan. Argentina “Sputnik” bilan emlashni yanvarning o‘rtalarida boshlagan va immunizatsiya tempi bo‘yicha Rossiyaning o‘zidan ham ilgarilab ketdi. Aynan Argentinadagi immunizatsiya statistikasi “Sputnik”ning samaradorligi va nojo‘ya ta'sirlari borasidagi ilk mustaqil tadqiqot natijalarini taqdim qildi.

Biroq yetkazib berish grafigiga ulgurmaslik (Argentina rasmiylari 10 million doza fevral oxirlarigacha yetkazib berilishini xabar qilishgandi) juda tez ayon bo‘ldi. Alaloqibat iyul o‘rtalariga kelib vaksinaning ikki dozasini olganlar 2,5 million kishini, birinchi dozasini olganlar esa 6,8 million kishini tashkil etdi. Bir million argentinalik esa birinchi dozani olib, ikki doza o‘rtasida o‘tishi kerak bo‘lgan maksimum muddat bo‘lmish uch oyni o‘tkazib yuborishdi.

Majburiy kombinatsiya

Argentinaning to‘rt provinsiyasida “Sputnik”ni boshqa vaksinalar bilan aralash qo‘llash bo‘yicha cheklangan sinovlar boshlandi.

Buenos-Ayresdagi tajribalar nihoyasiga yetdi. Samarani baholash uchun “Sputnik” bilan emlangan 180 kishi tanlab olingandi. Ularning uchdan biri ikkinchi doza sifatida “Sputnik”, yana uchdan biri “Astra-Zeneka”, qolganlari esa “SinoFarm” vaksinalarini olishdi. So‘nggi xabarlarga ko‘ra esa, vaziyat taqozosiga ko‘ra, Argentina rasmiylari “Moderna” vaksinasini ham tajribaga qo‘shishmoqchi.

Buenos-Ayres hududi Sog‘liqni saqlash vaziri bayonotiga ko‘ra, bu kabi aralash emlashlarning nojo‘ya ta'sirlari haqida emlashdan 2-3 kun o‘tib xulosa qilish, “kokteyl”larga immun javoblarni tahlil qilish mumkin bo‘ladi. Ammo buni amaliyotga qachon tatbiq etish mumkin bo‘lishi haqidagi kutilmalar aniq emas: mahalliy sinovlarning barcha natijalari sog‘liqni saqlash sohasidagi milliy regulyator tomonidan tasdiqlanishi shart.

Meksika, Eron, yana qayer?

Ayni muammo mintaqaning boshqa davlatlarida ham bor. Xabarlarga ko‘ra, “Sputnik”ni boshqa vaksina bilan aralash qo‘llash haqida Paragvay ham bosh qotirmoqda. Paragvay rasmiy Moskva bilan bir million doza vaksina sotib olish borasida bitim qilgan, lekin hozirda faqat 380 ming doza olgan va bu vaksinalar qo‘llab bo‘lingan. Avgustning ilk haftasida, Infobae nashrining hisob-kitobiga ko‘ra, 40 ming paragvaylik ikkinchi dozani olishi kerak edi, lekin vaksina yo‘q.

“Sputnik”ning eng yirik buyurtmachilaridan biri Meksika. Biroq mamlakat prezidenti Manuel Lopes Obrador 24 million doza yetkazib berish uchun tuzgan shartnomaga qaramay (xabarlarga ko‘ra, iyun oxirigacha) Meksikaga 4,1 million doza vaksina yetkazilgan, xolos. La Silla Rota nashri hukumat manbalariga tayangan holda Rossiya kelishuv bo‘yicha may oxirigacha yetkazilishi kerak bo‘lgan vaksinaning 88,5 foizini yetkazib bermagan.

“Sputnik”ni yetkazib berish bo‘yicha muammolar Eronning ham boshiga tushgan. Fevralda Eronning Rossiyadagi elchisi Kozim Jaloliy jurnalistlarga birinchi fazada Tehronga 5 million doza vaksina yetkazib berishga kelishilgani haqida xabar qilgandi. Keyinroq mahalliy OAV gap 2 million doza haqida ketgani va uning yarmi mart oyining ikkinchi yarmigacha yetkazib berilishi shartligi haqida xabar topgan. Amalda esa, mart oyida 500 ming doza vaksina kelgan.

Iyunga kelib “Sputnik”ning to‘qqizinchi partiyasi yetkazib berilishi haqida xabarlar tarqaldi. Lekin o‘shanda ham umumiy hisobda 920 ming doza jo‘natildi – bu esa, 2 millionning yarmi ham emas. Iyun oxirlariga kelib mutasaddilar “Sputnik”ni Eronda ishlab chiqarish rejalari haqida ma'lum qilishdi. Bu ro‘y bersa, Eron Yaqin Sharq davlatlari orasida Rossiya vaksinasini ishlab chiqaruvchi birinchi mamlakatga aylanadi.

“Sputnik” vaksinasini olish bo‘yicha, shuningdek, Afrika davlatlari, Markaziy Amerika mamlakatlari ham qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Rossiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RFPI) va'dalar berishda davom etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: