O‘zbekistonda Health Buddy+ chat boti ishga tushirildi

Jamiyat 17:46 / 05.08.2021 6372

Koronavirus hamda vaksinalarga doir eng yangi ma'lumotlarni birinchi qo‘ldan bilish imkoniyatini beruvchi Health Buddy+ boti O‘zbekistonda ham ish boshladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi UNICEF va JSST bilan hamkorlikda COVID-19 bo‘yicha tasdiqlangan ma'lumotlar bilan o‘z vaqtida tanishish imkonini beruvchi Health Buddy+ chat botini O‘zbekistonda ishga tushirdi.

«Noto‘g‘ri ma'lumotlarni tarqatish – bu COVID-19’ga qarshi kurashdagi eng katta muammolardan biri. Aniq va tasdiqlangan ma'lumotlarga ega bo‘lish imkonini beradigan ushbu vosita undan foydalanuvchilarga COVID-19 haqida xabardor bo‘lishga hamda virus va COVID-19 vaksinalari haqidagi mish-mishlarga ishonmasliklariga yordam beradi deb umid qilamiz», – degan O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari Nurmat Otabekov.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi hamda UNICEF vakolatxonasi tomonidan ishlab chiqilgan Health Buddy+ mintaqadagi mamlakatlarga COVID-19 to‘g‘risidagi dalillarga asoslangan axborot bilan tanishish hamda mish-mishlar va noto‘g‘ri ma'lumotlar haqida xabar berishda faol ishtirok etish imkonini taqdim etish maqsadida ishlab chiqilgan. U Yevropa va Markaziy Osiyo malakatlarining mahalliy tillarida tayorlangan.

«Health Buddy+ O‘zbekistonda ishga tushirilishi koronavirus va unga qarshi vaksinalar to‘g‘risida ishonchli manbalarni taqdim etish orqali bu mavzu atrofida tarqalayotgan noto‘g‘ri ma'lumotlar tarqalishini bartaraf etish va shu yo‘l bilan COVID-19’ga qarshi choralar samaradorligini oshirishga yordam beradigan yana bir muhim bosqichdir», – degan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Liann Kuppens.

«Health Buddy+ chat boti foydalanuvchilarning ularni qiziqtirgan savollariga maksimal darajada javob berishga mo‘ljallangan. Agar javob bo‘lmasa, mutaxassislar guruhi ushbu savol bo‘yicha yangi ma'lumotlar paydo bo‘lishi bilanoq chat botdagi ma'lumotlarni yangilaydilar. Health Buddy+ jamoalarga COVID-19 haqida aniq, foydalanuvchilar uchun qulay shakldagi ma'lumotlarni taqdim etib, qaror qabul qilishda yordam beradigan vosita bo‘ladi, deb umid qilamiz. Oxir-oqibat, bu jamoalarga oilalar hamda bolalarni pandemiya paytida va undan keyin COVID-19, shuningdek vaksinalar to‘g‘risida noto‘g‘ri ma'lumotlardan himoya qilishga yordam berishi mumkin», – dedi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.

Chat bot pandemiya bilan bog‘liq turli mavzulardagi, jumladan COVID-19 simptomlari, yuqish yo‘llari, niqobdan foydalanish, jismoniy masofa saqlash, ruhiy salomatlik va vaksinani ishlab chiqish bo‘yicha ma'lumotlarni to‘playdi. Virus va u bilan kurash borasidagi yangi ma'lumotlar chat botda doimiy ravishda yangilanib boradi.

Health Buddy+ quyidagi veb-sahifalarda mavjud: www.sanepid.uz; www.yumh.uz

Shuningdek, Telegram bot shaklida: @HealthBuddyBot orqali o‘zingizni qiziqtirgan ma'lumotlarni olishingiz mumkin bo‘ladi. 

Ko‘proq yangiliklar: